Sport | 18:22 / 26.11.2021
14716
14 daqiqa o‘qiladi

Davron Fayziyevning e’tibori, hiqichoq tufayli «zaxiraga olingani», tanqidlar va Turkiya – Ronaldinoning muxlisi Orif Tolipov bilan suhbat

Tribuna.uz`da yangi loyiha: «Sharhlovchi»

Ilk mehmonimiz – yildan yilga har tomonlama o‘sishga erishayotgan sharhlovchi, muharrir, muxbir, bloger Orif Tolipov. Yosh sharhlovchi bilan futbol, sharh, undagi qiziq voqealar va boshqa mavzularda suhbatlashdik. 

Foto: Tribuna.uz

Sharhlovchilikka kirib kelishi

– 2015 yili «Sport» telekanalida tanlov ko‘rinishidagi ko‘rsatuv tashkil etilgan. Final bosqichigacha yetib borganman. O‘sha ko‘rsatuvda ekspertlar orasida bo‘lgan Davron Fayziyev o‘zi uchun bir necha ishtirokchini belgilab qo‘ygan ekan. Davron aka 2016 yili «UzReport»da faoliyatini boshlagan. O‘shanda kanalga sport muxbiri kerak bo‘lgan. Ulardan «Sizda variantlar bormi?» deb co‘rashganida, meni taklif qilganlar. O‘shanda qiziq bo‘lgan. Davron aka qo‘ng‘iroq qilganida, ovozlaridan tanimaganman. «Hazillashmang, siz Davron Fayziyev emassiz-u», deganman. Keyin Davron aka biroz to‘xtab, ovozlarini sharh jarayonidagi tonga tushirib: «Nega o‘xshamayaptimi?» deganlar. 

    Sinov tariqasida ishga olinganman. Ungacha jurnalistikada faoliyat yuritmaganman, gaz plitasi sexida ishlardim.  2017 yilning yozida o‘rtoqlik bahslari orqali sharhga kirib borganman. Debyutim «Latsio»ning o‘yiniga to‘g‘ri kelgan. Eslab qolganimning sababi, o‘yindan oldin tarkiblarni o‘qiyotganda Immobileni «Immobayl» deb talaffuz qilganman. Davron aka «Yana bir qaytar-chi» deganlar va xatoyimni to‘g‘rilaganlar.

    «UzReport»da muxbirlik, muharrirlik ham qilaman. Lekin sevgan kasbim – sharhlovchilik. Sharhni yaxshi ko‘raman. Ishxonada bo‘sh bo‘lib qolsam ham, sharh xonasiga kirib o‘tiraman. 

Foto: Tribuna.uz

Tanqidlar

– Davron aka «Yaxshi sharhlovchi bo‘lish uchun kamida 4-5 yil kerak» deb aytganlar. To‘xtab qolmasa, o‘z ustida ishlashda davom etsa, 5 yilda tomoshabinlarning asabiga tegmaydigan sharhlovchi bo‘lib yetishish mumkin. Negativlar avvalgidan kamaygan bo‘lsa-da, hali ham bor. Hozircha o‘zimdan to‘liq qoniqayotganim yo‘q.

  Yuzma-yuz tanqid bo‘lmagan. Bir marta mahalladoshim yo‘lda to‘xtatib, umuman sharhlovchilarga nisbatan bir e’tirozni aytgan: «O‘zbek tilini buzib yuboryapsizlar». Men esa futbol terminlarini xalqaro nomi bilan aytishimiz shartligini tushuntirganman. Ayrimlar «ceyv» so‘zini ishlatishimizdan norozi bo‘ladi. Lekin agar bunchalik chuqur yondashsak, «futbol» so‘zini ham o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi.

  Ota-onam asosan maqtov eshitganini aytishadi. Ehtimol, tanqidlar eshitgan bo‘lishsa ham, menga aytishmas.  

Ustozlarning ustun jihatlari

– Xayrulla akamdam, avvalo, bosiqlikni o‘rganish kerak. Menda voqealarga shoshqaloqlik bilan munosabat bildirish odati bor. Ular esa xulosa chiqarishga shoshmaydilar. Keyin samimiyatni ta’kidlagan bo‘lardim. Davron akamdan nozik nuqtalarni ilg‘ashni, sharhga jamiyatdagi voqealarni integratsiya qilish va diplomatik muomalani olgan bo‘lardim.  Bobur akam voqealarga keskin munosabat bildiradi, men ham ba’zi vaziyatlarda shunday qat’iy pozitsiyaga ega bo‘lishni xohlardim. Hasan akam ma’lumotlar, statistikalar, yillar davomida to‘plangan baza bo‘yicha juda kuchli. Ko‘chirib olib, foydalanishni istaysiz.

YouTube`da faollashgani

– Birinchi sabab – moliyaviy jihatdan monetizatsiyaga kirib, kelajak uchun daromad manbasini yaratish. Ikkinchisi – yangi chaqiriq.

 Lekin undagi videolarning sharhga aloqasi yo‘q. Chunki ularni uyda – tungi 01:00dan keyin yozaman.  Shunga sharhlarda «Balandroq gapiring» deb yozishadi. Oila a’zolarim uxlashayotgani uchun past gapirishga majbur bo‘laman.

Totalizator o‘yinlari

– U narsa noto‘g‘riligini o‘zim uchun belgilab bo‘lganman. Qonun ichidami-tashqarisidami, ahamiyatsiz. Bu borada kanalimga reklama beruvchilar chiqib turishadi, ammo rad etaman. Qonuniylashtirilgan taqdirda ham, pozitsiyam o‘zgarmaydi.

  Yaqinlarim ichida totalizator o‘ynaydiganlar yo‘q. Tanishlarim ichida eshitganman. Bu narsaning oxiri yutqiziq bo‘ladi, deb qaytarishga harakat qilaman. Tanishlar davrasiga borib qolsam, o‘yinlardan taxminlarimni so‘rashadi. «Bilmayman» deyman.

  Bir tanishimiz tikardi, yutardi, katta pullar ko‘targanda maqtanardi. Yaqinda qarz so‘radi. Keyin surishtirsam, ancha pul yutqazib qo‘yibdi. Bu oxiri yaxshilik bilan tugaydigan yo‘l emas. 

Foto: Tribuna.uz

Turkiya haqida ko‘p yozishi, kitobga oshnolik

– Turkiya orzumdagi davlat emas-u, lekin ancha narsani o‘rgansa bo‘ladi. U davlatda 2000 yildan keyin bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘zlashtirsa, o‘rgansa, tahlil qilsa bo‘ladi. Shuningdek, Istanbulni, dengizni yaxshi ko‘raman. Ehtimol, bu yoshlikda ko‘rilgan filmlar ta’siri bo‘lsa kerak.

  Komandirovkalarga chiqqanda, albatta, o‘zim bilan kitob olib yuraman. Sevimli asarim – Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» romani. Kamida 2 marta to‘liq o‘qib tugatganman. Bu asarning yaxshi tomoni – qayeridan o‘qisangiz ham, tushunib ketaverasiz. Ba’zi kitoblar bo‘ladi, oxirigacha bir tempda o‘qishingiz kerak. «Lolazor» unday emas. U syujyet emas, boshqa aspektlar uchun o‘qiladi.

«UzReport» YeChLsiz qolgani

– Albatta, ta’sir qildi. Sharhga o‘rganib qolgan odamga haftaning o‘rtasida qiyin bo‘lyapti. Bu – boshqa darajadagi turnir. Futbol ko‘rgan odam buni juda yaxshi tushunadi. Xafa bo‘ldim, ranjidim, lekin tabiiy jarayon. «UzReport»da emasligi biz uchun yomon, ammo O‘zbekiston uchun raqobat bo‘layotgani yaxshi holat. Hali «UzReport» qaytadi. Oldinda rejalar bor.

Sharh – bu …

– Sharh – men uchun futbolning go‘zalligiga eng kamida putur yetkazmaslik, iloji bo‘lsa uni boyitish. Futbol translatsiyasi – kadrning o‘zi bilangina tomoshabinni jalb qila oladigan mahsulot. Sharh esa uni boyitadi yoki, aksincha. Sharh eng kamida futbolga zarar yetkazmasligi kerak.

  Ko‘ringani kabi oson emas. «Shu sharhlovchidan yaxshiroq sharhlayman» deyish juda ham katta xato. Inson qilgan ishni inson qiladi, ammo bosib o‘tish kerak bo‘lgan bosqichlar bor.

  Aktyorlik? Agar Hasan akam bu savolga javob bersa, «Ha» deydi. Men esa bunday hisoblamayman. Futbolni shunchaki kuzatish va sharhlash ham tabiiy ehtiroslar beradi.

Qiziq voqealar

– Yaqinda bo‘ldi. Hiqichoq tutib qoldi. Mikrofonni o‘chiraman-yoqaman, hech o‘tib ketmadi. Tanaffusgacha yetib olib, keyin Muhammadali Muhammadkarimov bilan almashdik.

  La Liga bahslarida takroriy vaziyatlar xuddi jonli o‘yin ketayotgandek ko‘rsatiladi, sekinlashtirilmaydi. Takroriy lavha belgisi yo‘q. Bir soniyaga telefon yoki noutbukka chalg‘isangiz, uning takroriy vaziyat ekanligini bilmay qolasiz. Bir marta shunday bo‘lgan: golni yana bir marta sharhlab yuborganman. Xatoyimni sezgach, «Avvalgisidan yaxshiroq emotsiya bera oldim-a» deb vaziyatdan chiqib ketganman.   

Foto: Tribuna.uz

Ronaldu va Messi bilan o‘yinlarda doim muammolar bo‘ladi. Masalan, «Messi yakkakurashda yutqazdi» desangiz ham, «Sen Messini muhokama qiladigan darajada kim bo‘libsan?» degan tanqidlar yog‘iladi. Yoki maqtasang, «sen Ronalduchisan» «sen Messichisan» deyishadi. Aslida boshqa jamoalar yoki futbolchilar gol urganda ham, ehtiros bo‘ladi. Lekin ularda muxlis kam bo‘lgani uchun sezilmaydi.

Gonorar

- Qaysi o‘yinni sharhlashimizni rejissyorimiz hal qiladi. Avvaldan shunday. 

  Gonorar? Istalgan sharhlovchiga nazar tashlasangiz, boshqa ishlari ham borligini ko‘rasiz. Masalan, o‘zim ham asosan muxbir va muharirman. Chunki sharhlovchilik yuqori daromadli kasb emas. Qachondir faqat sharhlovchilik bilan shug‘ullanib, ko‘p pul topishdan umidimiz yo‘q emas. Lekin hozirgi kunda sharhlovchilikning o‘zi bilan ro‘zg‘or tebratib bo‘lmaydi.

  Gonorar miqdori o‘yinlar darajasiga bog‘liq emas. «El Klasiko»ni sharhlasangiz ham, «Vilyarreal» – «Levante»ni sharhlasangiz ham shartnomada kelishilgan pulni olasiz. Lekin, albatta, sharhlovchilarga darajasi va tajribasiga qarab maosh to‘lanadi. 

Foto: Tribuna.uz

Qisqa savol-javoblar

– Futbolda qaysi qoidaga o‘zgartirish kiritgan bo‘lardingiz?

– Futbol optimal variantda, deb hisoblayman. To‘g‘ri, mukammallashtirish uchun VAR`ga o‘xshagan detallar kiritilyapti. Lekin shaxsan toshoshabin va sharhlovchi sifatida menga xalal berayotgan narsa yo‘q.

– Rejissyor bir o‘yin bo‘yicha kino olmoqchi. Qaysi bahsni tavsiya qilasiz?

– 1999 yilgi EChL finali, asr uchrashuvi – «MYu» – «Bavariya» (2:1).

– Futbol tufayli yig‘laganmisiz?

– Asosan, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlarida hissiyot keladi. Yig‘i bo‘lmasa ham, mag‘lubiyatlarda bo‘g‘zingizga nimadir tiqiladi. Alamli o‘yinlarimiz ko‘p bo‘lgan. Ayniqsa, jahon chempionatiga chiqishimizga bir qadam qolganida muvaffaqiyatsizlikka uchraganimizda, yig‘lagudek holga tushganman.

– O‘zbek futbolidagi muammolar?

– Eng katta muammo – klublarning mahalliy budjetlarga qaramligi. So‘nggi paytlarda hakamlik masalasi ham ko‘p tilga olinmoqda. Lekin hakamlik qachondir yaxshi bo‘lgan, demak, to‘g‘rilasa bo‘ladi. Ammo 30 yil bo‘ldiki, xususiylashtirish bo‘lmayapti. Jarayon qiyin kechmoqda.

– Jahon chempionatini har 2 yilda o‘tkazish g‘oyasiga munosabatingiz?

– Ishqibozlar uchun har 2 yilda o‘tkaziladigan yirik turnir bor: JCh va Yevro. Bu – ko‘rimlilik jihatidan yechilgan masala. Shaxsan men bu g‘oyaga qo‘shilmayman, yirik musobaqalar 4 yilda bir o‘tkazilishi tarafdoriman. 

Foto: Tribuna.uz

– Eng yaxshi o‘yin?

– 2009 yil APL doirasidagi «Liverpul» – «Arsenal» bahsi. 4:4 hisobi qayd etilgan o‘yinda men uchun dunyoning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri sanalgan Andrey Arshavin poker qayd etgan. Bunday ssenariyni boshqa ko‘rmaganman. O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlariga keladigan bo‘lsak, Qatarda o‘tgan 2011 yilgi Osiyo Kubogidagi bahslarni aytishim mumkin.

– Esda qolarli kambeklar?

– «MYu» – «Bavariya» (2:1, 1999 yilgi EChL finali), «Manchester Siti» –«MYu» (2:3, 2018 yil APLda), «Selta» – «Barselona» (3:3, 2021 yil La Ligada).

– Eng chiroyli 3ta gol?

– Dennis Bergkampning «Nyukasl»ga urgan goli (2002 yil), Ronaldinoning JCh-2002da Angliyaga jarimadan kiritgan to‘pi, Ueyn Runining Manchester derbisida akrobatik usulda urgan goli (2011 yil).

– Pepning «Barsa»si yoki Zidanning birinchi «Real»i?

– Pepning «Barsa»si.

«Oltin to‘p-2021»ga kim haqli?

– Jorjino.

– Esda qolarli JCh va Yevro?

– JCh-2002 va Yevro-2020.

– Xavi «Barsa» uchun yangi Gvardiola bo‘la oladimi?

– Ha, potensiali bor. U murabbiylikka noldan kelayotgani yo‘q.

– Tarixdagi eng yaxshi o‘yinchi?

– Ronaldino.

– Fati yo Vinisius?

– Vinisius.

– Sulsher yoki Arteta?

– Sulsher.

– Peres yo Laporta?

– Turgan o‘rniga ko‘ra Peres kuchliroq.

Ramziy terma jamoa: Shey Given – Dani Alves, Jon Terri, Serxio Ramos, Patris Evra – Andrea Pirlo, Andres Inesta, Devid Bekhem – Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Robert Levandovski.

A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov    

Mavzuga oid