Jamiyat | 14:45 / 15.05.2021
11524
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda soxta Milliy gvardiya xodimi qo‘lga olindi

Buxoroda o‘zini Milliy gvardiya xodimi deb tanishtirib, fuqarodan pul undirgan shaxs qo‘lga olingan.

Milliy gvardiya axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Vobkent tumanining «G‘aribshoh» mahallasida yashovchi 21 yoshli shaxs o‘zini Buxoro shahrida yashovchi fuqaroga Milliy gvardiya xodimi sifatida tanishtirib, huquqbuzarligi yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga undan 200 ming so‘m talab qilgan.

Soxta xodim ushbu pullarni Buxoro shahridagi savdo do‘koni oldida olayotgan vaqtida Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi va Buxoro shahar IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan soxta xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining soxta xodimi, soxta o‘t o‘chiruvchilar va IIB xodimi, Toshkent viloyatida soxta «GAI» xodimi, Sirdaryoda soxta prokuror, Toshkentda soxta Milliy gvardiya mayori, Qashqadaryoda Milliy gvardiyaning soxta xodimi, Surxondaryoda o‘zini «ichki ishlar organi mayori» deb tanishtirib yurgan soxta xodim qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid