O‘zbekiston | 18:29 / 08.06.2021
12313
4 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchidagi qishloqlardan birining aholisi chiroq berilishini talab qilib, temir yo‘lni to‘sib qo‘ydi

Kecha, 7 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Eski Anhor mahallasi Obodon qishlog‘i aholisi elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlardan norozi bo‘lib, temir yo‘lni yopib qo‘ygan. Hodisa yuzasidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ axborot-tahliliy media markazi munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 7 iyun kuni Chiroqchi tumani Eski Anhor mahallasi Obodon qishlog‘i aholisi «Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Ayratom temir yo‘l bekati hududida yig‘ilgan va temir yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Shu tariqa qishloq aholisi elektr energiyasi ta'minotidagi qoniqarsiz ahvolga shu tariqa norozilik bildirgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qishloq ahli temir yo‘lni yopib, Chiroqchi tumani hokimi Xurram Jo‘rayevdan elektr energiyasi ta'minotidagi qoniqarsiz ahvolni yaxshilash va qishloqqa yangi transformator o‘rnatib berishni talab qilgan.

Qayd etilishicha, 7 iyun kuni soat 9:00da tuman hokimi turli muammolar, shu jumladan, elektr energiyasi ta'minotidagi qoniqarsiz ahvol xususida gaplashib olish uchun qishloqqa kelishi lozim bo‘lgan. Ammo hokim aytilgan vaqtda kelmagan. Shundan so‘ng qishloq ahli yig‘ilib, temir yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni soat 10:48da Toshkent-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi Ayratom bekati hududidan o‘tishi lozim bo‘lgan. Poyezd kelishidan taxminan 28 minut oldin tuman hokimi Ayratomga yetib kelgan va temir yo‘lni to‘sib o‘tirgan aholini mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga boshlab ketgan. Shundan so‘ng «Afrosiyob» poyezdi belgilangan jadval bo‘yicha o‘z vaqtida Ayratom bekati hududidan o‘tib ketgan. Poyezd o‘tayotgan vaqtda hech qanday ko‘ngilsiz hodisa yuz bermagan.

Ta'kidlanishicha, hokim va aholi o‘rtasidagi uchrashuvda Ayratomdagi muammolar atroflicha muhokama qilingan, aholiga tushuntirish ishlari olib borilgan.

Kun.uz mazkur hodisa yuzasidan izoh olish uchun Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sobit Rayimqulov bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, haqiqatdan Obodon qishlog‘ida transformatorning eskirgani sababli elektr ta'minoti masalasida muammolar bo‘lgan. Kecha tuman hokimi aholi bilan uchrashganda shu muammolarni hal qilishga va'da bergan. Shuningdek, hodisa joyiga «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilari ham yetib kelgan va Obodon qishlog‘idagi elektr energiyasi ta'minotidagi qoniqarsiz holatni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha tuman hokimining qishloq aholisi bilan uchrashuvga kechikib borgani haqidagi ma'lumotlar to‘g‘ri emas. Aholi elektr energiyasi ta'minotidagi qoniqarsiz ahvol uchun yo‘lni to‘sgan va bu holatni eshitgan tuman hokimi zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan.

Mavzuga oid