O‘zbekiston | 10:34 / 07.10.2021
13612
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarni «kaltafahm» deb haqorat qilgan Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi lavozimidan ozod qilindi

Foto: Kun.uz

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Davlat xizmatchisining axloqiy me'yorlari va kodeksini buzgan Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi F.Qodirov lavozimidan ozod qilinganini bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, kuni kecha F.Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy munozara paytida davlat xizmatchisining maqomiga xos bo‘lmagan tarzda o‘z fikrini noto‘g‘ri shaklda bildirib, muloqot madaniyatining umumqabul qilingan me'yorlarini buzgan. U muloqot davomida qo‘pol so‘zlar ishlatgan, bu holat o‘z navbatida, jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgan.

Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi Facebook'dagi izohida: “Men o‘ylamagan edim odamlar bunchalik kaltafahm deb. Men tarqatgan xabar o‘qimishli inson uchun oddiy hol, (tupoy) yoki o‘zidan (tupoy) yasab olgan kaltafahmlar uchun buni tushunish qiyin”, — deya yozib qoldirgan.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Chirchiq shahar hokimligi matbuot kotibi bilan mehnat munosabatlarini davom ettirish mumkin emas, degan qarorga kelgan. Chunki u o‘z xatti-harakatlari bilan Davlat xizmatchisining axloqiy me'yorlari va kodeksini buzgan, shuningdek, o‘z faoliyatida muloqot madaniyati me'yorlariga rioya qilmagan.

Agentlik barcha matbuot kotiblarini so‘zga mas'uliyatli bo‘lish, o‘z vazifalariga jiddiy yondashish, shuningdek, aholi so‘rovlariga tezkorlik bilan javob berishga chaqiradi”, – deyiladi AOKA bayonotida.

Mavzuga oid