O‘zbekiston | 20:41 / 24.05.2021
12856
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz sayti xodimlarining Telegram akkauntiga buzib kirishga urinish holatlari takrorlandi

Kun.uz sayti xodimlarining Telegram akkauntlarini buzib kirishga bo‘lgan urinish holatlari davom etmoqda.

So‘nggi bir oy davomida Kun.uz saytida faoliyat olib boruvchi 3 nafar mas'ul xodimga tegishli bo‘lgan Telegram akkauntlarni buzib kirishga bo‘lgan urinish holatlari takrorlandi.

Ajablanarlisi, bu jarayonda Telegram messenjerining majburiy qoidalariga zid ravishda akkaunt egalari (Kun.uz xodimlari)ning akkauntiga ham, telefon raqamiga ham tasdiqlash kodi yetib kelmagan.

Navbatdagi ikki xodimning Telegram'iga kirishga urinishlarning biri noma'lum shaxslar uchun muvaffaqiyatli yakunlangan. Xodimning Telegram'iga kirish yarim tunda, aniqrog‘i tungi soat 01:30larda sodir bo‘lgan va tonggi 04:00larga qadar (xodim buni sezib qolganiga qadar) uning shaxsiy yozishmalarini ko‘zdan kechirishga ulgurishgan.

11 mayga o‘tar kechasi yana bir xodimning Telegram akkauntini buzib kirishga urinish kuzatildi. Yana soat 1:30 atrofida amalga oshirilgan urinish Telegram messenjerining ikki bosqichli autentifikatsiya funksiyasi faollashtirilgani tufayli oxiriga yetmay qolgan. Ushbu xodim telefon raqamiga tasdiqlash kodi kelmagani bo‘yicha izoh olish uchun mobil aloqa operatoriga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo kompaniya xodimlari vaziyatni izohlay olishmagan.

Shu bilan birga, aynan shu xodimning Gmail pochtasiga buzib kirilgan, ammo pochtaga ulanmagani tufayli Telegram akkauntni buzib kirishga muvaffaq bo‘linmagan.

Shu yil aprel oyida tahririyat xodimining Telegram'iga noma'lum foydalanuvchilarning kirgani holatini taftish qilishni so‘rab xodim AKT vazirligiga murojaat yo‘llagandi. Mazkur murojaat ayni damda vazirlik tizimiga qarashli mas'ul idora tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kiber hujumlardan himoyalash uchun mas'ul bo‘lgan idoralardan ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan shaxs(lar)ni aniqlashda amaliy yordam berishni so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid