O‘zbekiston | 08:21 / 26.08.2021
5958
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika bo‘yicha 2 178 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

AOKAda Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne'mat Otamurodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan ma'lumot berildi.

Qayd etilishicha, agentlikning yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan olib borilgan xatlov ishlari natijasida respublika bo‘yicha jami 12 422ta holatda 2 178,2 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.

Jumladan:

  • 6 952ta (617,5 gektar) holatda uy-joy qurish; 
  • 3 259ta (239,8 gektar) holatda noturar joy qurish; 
  • 1 485ta (571,9 gektar) holatda tomorqa sifatida foydalanish;
  • 55ta (268,2 gektar) holatda baliq hovuzlarini qurish;
  • 111ta (12,8 gektar) holatda tuproq kar'yer qilish; 
  • 560ta (468 gektar) holatda yerlar boshqa maqsadlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va ularga nisbatan choralar ko‘rish maqsadida, 10 767ta qonunbuzilishni sodir etgan shaxslarga hamda 72ta yerdan foydalanuvchi sub'yektlarga ogohlantirish xatlari yuborilib, 336,5 gektar yer maydonidagi qonunbuzilishlar bartaraf etildi.

Yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tuman (shahar) hokimliklariga 7 710ta (1 286 gektar) taqdimnomalar kiritildi, 1 560ta holatda sudlarga kiritilgan da'vo arizalariga asosan 15,7 gektar yer maydonidagi holat bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qabul qilindi, 894ta (127,7 gektar) holat bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun 4 483ta (932 gektar) holat yuzasidan prokuratura organlariga ma'lumotlar taqdim etilib, hozirgi kunda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid