O‘zbekiston | 07:28 / 25.11.2021
2231
3 daqiqa o‘qiladi

Dehqon xo‘jaliklari uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi 

Foto: Kun.uz

Prezident “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuzildi va uning tarkibi tasdiqlandi.

Kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik yo‘nalishlarida, shuningdek, ochiq elektron tanlovda ishtirok etish bo‘yicha malakali trener-konsultantlarni tayyorlab, ular yordamida dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish Respublika ishchi guruhining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Respublika ishchi guruhi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

  • yigirma kun muddatda har bir hudud uchun kamida 10 nafardan malakali trener-konsultantlarni tayyorlash bo‘yicha dastur va ularni tanlab olishga doir talablarni ishlab chiqadi;
  • bir oy muddatda dehqon xo‘jaliklari uchun qisqa muddatli intensiv o‘quv kurslarini tashkil etish dasturini ishlab chiqadi va har bir tumanda reja-grafik asosida ushbu o‘quv kurslarining tashkil etilishini ta'minlaydi;
  • qishloq xo‘jaligidagi yangi ilmiy yondashuvlar, mavjud xalqaro tajriba va dehqon xo‘jaliklarining faoliyatini o‘rganish natijasida aniqlanayotgan masalalarni inobatga olgan holda, ularga yaqindan, shu jumladan, Internet tarmog‘i orqali doimiy tarzda maslahat berib borish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Prezidentning “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari Intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha doimiy loyiha ofislari deb qayta nomlandi.

Mavzuga oid