O‘zbekiston | 11:11 / 29.04.2021
8169
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligi Chiroqchida ayollarning maktab binosi qurilishi uchun yo‘l yopishi hodisasiga munosabat bildirdi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Xalq ta'limi vazirligi Chiroqchida ayollarning maktab binosi qurilishi uchun yo‘l yopishi hodisasiga munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, Chiroqchida YTH sodir bo‘lgan hududda maktab qurilishi bu yilgi dasturga kiritilgan va avvalroq bundan aholi xabardor qilingan.

Munosabatda yozilishicha, prezidentning 2020 yilning 12–13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ajratilgan qo‘shimcha mablag‘ hisobiga mazkur hududda 99-maktab filiali o‘rniga 176 o‘rinli to‘laqonli maktab yangi o‘quv yiligacha qurilishi rejaga kiritilgan va bu haqda hudud aholisi xabardor qilingan. Ayni damda maktabning loyiha-smeta hujjatlari tayyor va maktab qurilishi bo‘yicha tenderga qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, yangi maktab qurilishi natijasida Istiqlol mahallasining bolalari yo‘lni kesib o‘tmasdan o‘zining hududidagi maktabga qatnash imkoni bo‘ladi va ushbu maktab filialiga to‘laqonli maktab maqomi beriladi.

«Fursatdan foydalanib, aziz ota-onalardan farzandingizni serqatnov yo‘llardan maktabga borishida nazoratga olishingizni, haydovchilardan esa piyodalar yo‘lakchalariga yaqinlashganda tezlikni kamaytirib, diqqatni oshirishni, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida A-378 «Samarqand — G‘uzor» avtomobil yo‘lidan Samarqand tomon harakatlanib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 7 yoshli qizchani urib yuborgan. Oqibatda u vafot etgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qizcha qo‘shni qishloqdagi maktabning tayyorlov guruhiga borayotgan bo‘lgan. Shundan so‘ng qizchaning hamqishloqlari bo‘lgan bir guruh ayollar o‘zlarida ham maktab qurib berilishini talab qilib, A-378 «Samarqand — G‘uzor» avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur masalani o‘z nazoratiga olganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid