O‘zbekiston | 18:30 / 27.09.2021
6298
3 daqiqa o‘qiladi

Maqsuda Vorisova samarqandlik saylovchilar bilan uchrashdi

Foto: Xalq demokratik partiyasi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisova bugun Samarqand shahrida saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvini o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zXDP Markaziy Kengashi mas'ul xodimlari, Samarqand viloyatidagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat Kengashi raisi Badriddin Nasriyev olib bordi. U saylovchilarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma'lumot berdi.

Shundan so‘ng so‘z Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaga berildi. Nomzod o‘z ma'ruzasida Saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi. Jumladan, Dasturda aholi manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish tamoyillari belgilab berilgani, aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish, har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta'lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash, pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta'minotning maqbul tizimini shakllantirish kabi bir qator masalalarga e'tibor qaratilgani ta'kidlandi.

Shuningdek, Maqsuda Vorisova aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini yanada kengaytirish, mamlakatda zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun arzon uy-joy qurishga imtiyozli ipoteka krediti berish amaliyotini takomillashtirish masalalari rejalashtirilayotganini ma'lum qildi.

Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildilar, Samarqand viloyatini yanada rivojlantirish borasida takliflarini bildirdilar.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning Saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashga da'vat qilishdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati Ⓣ 

Mavzuga oid