Sport | 16:10 / 20.05.2022
27870
19 daqiqa o‘qiladi

Qosimov assisti, shifokor hayrati, qiziq voqealar, Italiya, haqoratlar va mushtlashuv – Dilshodbek To‘xtabekov bilan intervyu

Ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi yo‘q sharhlovchini uchratish qiyin, ammo biz topdik. «Sharhlovchi»ning 3-soni mehmoni – hamkasblari tomonidan «futbol professori» nomini olgan, kuchli xotiraga ega Dilshodbek To‘xtabekov.

Futbolga muhabbat va sharhlovchilikka kirib kelishi

– Sharhlovchilarning ko‘pchiligiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, bolaligida futbolchi bo‘lishni orzu qilgan. Menda ham shunday – bolaligimdan futbolchi bo‘lishni xohlaganman. 1994 yilgi mundial, 1996 yilgi Osiyo Kubogi futbolga qiziqishimga sabab bo‘lgan. «Kasallik» shundan kelib chiqa boshlagan. 1998 yilgi jahon chempionati va 2000 yilgi Yevropa chempionati futbolga muhabbatimni yanada oshirgan. «Qaniydi, futbolchi bo‘lsam…» deb orzu qilardim.

Orzularim hatto tushlarimga ko‘chardi. 2000 yilgi ­tariximizdagi eng sharmandali Osiyo chempionati (O‘zbekiston Yaponiyaga 1:8, Saudiyaga 0:5 hisobida yutqazgan) vaqti tushimda o‘zimni O‘zbekiston milliy jamoasida ko‘rganman. Juda yaxshi eslayman: Turkmaniston bilan o‘yinda Mirjalol Qosimovning uzatmasidan so‘ng gol urganman va o‘sha bahsda 2:1ga yutganmiz.

Lekin hayotda orzum amalga oshmadi. Shundan so‘ng Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Sharhlovchi bo‘lishni maqsad qildim. O‘shanda ham asosiy o‘qiydiganimiz futbol gazetalari edi. Uch o‘rtoq uch xil gazeta – «Interfutbol», «Futbol ekspress» va «O‘zbekiston futboli»ni olib, almashtirib o‘qirdik.

2003 yil noyabr oylaridan televideniyega amaliyotga qatnaganman. 2004 yildan «Sport» telekanali tashkil etildi. O‘sha yil yozida amaliyotimni «Sport»ga olib, Afina olimpiadasi, Yevropa chempionati va Osiyo Kubogini ko‘rdim, ustozlar bilan birga ishladim.

Ustozlari haqida

– Birinchi bor qo‘limdan tutgan Xayrulla Hamidov va marhum Davlat Turdialiyevni alohida tilga olgan bo‘lardim. Ilk chiqishim Xayrulla akaning «Futbol plyus» dasturlariga to‘g‘ri keladi. Hech esimdan chiqmaydi – 2004 yil 25 iyul kuni otamning tug‘ilgan kunlarida efirga ketgan. «Real» haqida lavha tayyorlagandim.

Davlat akaning yaxshi xususiyatlari bor edi: o‘sib kelayotgan yoshlarni ko‘rsalar, hech qachon ko‘ksidan itarmasdilar. Xatolarni shunday ko‘rsatib berardilarki, cho‘kib ham qolmasdik va shu bilan birga turtki bo‘lardi. Umrlarining so‘nggi yillarida eng ko‘p tandemda ishlaganimdan faxrlanaman.

Foto: Tribuna.uz

Sharhga birinchi marta Eldor Mustafoyev olib kirgan. Qo‘rqardim. Lekin Eldor aka ichki qo‘rquvni yengishimga sababchi bo‘lgan. Hozir ham shunday: hech kimdan so‘ramay, yosh shogirdlarni sharhga olib kirib ketaveradi. Tavakkalchi inson.

Zafar Imomxo‘jayevning ham o‘rni bor. Ancha talabchan inson. Zafar aka meni tasvirga olish guruhi bilan birinchi marta s’yomkaga chiqarib yuborgan. «Futbol sharhi» ko‘rsatuvida ishlab ham ancha tajriba orttirganman.

Ustozlar orasida Jamoliddin Bobojonovni ham ta’kidlagan bo‘lardim. Bu odam sharhlovchi emas, lekin men va tengqurlarimga katta ta’siri bo‘lgan. Jamol aka meni boshlovchi sifatida jonli efirga olib chiqqan – 2010 yilgi JCh paytida. Ham turtki berardilar, ham tirkovchi bo‘lardilar. Nafaqat meni, Davron Fayziyevni ham, hatto tengqurlari – Eldor Mustafoyev va Xayrulla Hamidovni ham gap bilan «savalardilar». Lekin buni beg‘ubor amalga oshiradilar.

Futbol sog‘liqdan muhimmi? Shifokorlar hayratda

– Futbolni deb operatsiyadan qolgan paytim bo‘lgan. Bu Yevro-2000 finali kuniga to‘g‘ri keladi. Musobaqa davomida Italiyaga muxlislik qilganman. «Moviy gvardiya» finalda Fransiya bilan o‘ynashi kerak edi. O‘sha kuni ertalabdan qorin qismimda kuchli og‘riq boshlandi. Viloyat shifoxonasiga bordik. Tekshiruvlar bo‘lgunicha kech kirdi. Ko‘richak (appenditsit) deya taxmin qilishdi. Operatsiya qilamiz, narkozda bo‘lasan deyishdi. «Ertalabgacha turmaymanmi?» – deb so‘radim. «Ha» javobini berishgach, «Unda avval futbolni ko‘rib olaman», – dedim. Hayron bo‘lishdi, yorilib ketsa ahvolim yomon bo‘lishi haqida ogohlantirishdi. Baribir qarorim o‘zgarmadi.

O‘yinni ko‘rdik. Italiya 1:0ga yutib turgan joyida Fransiya so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirdi va qo‘shimcha bo‘limlarda g‘alabani ilib ketdi. O‘yinga berilib ketganimdan og‘riq esdan chiqdi. Vaholanki, shifoxonaga emaklab borganman. Futbol ko‘rib o‘tirganimni kuzatgan anesteziolog ota-onamga «O‘g‘lingizni operatsiya qildirmang. Jarroh qo‘liga bermang. Bu ko‘richak emas. Bemalol futbol ko‘rib o‘tiribdi-yu», degan. Haligacha o‘sha kungi og‘riq sababini bilmayman. Operatsiya bo‘lmagan.

Foto: Tribuna.uz

Sharh – bu…

– Sharh – bayram. Bolalikda militsioner amakiga yalinib, stadionga kirasiz. Maydon chetidan Qosimov,Shkvirin va Shirshovlarni ko‘rasiz. Havas qilasiz. Keyinchalik o‘zingiz yaxshi ko‘rgan sport turini sharhlaysiz, uning ichida qaynaysiz. Sharh bu – zavq, bayram. Bundan ortiq so‘z topish mumkin emas.        

Sharhdagi qiziq voqealar

– Afrika Millatlar Kubogi yarimfinalini sharhlayotganimda muxlislar o‘rtasida janjal bo‘lib ketgan. Ular maydonga tushishgan. Shu payt vertolyot odamlar ustiga to‘g‘ri uchib kela boshlagan. Shu orqali bosim qilib, muxlislarni haydashmoqchi bo‘lgan. Bunaqasini ko‘rmagandim. Nima deyishni bilmay qolganman.  

Surxondaryoda 2011 yili «Barkamol avlod» o‘yinlarini sharhlayotganimda qiziq holat bo‘lgan. Stadion noqulay ko‘rinishda ekan, kameraga qulay joy topilmagan. Maydon, muxlislar uchun 2 qator o‘rindiq va devor bor edi. Devor orqasiga biz uchun simyog‘och chiroqlarini tuzatadigan mashina olib kelishgan. Kichik joyga kameralar, operator va men arang sig‘ganmiz. Sharhlayotganimda mashina silkinib turgan. Tepalikdamiz, yuragimiz o‘ynab ketgan. Final kuni mashina devor ortidan ko‘tarildi: qarasak, maydon markazi emas. Qaytadan tushirib, to‘g‘ri joyni topgunimizcha o‘yinni boshlamay turishgan. Bilasiz, Termiz juda issiq. Futbolchilar terga botib ketgan. Hamma bizni kutyapti. Oxiri «g‘iyq-g‘iyq» etib ko‘tarildik, hakam bizga qarab «Xayriyat, bo‘ldimi?» – deb hushtagini chalgan.

Eng yaxshi sharhlovchilar, tandemda ishlash

– Rus tilida Otabek Jo‘rayev, o‘zbekchada Davron Fayziyevning sharhlari yoqadi. Ular ancha erkin sharhlashadi, ko‘p narsa olsa bo‘ladi. O‘rgansa bo‘ladigan jihatlar ko‘p.

Eng yaxshi tandem sifatida ustozimiz Davlat Turdialiyevni aytgan bo‘lardim. Bosim bo‘lardi, lekin ko‘p narsa o‘rgatardilar. Shuningdek, Sardor Rahimov. U bilan futbol emas, xokkey sharhlaganmiz. Nafaqat sharh, ko‘rsatuvlarda ham, hayotda ham yaxshi chiqishamiz.

Yevrofutbol yoki o‘zbek futbolini sharhlash?

– Bir paytlar O‘zbekiston olimpiya jamoasi safarda Eronga 1:6 hisobida yutqazib kelgan. O‘shanda aksariyat ishqibozlar «Xayrulla Hamidov nima der ekan? » deb «Futbol plyus»ni kutishardi. Shaxsan o‘zim ham. Ammo Xayrulla aka chiqib: «Ko‘pchilik Eron bilan o‘yin haqida gapirishimizni xohlayotgandir. Ammo biz bu bahsga to‘xtalmaymiz, chunki bu o‘yin ko‘rsatuvimiz vaqtini olishga ham arzimaydi. Shuning uchun, keling, haqiqiy futbol bo‘ladigan Yevropaga o‘tamiz», – deganlar. Qaysidir ma’noda savolingizga javob berdim, shekilli.

Ammo baribir Vataningiz milliy jamoasiga xayrixohlik bo‘ladi. Qo‘shnim bor: milliy jamoa yutqazsa, futbolchilarni so‘kadi. «Qaytib ko‘rmayman» deydi, lekin navbatdagi o‘yin yaqinlashishi bilan yana qiziqa boshlaydi. Bizda ham xuddi shunaqa: qoniqmasligingiz yoki zerikib ketishingiz mumkin, biroq o‘zimizning futbol. Yaxshi o‘yinlar ham bor. Masalan, o‘tgan mavsumda «Nasaf» – «Paxtakor» (2:3) bahsini sharhlaganda mazza qilganman. Mezbonlar 2ta gol urishi, so‘ng «Paxtakor» kambek qilishi… Qaniydi, hamma o‘yinlar ham shunaqa ruhda o‘tsa.

Foto: Tribuna.uz

«Sport»da yevrofutbolsiz yillar

– Albatta, yo‘qotish. Zavq-shavqingiz yo‘qoladi. Sharhlamaganingiz uchun biroz bo‘lsa ham, yevrofutboldan uzoqlashasiz.

Nima desam ekan?  Yosh bolaga muzqaymoqni ko‘rsatyapsiz, ammo bermayapsiz. Shunga o‘xshagan narsa. Juda og‘ir holat.

Buning foydali tomonlari ham bo‘ldi. Raqobatchi chiqqach, biz ham joyimizdan turmasdan ishlay boshladik. Marketing nuqtayi nazarida oldinga yurish kerakligini tushundik.

«Bir chetda tursang, bo‘lmas ekan…»

– «Sport»ga kelganimdan so‘ng bir necha yil davomida hech kim bilan o‘yin talashmadim. Lekin ma’lum bir paytga kelganda, fikrim o‘zgardi. Qarasam, kimligini aytmayman, markaziy o‘yinlar muntazam ravishda 1-2 kishiga tusha boshladi. Keyin jarayonni kuzatsam, «hal qiladigan» yo‘llari bor ekan. Ularni ham tushunaman – hamma katta o‘yinlarni sharhlashni xohlaydi. Biroq shaxsan men almashib turish tarafdoriman. Masalan, bu hafta «Bavariya» – «Borussiya» D bahsini men sharhlasam, keyingi hafta «Borussiya» D – «Bayyer»ni boshqa kishi sharhlagani to‘g‘ri.

Markaziy o‘yinlarga o‘zini qo‘ydirayotganlarni bilganimdan keyin «Iya, bir chetda tursang ham, bo‘lmas ekan» degan fikr kelgan. Ammo ich-ichimdan bunga qarshiman. Chunki bunday o‘yinlar mas’uliyat beradi, sharhlovchi sifatida o‘stiradi. 

Fikr, ovoz yoki statistika?

– Faoliyatim boshida statistikani eng muhimi, deb o‘ylaganman. Ammo, aksincha, ekan. Futbol tarixi va statistika bo‘yicha o‘ta bilimdonlar ko‘p, lekin bevosita sharh jarayoni umuman boshqa narsa. Butun futbol tarixini bilsangiz ham, o‘ynayotgan jamoalarga oid ma’lumotlarni 5-10 daqiqada aytib bo‘lasiz. Qolgan 80 daqiqa gap topish oson emas. O‘yin qaynab turgan bo‘lsa, muxlisga statistika ham kerak emas. Shuning uchun fikrni birinchi o‘ringa qo‘yaman. Rahmatli Davlat aka aytardilar: «Xayrulla televideniyega kelganida, ko‘pchilik ma’qul ko‘rmagan. «Shu ham sharhlovchi bo‘ladimi?» deyishgan. Sabr qilinglar, uning fikri bor». Xayrulla Hamidovni mashhur qilgan jihat – aynan fikrlari. Ovoz ikkinchi o‘rinda.  

Qo‘shimcha daromad manbayi

– Ko‘pchilik efirga chiqqan odamni badavlat deb o‘ylaydi. «Sizlar to‘ylarga chiqasizlar-ku» deyishadi. Aslida unday emas. Deyarli hamma sharhlovchilarda qo‘shimcha daromad manbayi bo‘ladi. Menda uyda chorva bor, avval issiqxonamiz bo‘lardi.

Foto: Tribuna.uz

Tanqidlar, ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qligi sababi

– Tanqid o‘chog‘i sifatida biz uchun qora kunlarga aylangan paytlarni sabab sifatida ko‘rsatish mumkin. Chunki futbol bermay qo‘ydik. Ishoning, ichimizdan qirindi o‘tgan. Jahon futbolida eng zo‘r o‘yinlar bo‘lyapti, biz esa olib bermayapmiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qligimni hamkasblarim ham tanqid qilishadi. Ha, bu ­– kamchiligim. Zamonga qarab o‘zgarishim kerakdir. Hozir deyarli hamma sharhlovchining telegram kanali bor. Bundan pul ham topishadi. Lekin o‘zimni buning ichida ko‘rmayman. «Seniki emas» degan kuch itarib turadi. Internetdan shunchaki axborot olishda foydalanaman. Saviyasiz narsalar ko‘payib ketdi, shularning ichida bo‘lishni xohlamayman.

Asossiz tanqid qiladiganlar ko‘p. Gapirmaganimni «gapirding» deb, muxlislarning katta bir armiyasi hujumga o‘tishgan. Bir yosh bolaning noto‘g‘ri gapiga ishonib, haqorat qilishgan. Muxlislardan uzr so‘rab, videomurojaat qilishimni so‘rashgan. «Isbotlay olmasang, sen mendan uzr so‘raysanmi?» desam «yo‘q» deyishgan.   

Toshkentdan bo‘lganimiz uchun «poytaxt jamoalariga yon bosadi» degan tanqidlar ham bo‘ladi. Shaxsan men necha yildan beri viloyat klubi chempion bo‘lishini orziqib kutaman. Viloyat jamoalari Toshkent klublarini mag‘lub etsa, xursand bo‘laman. Raqobat oshadi.

Tanqidlar sabab ichki ishlarga murojaat qilgan paytim ham bo‘lgan. Bu milliy jamoamiz o‘yini bilan bog‘liq. Babayan davrida men sharhlagan o‘yinlarda Janubiy Koreya (1:2) va Xitoyga (0:1) yutqazib qo‘ydik. Ikkinchisida Xayrulla aka bilan tandemda edik. Jamoaning o‘yini o‘xshamaydi, aybdor biz. SMS kelyapti: «Sening oyog‘ing yoqmadi». Indamasam, oilamni ham haqorat qilyapti. Telefon qilsam, ko‘tarmaydi. Keyin uchastka noziriga chiqib, topib berishlarini so‘radim. Qo‘qondan 55 yoshli kishi ekan. Jabrdiyda men-ku, lekin Qo‘qonga borishim kerak emish.

«O‘tlab ketish» odati

– Bu odat menda yo‘q, deya olmayman. Asosiy e’tirozlar shundan. Demak, bu – muammoyim. Juda ko‘p ma’lumotni miyamda ushlab turib, berishga harakat qilaman. Sohaga kelayotganimda, tamal toshi noto‘g‘ri qo‘yilganidan, deb o‘ylayman. Statistika muhim, degan fikr bo‘lgan.

Sekin-asta o‘zgarishga urinyapman. Avval ma’lumotlarga chalg‘ib, vaziyatlarni o‘tkazib yuborardim. Hozir xavfli vaziyat bo‘ldimi, ma’lumotni otib yuborishga harakat qilaman.

«Ishxonaga ko‘zim ko‘karib kelgan paytlar bo‘lgan»

– Xarakterimda qiziqqonlik, jizzakilik bor. Avvallari avtomobilda ketayotganimda, qoida buzganlar bilan ko‘p tortishardim, natijada ishxonaga ko‘zim ko‘karib kelgan paytlar bo‘lgan. Bir marta onam operatsiya bo‘lganlarida, ularning oldilariga ham shunday borganman. Yo‘limni bir avtomobil kesib o‘tgan, men ham shunday javob qaytarganman. Keyin meni so‘kkan, ko‘chada urishib ketib qolganmiz. Aslida urishqoq emasman, ammo noto‘g‘ri harakatni ko‘rsam, indamay keta olmayman.

«Murod Rizayev bilan ko‘p bahslashamiz»

– Hamkasblar bilan ko‘rsatuvgacha va ko‘rsatuv davomida futbol mavzusida bahslashishimiz mumkin, ammo bu shaxsiy munosabatlarni o‘zgartirmaydi.

Faqat men emas, ko‘pchilikning fikri Murod Rizayev bilan qarshi chiqib qoladi. Ehtimol, qiziq bo‘lishi uchun atayin qiladilar. «Turdan turgacha» ko‘rsatuvida ham Davron Fayziyev, men va Zohid Karimov bir tomon, Murod aka boshqa tomon bo‘lib qolardi. Davron va Zohid kulgi bilan yengardi, menda biroz jizzakilik yuzaga chiqib ketardi.

Sharhda she’r o‘qishga munosabat

– O‘zim she’riyatni juda yaxshi ko‘raman. Ishxonada ham adabiyotdan ko‘p gapiradigan insonlar toifasidanman, ammo sharhga she’r qo‘shishga xushim yo‘q. Yaqinda bir ukamiz «she’r bilan boshlasam maylimi?» – dedi. To‘g‘risi, menga yoqmadi. Bu jihat Xayrulla akamda bor.

Bir paytlar Sardor Rahimov endi sharhga kirib kelganida, uni tanqid qilganman. Uslubi shouga xos. Otabek Jo‘rayev unga to‘g‘ri ta’rif bergan: «Sardor sharhni to‘yga aylantiradi. O‘zbekcha to‘y emas, amerikacha». O‘shanda yangilikni qabul qila olmaganman. Ammo hozir bu uslub unga yarashadi. Balki, sharhni she’r bilan boshlash ham odatiy holga aylanar.

3 kitob tavsiyasi

– «Usta va Margarita» (M.Bulgakov), «Qiyomat» (Ch.Aytmatov) va «O‘tkan kunlar» (A.Qodiriy).

Qisqa savol-javoblar

– Eng yaxshi futbolchi?

– Pele / O‘zbekistondan Mirjalol Qosimov

– Esda qolarli o‘yin?

– 2005 yili JCh-2006 saralashi doirasidagi O‘zbekiston – Quvayt (3:2) o‘yini

– 3 maestro?

– Zidan, Bergkamp, Del Pero

– Eng chiroyli gol?

– Zidanning YeChL-2002 finalida «Bayyer»ga (2:1) urgan goli

– Eng kuchli jamoa?

– Gvardiola davridagi «Barselona» (2009-2011) va Fransiya milliy jamoasi (1998-2000)

– Esda qolarli kambeklar?

– O‘zbekiston – Quvayt (3:2) va Yevro-2000 finalida Italiya – Fransiya (1:2)

– “Yuventus» XXI asrda EChLni yuta olmayotgani sababi?

– Moliyaviy imkoniyati qolganlarga nisbatan yaxshi emasligi

–  JCh-2022 favoriti?

– Fransiya

– Eng yaxshi darvozabon?

– Lev Yashin

– O‘zbek futbolidagi asosiy muammo?

– Halollik juda past darajada

– Allegri yo Konte?

– Konte

Ramziy jamoa: Janluiji Buffon – Fabio Kannavaro, Alessandro Nesta, Paolo Maldini, Kafu – Zinedin Zidan, Pol Skoulz, Patrik Viyeyra – Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Ronaldo.

Bosh murabbiy: Valeriy Lobanovskiy

A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Mavzuga oid