O‘zbekiston | 13:01 / 31.07.2021
21987
4 daqiqa o‘qiladi

Majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ta'kidlanganidek, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni dunyo miqyosida 193 mln.dan oshgan bo‘lib, kunlik kasallanish holatlari soni o‘rtacha 500 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Xususan, respublikada mazkur infeksiya bilan kasallanganlar soni tobora ortib, ayni vaqtda umumiy kasallanganlar soni 126 ming nafardan oshgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to‘lqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalar berilgan.

Hozirgi kunga qadar majburiy vaksinatsiya amaliyoti Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarda joriy etilgan.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar o‘tkazishni joriy etishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu Qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlashdan bosh tortgan shaxslarga nisbatan cheklov choralari nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Qonunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

birinchidan, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda;

ikkinchidan, Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasi yangi to‘lqinlarining oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Mavzuga oid