O‘zbekiston | 14:56 / 13.09.2021
3146
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda talassemiya bilan og‘rigan bemorlarga yordam ko‘rsatish fondi ochildi

Samarqand shahrida talassemiya bilan og‘rigan bemorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistondagi ilk fond ochildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, uning ochilish marosimida respublikaning turli burchaklaridan yetakchi gematologlar, endokrinologlar, professor va olimlar ishtirok etgan.

Talassemiya bilan og‘rigan bemorlarga va ularning oilalariga yordam berish maqsadida O‘zbekistonda birinchi marta Samarqand shahrida Talassemiya fondi tashkil etildi. Joriy yil 11 sentabr kuni viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida uning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Fond mazkur tibbiyot markazi bilan hamkorlikda ishlaydi va fondning ofisi ham shu yerda bo‘ladi.

Ochilish marosimida respublikaning turli burchaklaridan yetakchi gematologlar, endokrinologlar, professor va olimlar hamda turli fondlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Talassemiya fondiga Samarqand shahrida yashovchi Feruz Davronov rahbarlik qiladi. F.Davronovning aytishicha, farzandlari shu dardga chalingan va u o‘z vaqtida bolalarining davolanishi uchun bor mablag‘larini hamda uyini sotib uning pullarini sarflagan.

Talassemiya kam uchraydigan, ammo jiddiy irsiy kasallik bo‘lib, gemoglobin tuzilishi va funksiyasining buzilishiga olib keladi. Bunday kasalga chalingan bemorlar doimiy ravishda qimmat dori-darmonlar bilan davolanib yurishga majbur bo‘lishadi. Shuningdek, ularda doim qon tanqisligi kuzatiladi.

Qayd etilishicha, talassemiya kasalligi asosan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlardan tug‘ilgan bolalarda uchraydi. Bugun O‘zbekistonda talassemiya bilan og‘rigan 200 dan oshiq bemor ro‘yxatga olingan. Ularning asosiy qismi Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida yashaydi.

Mavzuga oid