Jamiyat | 15:00 / 27.05.2021
18620
2 daqiqa o‘qiladi

Kelesdagi 26-maktab direktoriga nisbatan sud jarayoni boshlandi. U maktab oldidagi qurilishga qarshi chiqqani ortidan tergovga tortilgandi

Toshkent viloyati prokuraturasi Toshkent tumanidagi 26-maktab direktori Saida Hoshimova 173 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida rasmiy xabar tarqatgandi.

Foto: KUN.UZ

26 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudida Kelesdagi 26-maktab direktori Saida Hoshimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda sudlanuvchining turmush o‘rtog‘i Kun.uz muxbiriga ma'lum qilgan.

Dastlabki sud majlisida tomonlar tanishtiruvi va prokuror ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan.

Voqealar xronologiyasi

Saida Hoshimova o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan 26-maktab oldidagi qurilishga qarshi chiqqanidan so‘ng tadbirkor va mahallaning bir nechta a'zolari uning ustidan prokuraturaga shikoyat qilishadi. Shikoyat vaj qilinib, prokuratura va boshqa tashkilotlar tomonidan maktab direktorining faoliyati tekshiriladi.

Shu yil 16 aprel kuni Toshkent viloyati prokuraturasi Toshkent tumanidagi 26-maktab direktori 173 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida rasmiy xabar tarqatgan.

Bu xabardan tushkunlikka tushgan maktab direktori Kun.uz’ga murojaat qilib, jinoyatchi emasligini, 173 million so‘mni talon-toroj qilmaganini, mahalla, hokimlik va prokuratura bosim qilib, unga qarshi birlashib ish ko‘rayotganini ma'lum qilgan edi.

Shundan so‘ng Saida Hoshimova jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining 21 apreldagi ajrimi bilan lavozimidan chetlatilgan.

30 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudi tuman prokurori A.Nazarovning iltimosnomasini qanoatlantirib, Saida Hoshimovaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risida ajrim chiqargandi.

Navbatdagi sud majlisi 1 iyun kuni soat 9:30 ga belgilangan.

Kun.uz mazkur sud jarayonlarini yoritib borishni reja qilgan.

Mavzuga oid