Jamiyat | 20:05 / 24.09.2021
10812
9 daqiqa o‘qiladi

«Hokimlar bir-ikki kishiga uy bergani bilan ish bitmaydi» - Yozuvchi muammolar tizimli hal qilinishi kerakligi haqida

Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam migrantlar iztiroblari, keskin ruh yetishmaydigan yoshlar va taqlidga moyil xalq haqida gapirdi.

Jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti, uning tahlillari yuzasidan qator suhbatlar uyushtirib, o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam bo‘ldi. Suhbatning birinchi qismi avvalroq e'lon qilinib, matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni e'lon qilinmoqda.

— Ulug‘bek aka, siz yozuvchilikdan tashqari pedagogsiz. Fikrimcha, bugun ko‘pchilik yoshlarda keskin ruh yetishmaydi. Ular erkin fikrlamaydi, ularda tashkilotchilik yetishmaydi. Men katta fikrlar haqida gapiryapman. Holatning asl sabablarini nimalarda deb o‘ylaysiz?

— “Muvozanat” romanida yana bitta idea maydonga tashlangan. O‘sha g‘oya savolingizga javob bo‘lar ekan. Ya'ni har bir bola nimaga qobil bo‘lsa, o‘sha sohaga yo‘naltirib o‘qitish kerak. Buxgalter bo‘ladigan yigit yo qiz opera aytmasin, yoki quruvchi bo‘ladigan yosh kelib sport sohasiga o‘qishga topshirmasin.

Eshitgansiz, “iste'dodsiz odam yo‘q” deyishadi. Bor, albatta, lekin ko‘plarning iste'dodi o‘zga sohani tanlash bilan ko‘zga ko‘rinmay ketadi. Jamiyatda juda ko‘pchilik odam bir-birlarining o‘rnini egallab o‘tiribdi. Chunki qassob bo‘lib tug‘ilgan odam vrach bo‘lib, tug‘ma muhandis patta sotuvchi bo‘lib ishlayapti-da, shuning uchun.

Odamning baxtli yashashi uchun uchta muhim narsa kerak bo‘ladi:

  1. Sog‘liq.
  2. Soha, kasb.
  3. Munosib umr yo‘ldosh.

Adashmasam, xitoy faylasufi aytgan bu gapni: “Ko‘nglingga mos ishni topgin, keyin bir umr dam olasan”, deb. Ya'ni o‘z sohasini topgan odamning ishi mehnat emas, balki rohatdir demoqchi u.

Shuning uchun siz aytgan ruhsiz talabalar avvalo yaxshi o‘qimagan, hayotga to‘g‘ri yo‘naltirilmagan, qolaversa, adashib shu sohalarga kirib qolganlardir.

Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni tashqi faktor bo‘lib, yoshlarni qiziqtiruvchi muhit bilan bog‘liq. Xo‘sh, ularning ko‘ngliga o‘t yoqib, u yoki bu sohaga qiziqtiruvchi pedagoglar bizda yetarlimi? Mutlaqo yo‘q. Avvalo, o‘sha pedagoglarning katta qismi adashib o‘qituvchilik qilib yuribdi. Bunday o‘qituvchilar bola ruhiga kirib, uni uyg‘ota oladi, deb o‘ylamayman. Ikkita gapni bir-biriga qo‘shib gapirolmaydigan, so‘zlari og‘zidan to‘kilib ketadigan odamlar ma'ruza o‘qishadi. Bu nima degani? Nega pedagoglarni o‘qishga qabul qilayotganda “nutq madaniyati” bo‘yicha og‘zaki imtihonlar olinmaydi?..

O‘zi kerakli ta'lim-tarbiya olmagan o‘qituvchi boshqaga ham ta'lim-tarbiya bera olmaydi. Shular haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak.

— O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan boshlab hozirgacha iqtisodiy muammolar bilan kurashmoqda. Odamlar ayni shu muammo sabab yillar davomida qora ishchi, migrant degan yukni orqalab xorijda ishlashga majbur.  Jamiyatimizdagi bu muammo balki sizni ham o‘ylantirgandir, ziyoli sifatida qiynagandir.

 Ha, bu ham bir og‘riqli muammo. Ertaga otasiz o‘sgan bolalar jamiyatga aralasha boshlaganda muammoning kattasini kutavering. Bugun-ku ular muammo yaratmaydilar, kichkina hali. Otaning, erkak kishining tarbiyasini olmay ulg‘ayganda kim bo‘lib yetishadi, mana shunisi meni yanada ko‘proq o‘ylatadi.

Ana, martda Turkiyaga bo‘lib o‘tgan bir tadbirga qatnashish uchun bordim. Yo‘lda rizqini terib yurgan ko‘plab yurtdoshlarim bilan gaplashdim. Bittasi marg‘ilonlik ekan. Uch yilda bir keldim deydi. U ketayotganda homilador bo‘lgan xotini bu orada tug‘ibdi, bola uch yoshga kiribdi. Ota borganda bola uni tanimay yig‘lab qochibdi. Yana kamida uch yilga ketyapman deydi boyaqish.

Endi tasavvur qiling, yillab otasiz qolgan bolaning ahvoli nima kechadi?..

Shu ma'noda, meni farzandning hoziridan ham ko‘ra kelajagi ko‘proq tashvishga solyapti. Bu yoqda ayol sho‘rlikning nima aybi bor? Uning gul yoshida yostig‘ining yarmi mudom bo‘sh. Xuddi eri urushga ketgandek. Ayol iztiroblarining to‘lovini kim qiladi? Xiyonat yo‘liga kirsa, kim ko‘proq aybdor?..

Savollar, savollar. Va bu savollarni hozirda siz bilan biz yashayotgan jamiyat tug‘ib beryapti. Demak, o‘zimizdan katta rahbarlarning sha'niga hamd-u sano o‘qiyvermasdan, avvalo, shu jamiyatning kasal organlarini tuzatish ustida bosh qotirishimiz kerak ekan.

Shuningdek, bu ishlar tizimli bo‘lishi kerak. Hozir televizorda hokimlarning 1-2 nafar nogironga xo‘jako‘rsinga uy berib qo‘yganini ko‘rsatishyapti. Yo‘q, bu bilan bo‘lmaydi. Bu faqat «ochko» olish bilan bog‘liq sharmandali epizodlardir.

Ishlar faqat tizimli bo‘lishi kerak. Bu tizim shunday bo‘lishi kerakki, qizlarimiz xor bo‘lib, fohisha bo‘lib chet ellarga ketmasin. Guldek o‘g‘illarimiz mardikor bo‘lib chet ellarga ketmasin. Borsa ana mutaxassis bo‘lib, shartnoma asosida borsin. Qora ishchi bo‘lib emas.

— Yaqinda o‘zbekistonlik ota-onalar orasida farzandlariga o‘zbekcha, turkiycha bo‘lmagan ismlarni qo‘yish ommalashib borayotgani haqida yozdingiz. Nega odamlar o‘zbekligini, o‘zbeklik g‘ururini unuta boryapti? Shu ma'noda globallashayotgan dunyoda asl o‘zbek sifatida qolish yo‘lidagi muammolarimiz va choralarimiz nimalar?

 Ne yoziqki, biz taqlidga moyil xalqmiz. “Taqlidchilik qayerdan keladi? Uning sotsial-psixologik asoslari qayerda?” degan savollarni o‘ylay boshlaganimga ancha bo‘lgan. Hatto 24 yil oldin yozilgan “Muvozanat” romanida ham shular haqda mulohazalar bor edi.

Mana, qarang: 10ta o‘zbek gaplashib turgan bo‘lsa-yu orasiga bitta rus kirsa, hammasi ruscha gaplasha boshlaydi, to‘g‘rimi? Nega? Nima uchun?.. Buning asoslari bo‘lishi kerak-ku! Asos bizning siyosiy, iqtisodiy, madaniy, psixologik ahvolimiz bilan bog‘liq.

Navoiy ham bekorga Navoiy bo‘lgani yo‘q. Ungacha necha-necha ulug‘ ijodkorlar arabiy va forsiyda ijod qildilar. Turkiy til harb tili, arab ilm, fors nafis san'at tili deyilgan qadimda. Xo‘sh, nega haligacha o‘sha an'ana davom etib kelyapti? (Hatto undan yomon – turkiychaning harb tili ekani ham unutilgan). Chunki biz haligacha ko‘p jihatdan mustaqil bo‘lganimiz yo‘q. Shuning ta'sirida siyosiy-iqtisodiy jihatdan o‘zimizdan kuchliroq millat vakili oldida beixtiyor uning tilida gaplasha boshlaymiz, o‘zimiz ham bilmagan holda, ongostida uni o‘zimizdan ustun ko‘ramiz. Natijada o‘nta bo‘lsak ham, undan ko‘p bo‘lsak ham, ularning tilida gaplashib, ularga taqlid qila boshlaymiz.

Hozir nafaqat rus, ingliz, balki arablarga ham taqlid juda katta miqyoslarda davom etmoqda. Bunday taqliddan xalos bo‘lmoq uchun o‘qib-o‘rganishdan tashqari, millatimizning, yurtimizning siyosiy, iqtisodiy va albatta, madaniy jihatdan taraqqiy topishini ta'minlashimiz kerak bo‘ladi. Boshqa chorasi yo‘q. Ilg‘orlarga hamma ergashadi. Bu – qonuniyat.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzuga oid