Sport | 18:46 / 11.07.2021
22541
15 daqiqa o‘qiladi

15 yil oldin Italiya kubok yutgandi. JCh-2006 qahramonlari hozir qayerda?

Bu avlod katta natijaga erishgandi – hozirgilar ularga o‘xshay oladimi?

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

2006 yilda Italiya terma jamoasi to‘rtinchi bor jahon chempioniga aylangandi. Marchello Lippi jamoasi guruhda Chexiya va Ganani yengib, AQSh bilan durang o‘ynagan holda guruhda birinchi o‘rinni egallagan. Finalga qadar yo‘lda «Skuadra adzurra» Avstraliya (1:0), Ukraina (3:0) va Germaniyani (2:0) mag‘lub etgan, Fransiyaga qarshi hal qiluvchi bahsda o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida italiyaliklar yaxshiroq zarba berishgan. Championat.com o‘sha unutilmas jamoaning qahramonlari hozir qayerdaligi bo‘yicha ma'lumot to‘pladi.

Darvozabon: Janluiji Buffon, 43 yosh

Foto: ANDREAS RENTZ / PIER MARCO TACCA/GETTY IMAGES

2006 yilgi jahon chempionatiga Jiji Andjyelo Perutssi («Latsio») va Marko Ameliya («Livorno») bilan birgalikda darvozabonlar bo‘linmasini tashkil qilgandi. Buffon turnirdagi barcha yetti o‘yinda maydonga tushgan va atigi ikki gol o‘tkazib yuborgan. «Yuventus» darvozaboni guruh bosqichida Chexiya va Ganaga qarshi o‘yinlarda, pley-offda esa – Avstraliya, Ukraina va Germaniyaga qarshi bahslarda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. JCh yakunlariga ko‘ra Buffon turnirning eng yaxshi darvozaboni deb topilib, Lev Yashin sovrinini qo‘lga kiritgan.

Afsonaviy darvozabon biroz oldinroq erkin agent sifatida «Parma»ga qaytdi va 2023 yil 30 iyuniga qadar amal qiluvchi shartnomaga imzo chekdi.

Himoyachi: Fabio Grosso, 43 yosh

Foto: ALEX LIVESEY / VINCENZO IZZO/GETTY IMAGES

Grosso 2006 yilgi jahon chempionati qahramoni bo‘lgandi. U 1/8 finalda Avstraliyaga qarshi o‘yinda penalti ishlagan va bu penalti o‘yin taqdirini hal qilgan, yarimfinalda Germaniyaga g‘alaba golini urgan va finalda Fransiyaga qarshi o‘yindan keyin penaltilar seriyasida 11 metrdan aniq zarba bergan. Bu Fabioning faoliyatidagi ilk sovrin edi, shundan keyin unga sovrinlar magnitga yopirilgandek yopiriladi. Mundialdan bir oy o‘tib Grosso Italiya Superkubogi sohibi bo‘ladi, bir yildan keyin «Inter» safida mamlakat chempionligini nishonlaydi. 2007 va 2008 yillarda esa «Lion» bilan ikki bor Fransiya Superkubogini qo‘lga kiritadi, ushbu yurt chempionatida g‘olib bo‘ladi.

2013 yilda murabbiylik litsenziyasini olgan ushbu jahon chempioni «Yuventus» yoshlar jamoasi murabbiylar shtabida ishladi, 2021 yil martidan «Frozinone»ni boshqarishga kirishdi.

Himoyachi, Fabio Kannavaro, 47 yosh

Foto: ALEX LIVESEY / LINTAO ZHANG/GETTY IMAGES

2006 yil Kannavaroning faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘lgandi. U turnirdagi barcha o‘yinlarda ishtirok etgan va jamoa sardori sifatida o‘ynagan. 2006 yil yakunlariga ko‘ra ushbu himoyachi qator sovrinlarni o‘ziniki qilgan, jumladan, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritib, FIFA va World Soccer talqinlariga ko‘ra eng yaxshi futbolchi bo‘lgan, Italiyada yil futbolchisi deb topilgan. 2006 yilgi jahon chempionatidan keyin Kannavaro «Yuventus»dan «Real»ga yo‘l olib, madridliklar bilan qatorasiga ikki bor Ispaniya chempionligini nishonlagan.

Ayni vaqtda Fabio murabbiylik faoliyati bilan mashg‘ul – u Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubida bosh murabbiy sifatida ishlamoqda.

Himoyachi: Marko Materatssi, 47 yosh

Foto: SHAUN BOTTERILL / EMILIO ANDREOLI/GETTY IMAGES

2005/2006 yilgi mavsumda Materatssi nihoyat Italiya chempionatida g‘olib chiqadi (qatorasiga ikki marta uchinchi o‘rin va bir marta ikkinchi o‘rindan keyin). Marko turnirga ko‘tarinki kayfiyatda yo‘l oladi va mundialda ham o‘zini ko‘rsatadi — Chexiya va Fransiyaga gol uradi, Zidanni quyushqondan chiqarib, maydondan chetlatilishini ta'minlaydi. Turnirdan keyin Matritsa 2006/2007 yilgi mavsumda A Seriyada himoyachilar orasida eng yaxshi to‘purarga aylanadi - raqiblar darvozasiga 10 gol yo‘llaydi. Uch yil o‘tib esa beshinchi bor Italiya chempioni bo‘ladi, Chempionlar ligasi kubogini boshi uzra ko‘taradi.

Materatssi uch yil murabbiylik qiladi, keyin esa futboldan ketadi. Endi u reklama loyihalarida ishtirok etmoqda, sayohat qilmoqda, ekspert bo‘lib ishlamoqda – xullas, o‘zi uchun yashamoqda.

Himoyachi: Janluka Dzambrotta, 44 yosh

Foto: GIUSEPPE CACACE / EMILIO ANDREOLI/GETTY IMAGES

«Yuventus» himoyachisi chorakfinalda Ukraina darvozasiga g‘alaba golini urgan va JCh ramziy terma jamoasidan o‘rin olgan. Mundial yakunlangach A Seriyada korrupsiya mojarosi boshlangach, Dzambrotta «Barselona» safiga o‘tadi va Ispaniya Superkubogini yutadi.

2013 yildan 2017 yilgacha o‘zini murabbiylik faoliyatida sinab ko‘radi, ammo u ham Materatssi kabi bu sohada muvaffaqiyat qozona olmaydi va hozirda SoBe Sport kompaniyasida ishlamoqda (professional sportchilar va murabbiylar uchun kommunikatsiya va sport marketingi sohasidagi yetakchi kompaniya).

Yarimhimoyachi: Jyennaro Gattuzo, 43 yosh

Foto: LARS BARON / FRANCESCO PECORARO/GETTY IMAGES

Gattuzo Lippining JM-2006ga olib borgan jamoasidagi muhim figura edi, u turnirda olti o‘yinda qatnashadi, Franchesko Totti va Andrea Pirlo bilan birgalikda turnirning 23 yulduzi qatoridan joy oladi. Jahon chempionatidan keyin Gattuzo Italiya chempionati va Superkubokda, shuningdek, Chempionlar ligasi va UYeFA Superkubogida g‘olib bo‘ladi.

2013 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Gattuzo «Son», «Palermo», «OFI», «Piza», «Milan» va «Napoli» klublarida ishladi. 2021 mayida «Fiorentina» bosh murabbiyligiga tayinlandi, ammo, bir oy o‘tmasdan, klub rahbariyati bilan transfer siyosati borasida kelisha olmay, iste'foga chiqdi.

Yarimhimoyachi: Simone Perrotta, 43 yosh

Foto: SANDRA BEHNE / PIER MARCO TACCA/GETTY IMAGES

JCh-2006da barcha o‘yinlarda maydonga tushgan besh futbolchidan biri. Lekin u 18 yil davomida Italiyada o‘ynab, chempion bo‘lolmagan (asosiy faoliyatini «Roma»da o‘tkazgan - 2004-2013 yillar). Ushbu yarimhimoyachi Intertoto kubogini yutgan, ikki martadan Italiya Kubogi va Superkubokda zafar quchgan.

Hozirda Perrotta Italiya futbol federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlamoqda.

Yarimhimoyachi: Andrea Pirlo, 42 yosh

Foto: ALEXANDER HASSENSTEIN / ALESSANDRO SABATTINI/GETTY IMAGES

Chempionlar ligasining ikki karra g‘olibi JCh-2006da Gana darvozasiga gol urgan va turnirdagi uch o‘yinda eng yaxshi o‘yinchi sifatida e'tirof etilgan. Yarimfinalda Fabio Grossoni golli pas bilan ta'minlagan, finalda esa Materatssi gol urishiga yordamlashib, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida aniq zarba bergan. Yil yakunlariga ko‘ra Andrea «Oltin to‘p»ga da'vogarlar o‘rtasida to‘qqizinchi, yarimhimoyachilar miqyosida esa birinchi bo‘lgan.

Pirlo 2015 yilgacha Italiya termasida to‘p surdi, futbolchilik faoliyatini 2017 yilda «Nyu-York Siti»da yakunladi. Murabbiylik faoliyatini 2020 yil avgustida boshlagan Pirlo dastlab «Yuventus»ning yoshlar jamoasida ishladi, ko‘p o‘tmay shoshilinch ravishda asosiy jamoaga tayinlandi, ammo, Italiya Kubogi va Superkubokdagi g‘alabaga qaramay, 2021 yil 28 mayida ishdan bo‘shatildi. Andreaning rahbarligida «Yuventus» to‘qqiz yil ichida ilk bor A Seriyada g‘olib bo‘lolmadi va to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Yarimhimoyachi: Mauro Kamoranezi, 44 yosh

Foto: SHAUN BOTTERILL / CLAUDIO VILLA/GETTY IMAGES

Kamoranezi JCh-2006da besh o‘yinda qatnashgan, golli harakatlar amalga oshirmagan. Italiya termasi bilan jahon chempionatida g‘olib chiqqach, korrupsiya mojarosi va «Yuventus» quyi ligaga tushirib yuborilgach ham turinliklar uchun o‘ynashda davom etdi va B Seriyada chempion bo‘ldi.

Hozirda Kamoranezi murabbiylik faoliyatini boshlagan. Uning ilk urinishlari muvaffaqiyatli kechmayapti: 2021 yil fevralida «Maribor»dan iste'foga chiqarilganidan buyon u ishsiz yuribdi.

Hujumchi: Franchesko Totti, 44 yosh

Foto: ROBERT CIANFLONE / CLAUDIO VILLA/GETTY IMAGES

Totti jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi ham mumkin edi, u turnir startidan bir necha hafta oldingina jarohatidan sog‘ayib, mashg‘ulotlarga kirishadi. Franchesko Germaniyada yorqin o‘yin namoyish etmagan, ammo baribir gol urgan — Avstraliyaga qarshi o‘yinning 90+5-daqiqasida penaltidan gol urib, jamoani chorakfinalga olib chiqqan. Fransiyaga qarshi o‘yin yakunlangach, Totti maydonda yig‘lagandi. 

«Bunday emotsiyadan keyin terma jamoa bilan qanday xayrlashasan? Bir tomondan, jahon chempioni sifatida ketish – juda chiroyli. Boshqa tomondan, bunday fonda yana va yana o‘ynaging keladi. Shu tufayli hozir ketishim ellikka ellik. Men jamoamizga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘ygan bo‘lardim, o‘zim esa «yetti»ga o‘ynadim. Qishdagi og‘ir jarohatim asoratlari tufayli bundan ortig‘ini qila olmayman. Zidan haqidagi fikrimmi? U jahonning eng yaxshi futbolchilardan biri, u penaltini aynan shunday ijro etib buni yana bir bor isbotladi», – degandi hujumchi. 

U baribir terma jamoadagi faoliyatini 2006 yilda yakunladi. «Roma»da esa 2017 yilgacha o‘ynadi (1992 yildan). Futbolchilikdan keyin rimliklar jamoasida ikki yil sport direktori bo‘lib ishladi, Totti bu lavozimdan ketgach 2020 yilda Rimda istiqbolli yoshlarni izlash uchun ikkita skautlik agentligi ochgan.

Hujumchi: Luka Toni, 44 yosh

Foto: SANDRA BEHNE / EMILIO ANDREOLI/GETTY IMAGES

JCh-2006 arafasidagi Italiya chempionati mavsumida Toni 38 o‘yinda 31 gol urib («Fiorentina» safida), eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi. Luka jahon chempionatida olti o‘yinda qatnashdi va Ukrainaga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi. Mundialdan keyin «Bavariya»ga o‘tdi va u yerda ham barqaror ravishda gol urdi (2007/2008 yilgi mavsumda 24 gol). O‘sha mavsumda Toni klublar faoliyatidagi yagona chempionligiga erishib, Bundesliga chempioni bo‘lgan. 2010 yilda Italiyaga qaytib «Roma»da ijara asosida o‘ynagan, keyinroq «Bavariya»dan butunlay ketib, «Jyenoa», «Yuventus», «Al-Nasr» va «Fiorentina» uchun o‘ynagan, faoliyatining so‘nggi qismini «Verona»da o‘tkazgan, uch mavsum davomida 48 gol urgan.

U 2016 yilda faoliyatini yakunladi va hozirda televideniyeda ekspert bo‘lib ishlamoqda.

Yarimhimoyachi: Daniele De Rossi, 37 yosh

Foto: GIUSEPPE CACACE / CLAUDIO VILLA/GETTY IMAGES

De Rossi JCh-2006da boshlang‘ich tarkib futbolchisi bo‘lishi kutilgandi. Ammo AQShga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan Daniele to‘rt o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Yakunda u faqat finalga kelib maydonga qaytadi, u zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida aniq harakat qiladi. De Rossi ham Totti kabi futbolchilik faoliyatini «Roma»ga bag‘ishladi va bu jamoada 2019 yilga qadar qoldi.

2021 yil martida jahon chempioni Italiya termasida Roberto Manchinining murabbiylar shtabiga kirdi. U Yevropa chempionatida yana bir medal olishi aniq (2012 yilgi chempionatda kumush bo‘lgan), bu safar qanday medal bo‘lishi yaqin orada aniq bo‘ladi.

Hujumchi: Vinchenso Yakvinta, 41 yosh

Foto: ANDREAS RENTZ / MASSIMILIANO FERRARO/GETTY IMAGES

Hayratlanarlisi, Yakvinta futbolchilik faoliyatida ikki marta sovrin ko‘targan – 2012/2013 yilgi mavsumda «Yuventus» bilan Italiya chempionligi va 2006 yilgi jahon chempionligi. Hujumchi ikki bor mundialga borgan va ikki safar ham terma o‘yinida muhim rol bajargan. 2006 yilda Vinchenso Gana darvozasiga ikkinchi golni urgan va turnirda jami besh o‘yin o‘tkazgan (yarimfinal va finalda ham). To‘rt yil o‘tib forvard Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinda penaltidan gol urgan, ammo o‘shanda italiyaliklar guruhda qolib ketishgandi.

2015 yilda ushbu futbolchiga noqonuniy o‘qotar qurol saqlash va Kalabriya mafiyasi bilan aloqadorlik bo‘yicha ayblov e'lon qilinadi. 2018 yil oktyabrida uni ikki yilga ozodlikdan mahrum etishadi. Vinchensoning otasi esa 19 yilga qamalgan.

Hujumchi: Alessandro Del Pero, 46 yosh

Foto: BEN RADFORD / SEBASTIAN REUTER/GETTY IMAGES

Del Pero mundialdagi yetti o‘yindan beshtasida ishtirok etgan va Germaniyaga qarshi yarimfinal o‘yinida 120+1-daqiqada gol urgan (asosiy bo‘limlarda 0:0, overtaymlar oxiridagi ikki gol bilan 2:0).  Finalda Alessandro o‘yin asosiy vaqti oxirida maydonga chiqqan va o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida penaltini aniq ijro etgan. 2006 yilgi jahon chempionati uning faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lib qoladi: Marchello Lippi 2020 yilgi JChga uni olib ketmaydi.

Hozirda Del Pero restoran biznesi bilan shug‘ullanmoqda.

Bosh murabbiy: Marchello Lippi, 73 yosh

Foto: SHAUN BOTTERILL / LINTAO ZHANG/GETTY IMAGES

Lippining Italiya termasiga birinchi tayinlanishi ikkinchisiga qaraganda muvaffaqiyatli kechgandi. Italiyalik mutaxassis jahon chempionatida g‘olib bo‘lgach, uch kun o‘tib iste'foga chiqadi. 2008 yilda qaytgan Marchello 31 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramasdan, rekord qayd etadi. Ammo JAR mezbonligidagi 2010 yilgi jahon chempionatida italyanlar dastlabki turlarda Paragvay (1:1) va Yangi Zelandiya (1:1) bilan durang o‘ynab, uchinchi turda Slovakiyaga mag‘lub bo‘lgan holda (2:3) guruhda so‘nggi o‘rinda qoladi. Lippi esa bu muvaffaqiyatsizlik uchun barcha mas'uliyatni zimmasiga olgan holda termadan ketadi. Keyinroq «Guanchjou Evergrand»ni, undan ham keyin Xitoy termasini boshqaradi.

2019 yil yanvarida Lippi Xitoy milliy jamoasini tark etdi va 2020 yil oktyabrida murabbiylikni butunlay to‘xtatganini ma'lum qildi: «Men murabbiylik faoliyatimni yakunlayman. Aftidan, yetarli bo‘ldi».

Mavzuga oid