Jamiyat | 16:38 / 28.11.2021
12483
2 daqiqa o‘qiladi

Chinozdagi juda qisqa masofalarda 20ta piyodalar o‘tish joyi belgisi o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi

Chinoz tumanida yo‘lning 120 metrlik qismida jami 20ta «Piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqdagi tanqiddan so‘ng belgilar olib tashlandi. YHXBB belgilarni o‘rnatish ishlari kelishilmagan holda amalga oshirilganini ma'lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqda 120 metr masofa ichida 20 ta piyodalar o‘tish joyi belgisi o‘rnatilgani aks etgan video tarqaldi. Bu Toshkent viloyatining Chinoz tumani hududida ro‘y bergani ma'lum bo‘ldi

Bloger Otabek Mashrapov vaziyatni «kulgili va qayg‘uli» deb atagan. U O‘zbekistonning ko‘plab joylarida bunday belgilar yetishmayotgan mahalda bir joyga birdaniga 20ta belgi o‘rnatilganini tanqid ostiga olgan.

U o‘zi va boshqa faollar doimiy ravishda mas'ul organlarga piyodalar o‘tish joyi belgilari yetishmovchiligi to‘g‘risida xabar berib borishi, ammo oylar o‘tsa-da, bunday joylarda belgilar paydo bo‘lmasligini qayd etib o‘tgan.

YHXBB matbuot xizmati Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi ichki yo‘lda yuz bergan holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

«Mazkur yo‘l qurilishida belgilarni o‘rnatish ishlari Toshkent viloyati IIBB YHXB mas'ullari bilan kelishilmagani, buning natijasida belgilar noto‘g‘ri o‘rnatilgani ma'lum bo‘ldi. Ushbu xatolik bartaraf etilib, amaldagi tartibga ko‘ra yo‘lni belgi va chiziqlar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda.

Shuningdek, juda qisqa masofalarda, belgilanmagan joylarga noto‘g‘ri o‘rnatilgan 5.16.1, 5.16.2. piyodalar o‘tish joyi belgilari olib tashlangani aks etgan surat ilova qilingan.

Mavzuga oid