Jahon | 21:22 / 06.12.2021
4217
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Myanma harbiy hukumatini Aun San Su Chjini ozod qilishga chaqirdi

Vashington Myanma hukumatini mamlakatdagi vaziyatni «tinch yo‘l bilan hal qilish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan konstruktiv muloqotga» chaqirgan.

Foto: AP

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken to‘rt yilga qamalgan Myanma sobiq davlat maslahatchisi Aun San Su Chjiga chiqarilgan hukmni adolatsiz deb atadi va mamlakat hukumatini uni ozodlikka chiqarishga chaqirdi. Uning bu boradagi bayonoti Davlat departamenti saytida e'lon qilindi.

«Aun San Su Chjiga chiqarilgan adolatsiz hukm va hokimiyatning demokratik tarzda saylangan boshqa vakillariga nisbatan qatag‘onlar – Myanmadagi demokratiya va adolatga nisbatan yana bir chaqiruv. Biz Aun San Su Chji va nohaq qo‘lga olingan barchani ozodlikka chiqarishga chaqiramiz», — deyiladi Blinkenning bayonotida.

Vashington Myanma hukumatini mamlakatdagi vaziyatni «tinch yo‘l bilan hal qilish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan konstruktiv muloqotga» chaqirgan.

Avvalroq Myanma sobiq davlat maslahatchisi Aun San Su Chji armiya ichida qarama-qarshiliklar keltirib chiqargani va koronavirus bilan bog‘liq cheklov qoidalarini buzgani uchun to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingandi.

76 yoshli siyosatchiga nisbatan umumiy hisobda 10ta jinoiy ayblov, jumladan davlat sirlarini oshkor qilmaslik qonunini buzish ayblovi bildirilgan. Ayblovlarning aksariyati korrupsiya bilan bog‘liq.

Aun San Su Chji davlat maslahatchisi sifatida mamlakatni boshqarib kelgan. U parlament saylovlari natijalarini soxtalashtirish ayblovi bilan 1 fevraldagi davlat to‘ntaruvi davomida harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgandi.

Aun San Su Chjiga 1991 yilda Nobel tinchlik mukofoti berilgan.

Kanada parlamenti 2018 yilda Myanmadagi rohingya musulmonlariga qarshi sodir etilgan qirg‘inda ishtirok etgani sababli Aun San Su Chjini Kanada faxriy fuqarosi maqomidan mahrum qilgan.

Mavzuga oid