O‘zbekiston | 08:28 / 27.07.2021
2327
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 26 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga uy berildi

Samarqand viloyatida 26 nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga hokimlik mablag‘lari va homiylar yordami hisobidan uy berilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 26 iyul kuni Samarqand viloyatining tuman va shaharlarida mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning 26 nafariga yangi uy-joylar jihozlangan holda topshirilgan. Jumladan, mehribonlik uylarida tarbiyalangan 10 nafar yigit-qizga Jomboy tumanidagi ko‘p qavatli uydan kvartiralar berilgan. Uylarni topshirish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov ham qatnashgan.

Qayd etilishicha, joriy yilda Samarqand viloyatida 59 nafar chin yetimlarni uy-joy bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Ammo o‘rganish jarayonlarida viloyatda bunday yoshlar 84 nafar ekani ma'lum bo‘lgan. 26 iyul kuni ularning 26 nafariga viloyat hokimligi va saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan 6 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, yangi uylar topshirilgan. Ta'kidlanishicha, joriy yil 1 oktyabrgacha qolgan 58 nafar chin yetim bo‘lgan yigit-qizlarga ham uy beriladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda Samarqand viloyatida mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning 20 nafariga yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadonlar ajratilgan va jami 2 milliard so‘m boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilgan. Shuningdek, yana 12 nafar yigit-qizlar hokimlik tomonidan 1 va 2 xonali uylar bilan ta'minlangan. Bundan tashqari, mehribonlik uyida tarbiyalangan, ammo o‘z uy-joyiga ega bo‘lgan yoshlarning xonadonlari hokimlik va homiylar ko‘magida ta'mirlab berilmoqda.

Mavzuga oid