Jahon | 11:55 / 28.11.2021
12308
2 daqiqa o‘qiladi

Viktor Yanukovich Ukraina prezidenti lavozimidan chetlatilishi yuzasidan sudga shikoyat qildi

Foto: TASS

Ukrainaning sobiq prezidenti, mamlakatni 2010-2014 yillar davomida boshqargan Viktor Yanukovich prezident lavozimidan chetlatilishi yuzasidan Kiyev sudiga shikoyat qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Yuriy Kirasir ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Yanukovich Kiyev ma'muriy sudiga Oliy rada ustidan da'vo arizasi topshirgan.

Sobiq prezident radaning uni prezident lavozimidan chetlatish haqidagi qarori qonuniyligi yuzasidan bahslashmoqchi.

Gap Oliy radaning 2014 yil 22 fevraldagi “Ukraina prezidentini konstitutsiyaviy vakolatlarini bajarishdan chetlatish va navbatdan tashqari Ukraina prezidenti saylovlarini o‘tkazish haqida”gi qarori haqida bormoqda.

Kirasirning ta'kidlashicha, Yanukovich radani “davlat to‘ntaruvini amalga oshirishda” ayblamoqda.

Yanukovich 2014 yil fevralda Ukrainadagi siyosiy inqiroz vaqtida rada tomonidan o‘z lavozimidan chetlatilgandi. Keyinroq u Ukrainani tark etgan va Rossiyadan boshpana olgan.  

Yanukovich lavozimidan chetlatilgach, Ukrainada unga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan, Kiyev tuman sudi uni davlatga xiyonat qilish va Ukrainaga qarshi urushni rejalashtirish, uni avj oldirish va olib borishda aybdor deb topib, sirtdan 13 yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan.

2015 yil fevralda rada Yanukovichni Ukraina prezidenti unvonidan mahrum etgan.

Mavzuga oid