O‘zbekiston | 22:10 / 30.07.2021
9732
3 daqiqa o‘qiladi

“YPX xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan munosabatlari talab darajasida emas” - Qutbiddin Burhonov

“Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari ham talab darajasida emas. Ayrim xodimlarning esa bilim saviyasi va huquqiy madaniyati bugungi kun talablariga javob bermaydi”, – dedi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov 30 iyul kungi yalpi majlisda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Burhonovning aytishicha, fuqarolarning YPX xodimlaridan noroziligi ortib bormoqda.

“Eng tashvishlisi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ayrim xodimlari qonun talablarini ham pisand qilmaydi.

Oqibatda, fuqarolarning jiddiy e'tirozlari kun sayin ortib, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z noroziliklarini bayon etishmoqda. Natijada halol, sidqidildan xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimlariga nisbatan ham fuqarolarimizda salbiy fikrlar tug‘ilishiga zamin yaratmoqda”, – deya senatorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yalpi majlisda ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha axborot berdi.
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatorning ta'kidlashicha, Oliy Majlis yuqori palatasiga aholidan kelayotgan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati xodimlarning, ayniqsa, YPX xodimlarining tarbiyasizlarcha, yo‘l harakati qatnashchilari bilan qo‘pol muomalada bo‘layotganliklaridan noroziliklari haqidadir.

“Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 29 maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ–4343-son qarorida 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul xizmatlarining serjantlar tarkibi lavozimlari ushbu bo‘linmalarning oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan amaldagi xodimlarining o‘rniga 2021 yil 1 dekabrgacha bosqichma-bosqich tayinlashni nazarda tutgan holda faqat oliy ma'lumotga ega yoki sirtqi shaklda o‘qiyotgan shaxslar bilan jamlanishi belgilangan”, deydi Qutbiddin Burhonov.

Mavzuga oid