Jamiyat | 22:01 / 03.05.2021
2259
2 daqiqa o‘qiladi

Asaka tumanida bank xodimlari 158 nafar fuqaroning pensiya va nafaqa pullarini talon-toroj qilgani aniqlandi

Andijon viloyati Asaka tumanida sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari 90,3 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini talon-taroj qilgani aniqlandi. Bu haqda prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.

AT «Xalq banki» Andijon viloyati filialining murojaatiga asosan bankning Asaka filiali sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan. 

Tekshiruvda bankning Asaka filiali sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari N.Q. va S.R. 158 nafar fuqaroning jami 90,3 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini tarqatmasdan, to‘lov qaydnomalarida imzolarni soxtalashtirib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shuningdek, bank filialining sobiq rahbari U.Yu. va boshqalar «E.D.» MChJ tomonidan bankda mablag‘ni to‘liq so‘ndirish uchun to‘langan 58 mln so‘mni bankka kirim qilmasdan o‘zlashtirgani, qilmishlarini yashirish maqsadida notarial idoraga soxta hujjatlar taqdim qilib, garovdagi mulkka qo‘yilgan taqiqni bekor qilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Andijon tumani zaxirasiga xarid qilingan 646,6 mln so‘mlik 149 tonna kartoshka sotib yuborilib, sotuvdan tushgan pullar talon-toroj qilinganini haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid