Jahon | 11:20
1537
4 daqiqa o‘qiladi

Britaniya sobiq mudofaa vazirlari Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborishga chaqirdi

Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vazirlari London urush tugaganidan keyin Ukrainaga qo‘shin yuborishi kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, ular Britaniyani Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga yordam berishga chaqirdilar.

Foto: Valdrin Xhemaj / Pool / Reuters

Buyuk Britaniya harbiy harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishi kerak, dedi Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps (2023-24) va Gevin Uilyamson (2017-19) Britaniyaning The Telegraph gazetasiga 12 yanvar, yakshanba kuni bergan intervyusida.

«Urushdan keyingi tinchlikparvar kuchlar tarkibida Britaniya qo‘shinlarining ishtirok etishi, albatta, ma’qul bo‘lardi, lekin bu Ukrainaga haqiqatda kerak bo‘lgan narsaning kichik bir qismi», — dedi Shepps. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya «vahshiy va noqonuniy bosqinga qarshi» Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birinchi o‘rinda bo‘lgan va London endi Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishiga yordam berishi kerak. «Kamroq nimadir narsa Ukrainaning jasorati va biz tarafdorlik qilayotgan tamoyillarga xiyonat bo‘ladi», dedi sobiq mudofaa vaziri.

O‘z navbatida, Uilyamson Ukrainada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash «haqiqiy, jismoniy sa’y-harakatlarni talab qilishini» ta’kidladi, shuning uchun ham u bu mamlakatga qo‘shin yuborish tarafdori. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda «Ukraina xavfsizligi tashqi tomondan, NATO yoki Buyuk Britaniya kabi ishonchli hamkorlar sifatida ko‘rish mumkin bo‘lgan davlatlar orqali qo‘llab-quvvatlanishi» juda muhim.

Zelenskiy: Tinchlikparvarlar Rossiyani tinchlikka majburlash vositasi

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatga xorijiy harbiy kontingentning kiritilishi Rossiyani tinchlikka majburlashning «eng yaxshi vositalaridan biri» bo‘lishini aytgan edi. «Keling, buni amalga oshirish uchun ko‘proq ish qilaylik. Va biz Buyuk Britaniyadan buni qo‘llab-quvvatlovchi signallarni eshitdik. Biz dadil bo‘lishimiz kerak va haqiqatan ham kuchli vositalarni taklif qilishimiz kerak», dedi Zelenskiy o‘tgan hafta Germaniyadagi Ramshtayn bazasida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida. 

G‘arb harbiylarini Ukrainaga joylashtirish g‘oyasi birinchi marta Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan 2024 yilning fevralida bildirilgan edi. Buning ortidan Yevropa davlatlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish bo‘yicha harbiy amaliyotlar to‘xtatilgan taqdirda bunday qadam qo‘yish imkoniyatini muhokama qila boshladi. AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ham xuddi shunday yechimga qiziqish bildirdi, deb yozadi Wall Street Journal. Shu bilan birga, Parijda Zelenskiy va Makron bilan uchrashuvda Tramp AQSh armiyasi tinchlikparvarlik missiyasida qatnashmasligini, chunki uning fikricha, Ukrainani himoya qilishda asosiy rol Yevropaga tegishli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Yevropa davlatlari Rossiya bilan urush to‘xtatilgan yoki muzlatilgan taqdirda Ukrainaga harbiy kontingent yuborish bo‘yicha aniq muzokaralar olib bormoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, bunday missiyaning minimal soni Germaniya, Britaniya, Fransiya, Italiya va Polsha kabi besh-sakkiz davlatdan 40 ming askar bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa xavfsizlik xizmatlari Ukrainani Rossiyaning takroriy tajovuzidan himoya qilish uchun 100 minggacha askar kerak bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid