AQShda qarishga qarshi dori ishlab chiqildi
AQShda qarish va jarohatlarning ba'zi nojo‘ya ta'sirlarini kamaytiruvchi tabletka ishlab chiqildi. Ushbu vosita 2022 yilda harbiylarda sinovdan o‘tkaziladi. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, dori vositasi keng omma uchun ishlab chiqariladi.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Tim Xokinsning ma'lum qilishicha, dorining xavfsizligi va dozasini aniqlash bo‘yicha dastlabki sinovlar yakunlandi. Uning ta'kidlashicha, tabletka insonga ta'sir ko‘rsata oladigan molekulaga asoslangan.
“Gap qo‘shinlarimizning jangovar tayyorligini yosh bilan bog‘liq holda pasayib boruvchi ko‘rsatkichlarni oshirish haqida bormoqda. Biz tabletka ko‘rinishidagi oziqaviy qo‘shimchalarni ishlab chiqish bo‘yicha yetakchi klinik tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Ushbu tabletkalarni fuqarolik va harbiy maqsadlarda qo‘llash mumkin. Ularning ustunligi shundaki, ular inson unumdorligini oshiradi, misol uchun yuqori bardoshlik va jarohatlardan keyin tezroq tiklanishni ta'minlaydi”, deb aytgan Xokins.
Ma'lum qilinishicha, ushbu vosita yosh oshgani sari pasayib boruvchi NAD+ kofermenti darajasini oshiradi. Ushbu koferment darajasining pasayishi yosh bilan bog‘liq kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Immun tizimga turli xavflarga javob berish uchun energiya yetishmay qoladi. Buning oqibatida gormonal og‘ishish yuz beradi va surunkali toliqish paydo bo‘ladi.