Business class | 21:03 / 03.07.2021
207281
7 daqiqa o‘qiladi

«Qachongacha Ilon Maskning raketalariga qarab o‘tiramiz?» - kosmosga stratostat uchirgan o‘zbek yigiti hikoyasi

O‘zbekiston tarixida ilk marta kosmosga mini sputnik uchirgan o‘zbekistonlik yosh ixtirochi 42 ming metr balandlikdan Yerni tasvirga oldi. «Muvaffaqiyatsiz parvozlar ortidan muvaffaqiyatsizlik kosmosni zabt etish maqsadimga motivatsiya berdi. Olti marta stratosferaga stratostat uchirdim», deydi u. Kun.uz bilan suhbatda Ziyodilla Butaxonov parvozlar davomidagi sarguzashtlari, muvaffaqiyat yo‘lidagi og‘ir mehnati haqida so‘zlab berdi.

«Yoshlikdan har bir insonning o‘ziga yoqqan qiziqarli mashg‘uloti bo‘ladi. Menda shunday hobbim bo‘lgan, yoshlikdan elektronika, robototexnika va kosmonavtikaga qiziqardim. U vaqtlarda aniq bir maqsad uchun emas, shunchaki hobbi deb qarardim. Ulg‘ayganim sari bu qiziqishni maqsadga aylantirdim, ya'ni kosmosni zabt etishni maqsad qildim», deydi yosh ixtirochi.

Kosmosga stratostat uchirish loyihamga noreal deb qarashdi

«Kosmosga stratostat uchirish uchun IT-dasturchilarga va robototexnikaga qiziquvchi odamlarga hamkorlik haqida gap ochsam, ko‘pchiligi ustimdan kulib, noreal narsa sifatida qarashdi. Shundan keyin loyihani o‘zim boshlashga qaror qildim, uni «NazarX» deb nomladim.

Tajribalar kamdan kam holda birinchi urinishdayoq ijobiy amalga oshadi. Edison cho‘g‘lanma lampani yaratguncha minglab samarasiz urinishlar qilgan. Menda ham shunday bo‘ldi. Muvaffaqiyatli parvozgacha juda ko‘p muvaffaqiyatsizlikka uchradim, o‘xshamagan parvozlarim uchun ham 2-3 ming dollargacha pul sarf qildim.

Bu apparatni yaratish jarayonida juda ko‘p narsa o‘qishga, ko‘plab sohalarga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Albatta, fizika qonunlari haqida bilimga ega bo‘lmasdan buni qilolmasdim. Bundan tashqari, matematika, geometriya, kimyodan darslar oldim. Stratostatni uchirish uchun geliy gazi kerak bo‘ladi, bu MDHda faqat Rossiyada bor ekan. Mo‘ljalim bo‘yicha 2 million so‘mlik geliy bilan stratostatni stratosferaga olib chiqaman, deb o‘ylagandim. Biroq chuchvarani xom sanagan ekanim, aslida juda ko‘p geliy ketarkan».

Ketma-ket muvaffaqiyatsiz parvozlar va atrofdagilarning ishonchsizligi motivatsiya berdi

«Birinchi parvoz uchun 20 million so‘mlik geliy ishlatdim, shuningdek, tasvirga oladigan kamera va boshqa jihozlar ham arzon emasdi. Umumiy hisobda 2,5 ming dollar xarajat bo‘ldi va aerostatni havoga uchirib, bir ozdan keyin signal kelishini kuta boshladim. Bir soat o‘tdi hamki, hech qanday belgi yo‘q. Bu, albatta, yomon ta'sir qiladi, chunki bir yil mehnat va sarflangan mablag‘ bir zumda yo‘qoldi. Ikkinchi muvaffaqiyatsizlikdan keyin, hatto, bir hafta qo‘lim ishga bormadi.

Lekin o‘zimda bu albatta amalga oshadi, degan aniq ishonch bor edi. Bundan tashqari, yuqorida aytganimdek, atrofimdagilarning sen buni qilolmaysan, degan ta'nalari sabab ham buni amalga oshirishim kerak, deya qayta-qayta urinaverdim. Odamlarning ishonchsizligidan o‘zimga ishonch topdim.

Har safargi samarasiz parvoz menga xatolarimni bir qadar ko‘rsatdi. Masalan, to‘rtinchi parvozda suratga oladigan apparat muzlab qolgan edi. Bunda qilingan xatoni keyingilarida tuzatib borganman va ish oldinga siljiganidan xursand bo‘lganman».

Oltinchi parvoz: Qirg‘iziston tog‘lariga qo‘ngan stratostatimni ko‘rib yig‘laganman

«Jami 6 marta parvoz qildim, oxirgisida ilk maqsadimga to‘la erishdim desam bo‘ladi. Oltinchi parvozda ham o‘ziga yarasha muammolari bo‘ldi.  Shamol tezligini noto‘g‘ri hisoblaganim tufayli stratostat Qirg‘izistonning tog‘li hududiga tushgandi. Stratostatni u yerga borib olib kelishni aqlimga sig‘dira olmasdim, biroq o‘zimga «sen kuch topishing kerak, buni qila olasan», dedim va Qirg‘izistonga yo‘l oldim.

U yerdagi tanishlarim orqali stratostatni olish uchun yo‘lga chiqdik. Moslama Qirg‘izistonning O‘zgen shahri hududiga kiruvchi baland tog‘larga tushgandi. Hozir bu tog‘ga chiqib ketsam, qanday topaman, deb o‘yladim va qo‘rquv bosdi. Tog‘ga borgach ham stratostatgacha 18 km bor edi. Yetib borgunimcha ham u o‘sha yerga qo‘nganiga ishonmadim, ammo borgach, ich-ichimdan quvonib yig‘ladim, desam ham bo‘ladi.

Men uchirgan mini sputnik stratosferaning 42 671 metr balandligidan Yerni tasvirga oldi. To‘g‘ri, bu judayam ulkan natija emas, ammo shu yaqin kosmosga chiqishning o‘ziyoq katta yutuq».

Kameralar kosmosdan O‘zbekistonni tasvirga olgan edi

«Kadrlar shunchalik ajoyib chiqqan ediki, ularda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va vodiyning kosmosdan olingan tasvirlari bor edi. Lekin 4 ta kameradan ikkitasidagi kadrlar yaxshi chiqmagan edi. Parvozimni muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirdim, deb o‘ylayman. Xursandchiligimni ifodalash juda qiyin edi. Hech qanday ustozsiz, hech qanday oliygohda ta'lim olmay shu ishlarni qilish... Bu juda ajoyib».

Turin universitetida o‘qishga grant berildi

Loyihani prezidentga olib chiqdik, ular ko‘rdilar. Prezident tomonidan Turin politexnika universitetida o‘qishga grant berildi. Buning ikki yilini O‘zbekistonda, ikki yilini Amerikada o‘qimoqchiman.

Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan loyihamiz bor. Juda katta loyiha. O‘zbekiston bayrog‘ini stratosferaning eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqmoqchimiz».

Qachongacha Ilon Maskning raketalariga qarab o‘tiramiz?

Bu loyiha atrofdagilarda mana shu sohaga ozgina bo‘lsa ham ishonch paydo qiladi. Bolalarga motivatsiya beradi. Mana shu soha rivojlanadi. Qachongacha biz Ilon Maskning raketasiga qarab o‘tiramiz, biznikilar qachon qilarkan, deb. Kelgusidagi eng katta maqsadlarimdan biri MDH davlatlari hududida birinchi bo‘lib xususiy kosmos agentlik ochib, mana shu sohani rivojlantirish», deb so‘zini yakunladi qahramonimiz.

Madina Ochilova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid