O‘zbekiston | 21:20 / 16.12.2021
10492
2 daqiqa o‘qiladi

«2245ta maktabda sport zali mavjud emas» - Xalq ta’limi vazirligi sport zallari bo‘yicha tanqidlarga munosabat bildirdi

Xalq ta’limi vazirligi respublikadagi ko‘plab maktablarda sport zallari yo‘qligi borasida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan tanqidlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: Zarnews.uz

Unda aytilishicha, vazirlik maktablardagi sport zallari bilan bog‘liq muammolardan yaxshi xabardor va ularni hal qilish yuzasidan ish olib borilmoqda.

«So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi muammolarni hal etish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ajratilayotgan mablag‘lar doirasida bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Buni quyidagi raqamlardan ham ko‘rish mumkin: 2017–2021 yillarda jami 296ta sport zali yangidan qurilgan bo‘lsa, 604ta mavjud sportzal ta’mirdan chiqarilgan.

Biroq shunga qaramay, bugungi kunda respublikada mavjud 10130ta umumta’lim maktabidan 7885tasida (78 foiz) sport zallari mavjud, qolgan 2245ta maktabda sport zallari umuman yo‘q. Mavjud sport zallaridan 358tasi rekonstruksiyaga va 2078tasi mukammal ta’mirga muhtoj.

Maktablarda sport zallari bilan bog‘liq muammolar haqida avval ham Xalq ta’limi vazirligi bir necha bor ma’lumot bergan.

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari o‘z saylovoldi dasturida ta’lim sohasida amalga oshiriladigan ishlarni eng muhim ishlar sirasiga kiritar ekan, kelgusi yillarda eng katta harakat – maktab, maktab, yana bir marta maktab bo‘lishini, maktab rivojlansa, hamma soha bo‘yicha rivojlanish bo‘lishi hamda kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun, maktablar rekonstruksiya qilinib, yangidan barpo etilishini qayd etgan edi», – deyiladi vazirlik munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, hukumat topshirig‘i bilan, hozirda hududlarda maktablarga bo‘lgan talab o‘rganilmoqda. Bunda maktablarga sport zallari qurilishi ham rejalashtirilgan.

Mavzuga oid