Jamiyat | 19:19 / 09.10.2021
14452
5 daqiqa o‘qiladi

Rishtonlik ustazoda kulol: “Bir vaqtlar kulollarga qiz berishmas edi”

Rishton kulolchiligi uzoq tarixga ega. Bunga mahalliy tuproqning xususiyatlari ham sabab. IX-X asrlarga kelib Rishtonda sopol idishlarga sir berish shakllana boshlagan.

Rishtonlik mashhur usta kulol Sharofiddin Yusupov 76 yoshni qarshilagan. Uning otasi ham o‘z davrining mashhur kuloli edi. Sharofiddin kulol yoshligida uyidagi oilaviy ustaxonada kulolchilik sirlarini o‘rgangan.

«Men bu dunyoga kulol bo‘lish uchun tug‘ilganman. Boshqa kasbni orzu ham qilmadim. Mehnatlarim zoye ketmadi. Yaratgan asarlarim dunyoning ko‘plab muzeylarida saqlanadi. Davlatimiz tomonidan mehnatlarim inobatga olinganidan g‘oyat xursandman», – deydi u.

Har bir asarga o‘zgacha mehr

«San'at asarlarimni chet elga sotadigan bo‘lsam, yuragimning bir parchasi o‘sha idish bilan ketadi. Chunki asarlarimga yurakdan mehr berib ishlayman.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, ustaxonamda 100 ta idish bor, ularning biri ikkinchisiga sira o‘xshamaydi. Bugun yasagan laganimni, o‘xshatishim mumkindir, lekin ertaga xuddi shunday qilib yasay olmayman», – deydi Sharofiddin Yusupov.

Shogirdning vazifasi ustoz qo‘lidagi narsani o‘g‘irlab olsa yoki farosatiga joylashtirib olsagina undan haqiqiy shogird chiqadi, deydi Sharofiddin aka.

«Biz ham shogird bo‘lib usta ko‘rganmiz. O‘shanda shogirdlar orasida qobiliyatiga qarab o‘rta hol va yetuk shogirdlar chiqqan. Yaxshi kulol bo‘lish uchun ham insonda qobiliyat bo‘lishi muhim. Menga ham ko‘plab shogirdlar kelgan. Shogirdlikka olinganlar yillar o‘tib qobiliyatiga qarab qolgani qoladi, aksariyati eplay olmay ketadi. 20 nafar ustadan bitta shogird chiqib qolsa, shu ustaning baxti», – deydi usta kulol.

U farzandlarining o‘zidek usta kulol bo‘lishini istamaydi, ular o‘zidan bir pog‘ona baland kulol bo‘lib yetishsagina rozi.

Sharofiddin akaning otasi kulolchilik zavodida ishlagan. Oyligidan ro‘zg‘orga yegulik olib kelgan: ona qornidayoq u kulolchilik ortidan topilgan rizqdan nasiba olgan. Shuning uchun kulolchilikka mehr ona qornidan boshlangan, deb hisoblaydi.

«Tan olib aytish kerak, 1955-1960 yillarda «mehnati og‘ir, daromadining tayini yo‘q» deb, kulollarga qiz berishmas edi. 1950 yilgacha bizning uyimizda 40 kishi ishlaydigan oilaviy ustaxonamiz bo‘lgan. Otam o‘sha paytdayoq oilaviy ustaxonaga asos solgan.

Rahmatli onam chizmakash bo‘lgan edi. U paytlarda hozirgidek metr bo‘lmagan. Onam qarichlab aniq chizar edi chizmalarni. Otam esa kulol bo‘lgani uchun u loyga mehr bergan, lekin chizmachilikka hushi yo‘q edi.

Aqlimni tanib o‘ylab, oxiri xulosaga keldimki, loyga mehr otadan, chizmachilik esa onamdan o‘tgan ekan menga.

70 yildan buyon kulollar ichidaman. Rishton kulolchiligiga ozmi-ko‘pmi hissamni qo‘shdim. Biz qilgan ishlarni ko‘rib, qolgan kulollar ham ishlarimizga havas qilib, ortimizdan kulolchilik an'analarini davom ettirib kelishyapti.

Jurnalistlar mendan «Kulolchilik sohasiga qanday kirib kelgansiz», deb so‘rashadi. Men onamning qornidayoq kulol bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylayman», – deydi usta kulib.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifi davomida Rishton tumanidagi xalqaro kulolchilik markazida bo‘lgan, o‘shanda usta kulol Sharofiddin Yusupov davlat rahbariga lagan sovg‘a qilgan edi.

«Prezidentga rishtonlik ustalar nomidan lagan sovg‘a qilaman desam, Mirziyoyev: «Qaysi laganni sovg‘a qilmoqchisiz?» deb so‘radi. Mana bu laganni deb ko‘rsatdim, birgalashib laganning oldiga bordik. Qumg‘on – suvning ramzi; anorlar – to‘kin-sochinlik, farovonlik, bola-chaqa ramzi. Prezidentga qumg‘on tushirilgan lagan sovg‘a qilaman desam, Shavkat Miromonovich anorni shunday ta'riflab berdiki, hayron qoldim», – deya hayratini yashirmaydi kulol.

Qahramonimizning asarlari Parijdagi Luvr, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj, Moskvadagi Sharqshunoslik va Dunyo xalqlari muzeylarida saqlanadi.

Sharofiddin Yusupovga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi», akademik unvoni berilgan. U «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.

Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid