Jahon | 10:57
1873
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi

Shimoliy Koreya Chagan provinsiyasidan qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi. Raketalar Yapon dengiziga tushishidan oldin taxminan 250 kilometr uchib o‘tgan.

Foto: Yonhap

Shimoliy Koreya 14 yanvar, seshanba kuni Yapon dengizi tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabiga tayanib.

Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchirish mahalliy vaqt bilan taxminan 9:30 da Chagan provinsiyasining Kange hududidan qayd etilgan. Raketalar dengizga tushishdan oldin taxminan 250 kilometr uchib o‘tgan. Janubiy Koreya harbiylari KXDR tomonidan uchirilgan raketalar soniga aniqlik kiritmadi.

Seul uchirishni Pxenyanning navbatdagi provokatsiyasi sifatida baholamoqda. «Qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalarning masofasini inobatga olgan holda, odatda, ularning nishoni Janubiy Koreya ekanligiga ishoniladi», — deb yozadi Yonhap.

Birlashgan shtab boshliqlari uchirishni Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi «oshkora provokatsiya» deb atadi va Pxenyan «noto‘g‘ri qaror» qabul qilgan taqdirda to‘liq tayyor turishga va’da berdi. Janubiy Koreya harbiylari yangi uchirmalarga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida «kuzatuv va hushyorlikni kuchaytirib, Shimoliy Koreya raketalari bo‘yicha Amerika va Yaponiya tomonlari bilan yaqindan ma’lumot almashganini» qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid