O‘zbekiston | 17:49 / 05.07.2021
9551
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda tuman hokimligi zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tuman hokimligi zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 25 sotix yerni sotmoqchi bo‘lgan N.M. ushlangan.

U noqonuniy daromad orttirish maqsadida aslida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 25 sotix yerni fuqaro A.ga firibgarlik yo‘li bilan sotishni rejalashtirib, tuman kadastr va davlat xizmatlari markazida ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 70 million so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid