Ukrain dronlari Rossiyaning bir necha regionlariga hujum qildi
Engelsda sanoat korxonasi shikastlangan, Qozonda suyultirilgan gaz bazasi hujumga uchragan.
14 yanvarga o‘tar kechasi ukrain dronlari Rossiyaning bir necha regionlariga — jumladan, Saratov, Voronej va Orlov oblastlari, shuningdek Tataristonga hujum qildi.
Engels va Saratovda hujumlar oqibatida ikkita sanoat korxonasi zarar ko‘rdi, deb xabar bergan gubernator Roman Busargin. Yetkazilgan zarar ko‘lami noma’lum. Busarginning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlar yo‘q. «Ostorojno, novosti» telegram-kanaliga ko‘ra, Engelsda yana neft bazaga hujum qilingan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, obektga kamida ikki bor zarba kelib tushgan, shundan keyin bu yerda yong‘in boshlangan. Ukraina qurolli kuchlari oldin ham hujumga yo‘liqqan neft baza shikastlangani, Tu-160 bombardimonchi samolyotlari uchun mo‘ljallangan yonilg‘i to‘ldirilgan sisternalar yonib ketganini ma’lum qilgan.
Engelsdagi neft bazaga oxirgi marta 8 yanvarga o‘tar kechasi hujum qilingandi. Yong‘inni o‘chirishga bir necha kun ketgan, 13 yanvar kuni Busargin ochiq yonish bartaraf etilganini ma’lum qilgandi. Navbatdagi zarba ham xuddi shu bazaga berilgani yoki yo‘qligi noma’lum.
Shuningdek, Busargin 14 yanvar kuni Saratov va Engelsdagi darslar masofaviy rejimga o‘tkazilishini bildirgan.
Mahalliy telegram-kanallar yozishicha, Qozonda uchuvchisiz uchar qurilmalar «Gazprom»ga qarashli bo‘lgan suyultirilgan gaz klasteri bazasiga hujum qilgan. Baza hududidagi sisternalar yonib ketgan (telegram-kanallarga ko‘ra — uchta; mahalliy rasmiylar bittasi haqida xabar bergan).
Ayrim telegram-kanallar o‘z xabarlarida «Kazanorgsintez» zavodini tilga olishgan, ularning ma’lumotiga ko‘ra, zavod jabr ko‘rmagan. Shahar dispetcherlik xizmatidagilar TASS muxbiriga «federal telegram-kanallarda zavodda yong‘in chiqqani» haqida tarqalgan xabarlar tasdig‘ini topmaganini xabar qilgan. «Yong‘in „Orgsintez“da emas, balki Shimoliy-G‘arbiy ko‘cha, 10-uydagi binoda (suyultirilgan gaz klasteri bazasi) ro‘y bergan», — degan agentlik bilan suhbatdagi manba.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov dronlar hujumi oqibatida boshlangan yong‘in joyiga borganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar va jiddiy vayrongarchiliklar yo‘q, barcha korxonalar shtat rejimida ishlamoqda.
Orlov oblasti gubernatori Andrey Klichkov ham ukrain dronlarining yopirilma hujumi haqida xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, region uzra 17 ta dron urib tushirilgan. Jabrlanganlar va shikastlanish holatlari yo‘qligi aytilgan.
Bundan tashqari, dronlar Voronej oblastiga hujum qilgan. Gubernator Aleksandr Gusev tunda region ustida bir necha dron urib tushirilgani, quruqlikda jarohat olganlar va vayrongarchiliklar qayd etilmaganini ma’lum qilgan.
Shu vaqtda Tula oblasti ham hujumga uchragan. Region gubernatori Dmitriy Milyayev Aleksin dron parchalari tushishi oqibatida bir necha avtomobil va xo‘jalik binolari zararlanganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tunda Tula oblasti hududida jami 17 dron yo‘q qilingan.
Astra telegram-kanalining anonim manbalariga ko‘ra, Tula oblastida tun davomida Aleksin kimyo kombinati, «Tulachermet» va Aleksin issiqlik elektr stansiyasi hujumlar nishoni bo‘lgan, bir nafar harbiy xizmatchi jarohatlangan.
13 yanvar kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari «qo‘shma raketa zarbasi» uyushtirishga uringani haqida Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz ham xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari barcha nishonlarni yo‘q qilgan, jarohatlanganlar bo‘lmagan. Keyinroq RF mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari Bryansk oblastiga oltita ATACMS, oltita Storm Shadow raketalari hamda 31 ta dron bilan hujum qilgani haqida xabar berdi. Rossiya harbiy idorasi xabarida barcha snaryadlar havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilingani, qurbonlar va jabrlanganlar yo‘qligi aytilgan.
Ukraina qurolli kuchlari uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondonligi ukrain harbiylari Selso shahridagi Bryansk kimyo zavodiga aniq zarba yo‘llaganini xabar qilgan. Rossiya harbiy-sanoat kompleksidagi ushbu strategik obektda raketa yonilg‘isi uchun portlovchi moddalar va komponentlar, jumladan, artilleriya, baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, aviatsiya uchun o‘q-dorilar, «X-59» raketalar ishlab chiqariladi, «Grad», «Uragan» va «Tornado-G» tizimlari ta’mirlanadi.
Ukrainadagi nashrlarning mamlakat qurolli kuchlaridagi manbasi tungi hujum davomida Tula oblastida Aleksin kimyo kombinati, Saratov oblastining Engels aerodromidagi o‘q-dori ombori, Saratov neftni qayta ishlash zavodi va Bryansk kimyo zavodiga zarar yetkazilganini tasdiqlagan.
14 yanvar kuni Moskva vaqti bilan ertalabki soat yetti yarimda Rosaviatsiya Qozon, Kaluga, Saratov va Tambov aeroportlarida vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilganini xabar qilgan. Bir soat o‘tib Kaluga va Tambovda cheklovlar bekor qilingan, ammo yana ikki aeroportda — Penza va Ulyanovskda cheklovlar kiritilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina qurolli kuchlari Bryanskka raketa zarbasi yo‘llashga uringani haqida xabar bergan, ammo ukrain dronlarining boshqa regionlarga uyushtirgan hujumlarini esga olmagan.
Mavzuga oid
11:20
Britaniya sobiq mudofaa vazirlari Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborishga chaqirdi
09:49
Germaniya Ukrainaga birinchi yangi g‘ildirakli gaubitsani topshirdi
15:38 / 13.01.2025
Berbok Ukrainaga yordamni qisqartirishga qarshi chiqdi
15:14 / 13.01.2025