Jamiyat | 20:03 / 18.08.2021
36011
7 daqiqa o‘qiladi

Mehribonlik uylari: Mungli nigohlar va yangi uylar xushxabari

Prezident qarori asosida mehribonlik uylarining 18 yoshga to‘lgan tarbiyalanuvchilariga yangi qurilgan ko‘pqavatli uylardan kvartiralar berilmoqda. Bu uylar hozirda yashash uchun zarur birlamchi jihozlar bilan to‘ldirilmoqda.

Kvartiralar mustaqillikning 30 yilligi bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Biz ushbu yangilik sabab bo‘lib, Toshkentdagi 23-sonlik mehribonlik uyida bolalar va mutasaddilar bilan suhbatlashdik.

Har bir bolaning tarixi bor

Har bir bolaning o‘z tarixi, qismati, og‘riqlari bor, eshitsangiz yig‘laysiz, deydi 23-mehribonlik uyi direktori Zebo Karimova.

“Bir bolamiz bor: 9-sinfni bitirdi. Tashqaridan begona odam kelsa, xuddi uni qidirib kelgandek hali ham kimdirini izlaydi. Undan “Sen bu yerga qanday kelib qolgansan”, deb so‘radim. Bola ko‘zi to‘la yosh bilan, onasi Chorsu bozoriga olib borib sen shu yerda o‘tirib turasan deb tashlab ketganini aytadi. “Men bir kun kutdim, onam kelishini”, – deydi. Bolaligidagi bu xotiralar qalbida chandiq bo‘lib qolib ketgan. Hali ham bir kun onamni kutgan joyimni eslayman deydi u.

Eshitishimcha, "meni hech kim so‘ramadimi, hech kim telefon qilmadimi", deb surishtirib yurarkan...”

“Onam yomon tush ko‘rgandek unutib yuborishni so‘radi...”

16 yoshli Samir mehribonlik uyiga 6 yoshida kelganini aytadi.

“6 yoshimda dadam onamga bolalarni mehribonlik uyiga topshiramiz deb aytganlar. Onam ko‘nmagan. Lekin qanchadir vaqt o‘tgandan keyin akam bilan opamni berishgan. Maktabga chiqish vaqtim bo‘lganda chiqarisha olmagan, chunki onamning propiskasi bo‘lmagan. O‘shandan keyin dadam meni bolalar uyiga topshirgan. Keyin 24-mehribonlik uyiga o‘tkazishgan, bu yer yopilgach, 21-mehribonlik uyiga ko‘chirishgan.

O‘qishni xohlamaganman, hayotga qiziqishim so‘ngan. Onamni sog‘inganman, onam onalik huquqidan mahrum qilingani uchun meni ko‘rishga kelganida kirishga ruxsat bermaganlar. Maktabga borganimda opam bilan uchrashganman. Opamdan onamning telefon raqamini olganman.

Keyin meni Sanatoriyaga yotqizishdi, u yerga onam har kuni kelib turdilar. Onamning har kuni kelayotganini bilishgach, meni u yerdan olib chiqib ketishdi. Shundan keyin onamni boshqa ko‘rmadim.

Maktabda umuman yaxshi o‘qimaganman, chunki yashashga ham holim qolmagan.

Onam meni (videoda) ko‘rgan taqdirda ham olib ketmaydi. Chunki kecha telefon qilib: "Oyi, olib keting, hozir prezident qarori chiqdi: agar ota-onasi, uyi bo‘lsa, bolalar mehribonlik uyida qolmasligi kerak. Oyi, olib keting, qiynalmaysiz, yordam berishadi”, dedim. Ular: “Seni olib keta olmayman, xafa bo‘lma, o‘g‘lim. Agar shunchalik ketging kelayotgan bo‘lsa yoki sog‘inayotgan bo‘lsang, shunchaki yomon tush ko‘rgandek unutib yubor”, dedilar.

To‘g‘risini aytaman, otamni ko‘rishni ham xohlamayman. Chunki kichkinaligimda opamni zo‘rlamoqchi bo‘lgan va shu ishni qilgan ham. Opam shundan beri ko‘rinishing, gapirishing dadangga o‘xshab ketyapti, senga qarash menga og‘ir tushyapti”, deb yuzimga ham qaramaydilar. Otam qilgan gunoh ishlarda mening aybim nima? U shu ishni qilgan bo‘lsa, men qilmadim-ku”.

“Mehribonlik uyiga tushib qolmaganimda qanday katta bo‘lardim, bilmayman”

17 yoshli Zilola 10 yildan buyon 23-mehribonlik uyida tarbiya topmoqda.

“Onam meni tashlab ketganlar. U paytlarda bir yoshli singlim o‘lib qolgan. Kelgan paytlarim yig‘laganman, dadamni sog‘inganman. Hozir yonimga kelib turadilar. Shu yerga tushib qolganim uchun Xudoga shukr qilaman. Bo‘lmasa, qanday katta bo‘lardim, qanday maktabda o‘qir edim, bilmayman. 18 yoshga to‘lganimda dadam meni olib ketishga so‘z berdilar.

Onam haqida gapirishni xohlamayman, ular psixik kasal bo‘lganlar”, – deydi u.

Mehribonlik uylaridagi bolalarning aksariyatining ota-onasi bor

Achinarlisi, mehribonlik uylarida chin yetimlar juda kam, ko‘pchiligining ota-onasi bor.

“Ko‘p bolalarimizning qarindoshlari, ota-onasi bor. Chin yetimlar juda kam. Bolalarni yetim darajasiga olib bormaslikni juda xohlardim. Bitta oiladan 3-4talab farzandlarini mehribonlik uyiga tashlab ketganlar ham bor", – deydi 23-mehribonlik uyi tarbiyachisi Matluba Hoshimova.

Yangi uylar xushxabari

Prezident qaroriga muvofiq, 2021 yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta'minlash tartibi o‘rnatildi.

Unga ko‘ra, o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali yangi uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladigan bo‘ldi.

“Yangi qaror chiqishi juda xursandchilik bo‘ldi. Voyaga yetgan, o‘qiydigan, ishlaydigan 34 nafar bolamiz shu kungacha ham mehribonlik uyida istiqomat qilardi. Nizom bo‘yicha 18 yoshga to‘lgach, mehribonlik uyini bitirib chiqib ketishi kerak. Lekin uy-joyi vaqtida bo‘lmagani uchun mana shu yerda hammasi yashardi. Ikki kun ichida 25 nafar bolamiz uy-joy bilan ta'minlandi.

Oldingi berilgan uylar yotoqxonalar, eski uylar edi. Prezident qaroriga asosan, bolalarga yangi qurilgan, zamonaviy uylar berildi. Hammasining uyida jihozlari bor, borib ko‘rib xursand bo‘ldik”, – deydi 23-mehribon uyi direktori Zebo Karimova.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid