Sport | 20:01 / 04.03.2022
28870
16 daqiqa o‘qiladi

«Sharh – men uchun bayram». Otabek Jo‘rayev bilan sharhlovchilik, tanqidlar, futbol va totalizator haqida suhbat  

«Sharhlovchi» loyihasining 2-sonida ikki tilda futbol sharhlashni uddalayotgan, o‘ziga xos o‘xshatishlar ustasi, muxlislar bilan erinmay muloqot qiladigan Otabek Jo‘rayev kutilgan va kutilmagan savollarga javob qaytardi.

Sharhlovchilikka kirib kelishi

– Tasodifan kelib qolganman. 2015 yili sharhlovchi Jasurbek G‘aybullayev men bilan aloqaga chiqdi va «UzReport»da o‘zimni sinab ko‘rishimni tavsiya qildi. Bordim, xonaga kirdim. «Barselona» – «Yuventus» (3:1) o‘rtasidagi 2015 yilgi Chempionlar Ligasi finalini qo‘yib berishdi. Sharhlagandek bo‘ldim, aniqrog‘i, gapirdim. Oradan bir necha kun o‘tgach, Aleksandr Shmurnov va boshqa rus sharhlovchilarining master-klassiga bordim. O‘shanda «Ertaga futbol sharhlaysan», deyishdi. Barchasi kutilmaganda tez bo‘lib ketdi.

    Ilk sharhim? Shmurnov bilan EChL guruh bosqichidagi «Roma» – «Barselona» (1:1) bahsi bo‘lgan. Aytgancha, o‘sha paytda Eldor Shomurodov «Roma»da yo‘q edi. Suares hisobni ochgan bo‘lsa, Florensi maydon markazidan gol urib ter Stegenga «alangali salom yo‘llagandi». O‘sha kuni asosan Sasha aka gapirdi. Men esa «Assalomu alaykum» va «Xayr. Ko‘rishguncha» dedim.

    Hayajon bo‘lmadi. Chunki hali qayerga kelganimni yaxshi anglamagandim. Ayrimlar sharhlovchi bo‘laman, deb butun umr orzu qiladi. Menda esa bunday niyat bo‘lmagan. Ammo imkoniyat bo‘lib qoldi. Ikkinchi sharhimda, ha, emotsiyalar bo‘lgan.

Sharhlovchilikdan tashqari

– Soham? TATUda o‘qiganman. Informatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lishim kerak edi, lekin soham bo‘yicha bir kun ham ishlamadim.

    Sharhlovchilikda tashqari? Ha, boshqa ishlarim ham bor. «Sport»da «Reklama va marketing» bo‘limi rahbariman. Bundan tashqari, ko‘chada boshqa loyihalarim ham bor. Lekin hozir bularni gapirmayman. Chunki intervyu ijtimoiy tarmoqqa chiqqach, soliq inspeksiyasidan qiziqib qolishlari mumkin. Keyin soliq deklaratsiyalarini to‘ldirishimga to‘g‘ri keladi.

Havas qiladigan sharhlovchilari

 – Birinchisi – Aleksey Andronov. Uning tahlillari kuchli edi. Lekin vaqt o‘tib, uni eshitmay qo‘ydim, chunki Andronov siyosatga berilib ketdi. Ikkinchisi – Yuriy Rozanov. U universal edi – istalgan sport turini tushunardi, sharhlay olardi. Bugungi kunda Denis Kazanskiy va Roman Gutsayt sharhlarini ko‘proq eshitaman.

«Sharh – men uchun bayram»

– Sharh – avvalo, hobbi. Lekin hozirgi kunda kasbga aylandi. Har holda shu orqali plastik kartochkaga pul tushib turibdi. Ta’kidlashim kerakki, men muxlislardan chiqqanman. Oddiy muxlis edim. Omadim kelib, tasodifan shu kasbga kelib qoldim. Shu sabab telegram kanalimda ham muxlislarning savollariga to‘liq javob berishga harakat qilaman. Ular begona emas. 

    Qiziq voqealar? Men aslida zerikarli sharhlovchiman. Qiziqmi-yo‘qmi, bilmadim-u, sharh paytida hushdan ketishimga sal qolgan. Avvalroq boksga qatnar edim. Bir marta mashg‘ulotlarda jarohat olganman. Qovurg‘am singan ekan. O‘zbekchilik – erindim, shifoxonaga bormadim. 2 kun o‘tgach, YeChL o‘yinini sharhlayotganimda xavfli vaziyatda baqirdim. O‘shanda qovurg‘am o‘pkaga kirgandek bo‘ldi. Arang o‘zimga keldim. So‘ng shifoxonaga bordim. Shifokorlar: «Tabriklaymiz, 3 kun qanday qilib yurdingiz?» deyishdi.

    «Y operatsiyasi»da bir qahramon «Imtihon – men uchun bayram» deydi. Sharh ham menga xuddi shunday. Sharh – men uchun bayram, ijod. Qaysi jamoalar o‘yinini sharhlashning qizig‘i yo‘q. Pastki o‘rinlardagi jamoalar o‘ynasa ham, sharhlayveraman. Shunda bilmagan futbolchilaringizni bilib olasiz.

 

Sharhlovchining sevimli jamoasi bo‘lishi?

– Bu yerda aniq javob yo‘q. O‘zbekistonlik hamkasblarim negadir berkitishadi. Ehtimol, «heyter»larga yo‘liqishni xohlashmaydi. Rus sharhlovchilari esa berkitishmaydi.

    Fikrimcha, sharhlovchi sevimli jamoasini aytishi noto‘g‘ri emas. Lekin u o‘zi yoqtirgan jamoa ishtirokidagi bahsni sharhlamasligi kerak. Xolislik bo‘lmaydi.

Sharhga tayyorgarlik

– Shu yerda Rozanovdan iqtibos keltiraman: «Sharhlovchi sharhga maksimum 2 soat tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Agar bundan oshib ketsa, u kasbini o‘zgartirishi kerak». 1 soat tayyorgarlik ko‘rib, tarjibasidan va avvalgi bilimlaridan foydalangan holda sharhga kirsa ham bo‘ladi.

    Sharhga tayyorlanishda statistikalarni to‘playsiz. O‘yin paytida ularning atigi 20 foizini aytishga ulgursangiz, demak, bahs zo‘r o‘tdi. Lekin aytilmay qolgan 80 foizi sharhlovchining xotirasida qoladi va bu keyinchalik yordam beradi.

«SportTV» sharhlovchilariga e’tirozlar

– E’tirozlar bo‘lsa, bekorga emas. Lekin buning to‘liq sababini bilmayman, chunki telekanalga kelganimga ko‘p bo‘lmadi. Asosiy sabablardan biri – kanal sharhlovchilari ma’lum muddat davomida yevrofutbolni sharhlashmagani. Ya’ni ular amaliyotsiz qolib ketishgan. Shuning uchun translatsiyalar qaytgach, dastlabki sharhlarda qiynalishgan. Tanqid bo‘lsa, to‘g‘ri qabul qilamiz. Lekin shaxsiyatga o‘tilsa, bu yomon.  

    Shu o‘rinda telekanalning bir «minusini»  aytmoqchiman – piar degan narsa yo‘q. Masalan, Fyodor Yemelyanenko – u faqat oktagonga chiqardi, jang qilardi. Konor Makgregor esa janglardan avval gap-so‘zlar, intervyular bilan piar qilardi. Shuning uchun u mashhurroq.

    Qilgan ishingni ko‘rsatishda piar muhim. Translatsiyalarni xarid qildik, buni gapirishimiz kerak. Biz esa «Xizmat qilamiz. Bizni ko‘ringlar» deymiz xolos. «Vau» deb e’lon qilmaymiz. Tokio-2020 olimpiadasini olaylik: 5ta telekanaldan translatsiya qildik, o‘zbek sportchilari ishtirokidagi bahslarning deyarli hammasini qamrab oldik. Bu tarixiy voqea edi. Lekin hech qayerda ortiqcha ovoza qilmadik. Olimpiada yakunlangach, texnikalarni o‘chirdik va uyga ketdik. Bo‘ldi, jim. Mehnatimizni ko‘rsatmadik. Xalq yigitlarning mehnatini, ularning kechasi bilan yotib qolib ishlashayotganini ko‘rmayapti.

«Roma» o‘ynayotganida Eldorni ko‘p gapirishimiz – normal holat»

– Sharhda Shomurodovni ko‘p gapiramiz? Janubiy Koreyada Park Ji Sun degan futbolchi bo‘lgan. U «MYu»da o‘ynaganida, mahalliy televideniye qanchalik e’tibor ko‘rsatgan. Hozir Son Hyon Min bilan shunday. Ular g‘ururlanadi. Menimcha, bu yaxshi narsa. Auditoriyaga «Roma»dan ko‘ra, Eldor qiziq. Umuman olganda, hamma muxlisga birdek yoqish qiyin.

    Mourinoning Shomurodovga tanqidi? Tanqid o‘rinli, ammo kiyinish xonasida bo‘lsa. Ommaga olib chiqish noto‘g‘ri.

«Sharhlovchilarning gonorari oshishi kerak»

– Gonorar miqdori sharhlovchining toifasiga bog‘liq. Shuningdek, sharh stadiondan bo‘lsa, gonorar qimmatroq bo‘ladi. Yevropadan tayyor signal kelsa, boshqa narx. Narxlarni hamkasbimiz Sardor Rahimov yaxshiroq biladi. 

    Albatta, sharhlovchilarga ko‘proq maosh to‘lash kerak. Chet elda sharhlovchilarga ko‘proq to‘lashadi. Masalan, hamkasblarim gapirib berishgan: intervyu olishga borishganida, intervyu beruvchi kishilar mensishmagan. «Bu avtobusda yoki piyoda yuradi» qabilida munosabat ko‘rsatishgan.

«Sen yomon sharhlaganing uchun yutqazdik»

– Yuzma-yuz tanqidlar? Buning uchun, avvalo, «dux» kerak. Men bilan ikki bor bunday holat bo‘lgan. Birinchisi, «Humo» o‘ynayotganda, arenada turib sharhlaganman. Sharh joyi atrofi ochiq edi. Ayrim muxlislar yonimda turgan, «men ham gapirib ko‘rsam bo‘ladimi? » deganlar ham bo‘lgan (kuladi). Ikki kishi esa o‘yindan keyin «Sen yomon sharhlaganing uchun yutqazdik» deyishgan. Indamaganman. Ehtimol, hazil qilib aytgandir.

    Ikkinchisi, «Real» o‘yinini sharhlaganimda Benzemaning foydali o‘yinchi ekanligi haqida ko‘p gapirganman. Muxlis esa bir kuni oldimga kelib: «Maqtayverib jonimga tegyapsan? Axir u taxta-ku», deb e’tiroz bildirgan. Bundaylarga e’tibor qaratmayman.

O‘rinli tanqidlarni esa qabul qilaman. Masalan, bir muxlis kelib: «Aka, falon so‘zni ko‘p ishlatyapsiz», degan. E’tibor bersam, u haq. Keyin u so‘zga 2-3ta sinonimlar topib oldim. O‘sha muxlisga esa rahmat aytdim.

«Salom Soccer», «Zarba gol» loyihalari davom etmagani sababi?

– Bu loyihalar bizga tegishli emasdi. Unda mehmon sifatida ishtirok etdik. Loyiha rahbari qozog‘istonlik edi. Youtube'da monetizatsiya va «prosmotr»degan narsa bor. Menimcha, shu tomonlardan o‘zini oqlamagani uchun loyiha to‘xtatildi.

«80 foiz odamlar tashqi ko‘rinishim tufayli so‘kadi»

– Bu – jamiyatimizga tegishli muammo. Masalan, xorijga chiqsam, bu borada muammo yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda 80 foiz odamlar aynan tashqi ko‘rinishimni tanqid qilishadi, shu tufayli so‘kishadi. Bunga e’tibor qaratmayman.

    Soch-soqolning davlat ishiga ta’siri? Ha, protokol degan narsa bor. Avvallari televideniyega kirishda muammolar bo‘lgan. Lekin hech qachon shu sabab bilan «Seni ishdan bo‘shatamiz», deyishmagan.

«UzReport»dan ketishi sababi

– «UzReport»dan ketishni xohlamagandim. Misol uchun, futbolda Paolo Maldini faoliyatini to‘liq «Milan»da o‘tkazgan. Menga shunday sodiq insonlar yaqinroq. Ish joyini o‘zgartiraverishni yoqtirmayman. O‘z xohishim bilan ketmaganman, lekin rahbar bilan kelishmovchilik bo‘lib qoldi va meni «iste’foga chiqarishdi».

    «Sport»ga qanday keldim? Loyihalarim bor edi. «UzReport»dagi hamkasbim Xayrulla aka Hamidov o‘rtada turib berdilar, rahbariyatga taklif qildilar. Direktor Zohid Karimov bilan gaplashdik. Soch-soqol, diniy ibodat borasidagi holatimni tushuntirdim. «Xabarimiz bor. Muammo yo‘q», deyishdi.

O‘zbek tilida sharhlay boshlagani

– Auditoriyadan kelib chiqishimiz kerak. O‘zbekistonda rus tilida gaplashadiganlar soni kamaymoqda. Bu – normal holat. 20-30 yil avval aksincha edi. Rossiyaga ketish variantini ham o‘yladim, lekin u yerdagi bukmekerlik, totalizatorlar e’tiqodimga to‘g‘ri kelmaydi. Ularga munosabatim salbiy.

    Rahbariyatdan o‘zbek tilidagi sharhlarga kirishga ruxsat so‘radim. Rozi bo‘lishdi. Rus tilidagi sharhlarimning 80 foizidan, o‘zbek tilidagi sharhlarimning 100 foizidan qoniqmayman.  Lekin dastlabki sharhlarim bilan taqqoslasam, biroz o‘sish bor.

    Shu o‘rinda O‘zbekistonda o‘zbek tilini o‘rganishni xohlaganlar uchun kurslar deyarli yo‘qligini aytmoqchiman. Atrofimda o‘zbekcha gapirishni xohlaydigan boshqa millat vakillari bor. Lekin qayerga borishni bilmaydi. Internetdan qidirishadi, tanlov juda kam. Ustiga-ustak, o‘zbekcha gapirmoqchi bo‘lsa, ustingdan kulishadi.

Mushuklarni yaxshi ko‘rishi. Zuma voqeasi

– Kurt Zuma musulmon birodarimiz. U mushukni tepib, xatoga yo‘l qo‘ydi. Ammo u buning noto‘g‘riligini tushundi. Uni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

    Bolaligimdan mushuklarni yaxshi ko‘raman. O‘sha paytlarda mushuklarni o‘ldirib yuradigan bolalarni ko‘rganman, ularning ko‘pchiligi hayot davomida muammolarga duch kelgan: alkash yoki narkoman bo‘lib ketgan.

Diniy ma’ruzalarda mushuklar haqida yaxshi gaplar aytiladi. Adashmasam, masjidga ham hayvonlardan faqat mushuklarning kirishiga ruxsat berilgan.  

Totalizatorda kim yutadi?

– Odamlar tushunishi kerak: futbolni tushunadiganlar totalizatorda hech qachon yutmaydi. Reklama emas. Algoritm, matematikani biladiganlargina yutishi mumkin, lekin ularning soni juda kam. Nima uchun totalizator, kazinolar soni ko‘paymoqda, chunki ularning o‘zi yutqazmaydi.

    Bunday o‘yinlarga mukkasidan ketish fanda «igramaniya» deyiladi. Bundan chiqib ketish oson emas. Hatto Maykl Jordan (basketbolchi) ham o‘z vaqtida bunga berilib ketgan, psixologlar yordami bilan arang qutulib olgan.

    Odamlar «yutaman» deb o‘ylab, yakunda yutqazadi. Vaqti ketgani qoladi. Va eng muhimi bu – harom.

    YouTube'da loyihalarimiz bor. Totalizatorchilar tez-tez o‘z reklamalarini taklif qilishadi, ammo biz rad etamiz. Ulardan voz kechish kerak. Bukmekerlar budjetimizni o‘stirishda hal qiluvchi omil emas.

Qisqa savol-javoblar

– Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi?

– Pele

– Eng yaxshi murabbiy?

– Valeriy Lobanovskiy

– Mbappe yo Holand?

– Holand.

– Eng kuchli «Bavariya»?

– Men ko‘rganlarim ichida Hans-Diter Flikning «Bavariya»si (2020). Lekin nomlardan kelib-chiqsak, Zepp Mayyer, Gerd Myuller va Frans Bekkenbauerlar o‘ynagan 1970 yillardagi «Bavariya» eng kuchlisi.

– Esda qolarli JCh va Yevro?

– JCh-1986, Yevro-1988.

– Noyyer yo Kan?

– Kan.

– Gvardiola yoki Klopp?

– Gvardiola.

– VAR'li futbol yoki VAR'siz futbol?

– Albatta, VAR'li.

– O‘zbekistondagi eng yaxshi sharhlovchi?

– Sardor Rahimov. Uning uslubi Amerikaliklarga yaqinroq, u shou qilib yuboradi.

– Ronaldu–Messi davri tugadimi?

– Menimcha, yo‘q. Ular yana 2 yil davomida o‘zlarini ko‘rsata olishadi.

– «Oltin to‘p-2021»ga Messi haqli edimi?

– Buni bir kishi hal qilmaydi. Ko‘pchilik ovoz berdimi, demak, haqli. Mening fikrim esa Levandovskiga berish kerak edi.

Ramziy terma jamoa: Lev Yashin – Kafu, Paolo Maldini, Frans Bekkenbauer, Roberto Karlos – Lotar Matteus, Zinedin Zidan – Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Diyego Maradona, Pele.  

Bosh murabbiy: Valeriy Lobanovski.

A’zamjon Izzatillayev suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azimjon Vohidov

Mavzuga oid