Jamiyat | 19:10 / 29.12.2021
27027
7 daqiqa o‘qiladi

Samarqand SSB boshlig‘i o‘zining 80 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Foto: Kun.uz

Samarqanddagi xalq tilida «Xavasi» deb ataluvchi shifoxona Qorasuv mavzesiga ko‘chirilgach, uning o‘rniga viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasi ko‘chib boradi. Viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni 60taga oshib, 612taga yetgan. Bu haqda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozov ma’lum qildi.

Boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, 2015-2016 yillarda tibbiyot muassasalari soni qisqartirilganda yopilgan 11-oilaviy poliklinika faoliyati qayta tiklangan va Samarqand shahrida poliklinikalar soni 12taga yetgan.

«Lekin bu shahar aholisi uchun yetarli emas. 1ta oilaviy poliklinika 30–35 ming aholini qamrab olishi belgilangani holda, masalan, shahardagi 2-oilaviy poliklinika 80 ming aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bu hol oilaviy poliklinikalar sonini oshirishni taqozo etadi. 2026 yilgacha Samarqand shahrida yana 4 ta yangi oilaviy poliklinika qurib foydalanishga topshiriladi va ularning soni 16 taga yetkaziladi», — dedi boshqarma boshlig‘i.

Viloyatda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami faoliyatini takomillashtirish maqsadida 6 ta oilaviy shifokorlik punkti va 5 ta oilaviy poliklinika ochilgan. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 43 ta oilaviy poliklinika 5,1 mlrd so‘mlik EKG va UTT apparatlari bilan jihozlandi.

Ayni paytda viloyatda patronajlik tizimidan voz kechilgan. Ularning o‘rniga viloyatdagi 1105 ta mahallaga tibbiy brigadalar biriktirilgan, «mahallabay» ishlash tizimi joriy qilingan.

«Aholi to‘rt toifaga bo‘lingan: sog‘lomlar, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaydiganlar, bemorlar va yotib qolgan hamda doimiy parvarishga muhtoj nogironlar va og‘ir bemorlar. So‘nggilari aholining 30–33 foizini tashkil qiladi. Tibbiy brigadalar kasallar va yordamga muhtojlar holidan muntazam xabar olib, kasallikka uchramagan sog‘lom insonlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanishadi», — dedi D.Jumaniyozov.

Viloyatda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘rniga maqsadli skrining usulidan foydalanilmoqda. Onkologiya, endokrinologiya va kardiologiya kasalliklarini aniqlash uchun kolposkom, UTT va boshqa uskunalar bilan jihozlangan 3 ta avtobus — mobil poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda onkologik, travmatologik kasalliklarni davolash borasida ham qator yangilanishlar amalga oshirildi. Onkologik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan viloyat shifoxonasida 20 yildan beri nur terapiyasi uskunasi ishlamas edi. Ayni paytda 2 million yevroga 2 ta ichki va tashqi nur terapiyasi apparati keltirib o‘rnatilgan.

Shu shifoxonaga qo‘shni 3-sonli tug‘uruq majmuasi Panjakent ko‘chasidagi sobiq kollej binosiga ko‘chirilishi, tug‘uruq majmuasi binolari onkologiya shifoxonasiga berilishi belgilangan. Rejada esa onkologiya kasalliklarini davolash va operatsiya qilish bo‘yicha Moskvadagi yetakchi klinikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilab olingan.

Viloyatda 12 ta respublika ixtisoslashtirilgan markazlari filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan 36 nafar yetuk va malakali mutaxassislar mazkur filiallarda ishlash uchun qaytarildi.

Kardiologiya markaziga 30 mlrd so‘mlik 48 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatildi va markazga xorijda faoliyat olib borgan 19 nafar vatandoshlar ishga olindi. Joriy yilda markazda 3 mingdan ortiq ochiq va 6 mingdan ziyod bemorlarning yuragida yopiq murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shu jumladan, bolalarda 1000 dan ortiq yurakda ochiq operatsiyalari o‘tkazildi.

Ayni paytda Urgut va Ishtixon tumanlarida kardiologik kasalliklarni davolash uchun yangi shifoxonalar korpuslari qurilib, yurakka stend o‘rnatish kabi operatsiyalar tumanlarda ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

D.Jumaniyozovning ta’kidlashicha, 2021 yilda kardiologiya kasalliklarini davolovchi 13 mutaxassis tayyorlanmoqda. 2023 yilda bunday mutaxassislarni tayyorlash kardiologiya markazining o‘zida yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yil davomida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida qo‘shni viloyatlardan 14 ming bola davolangani sanab o‘tildi. Viloyatda kardioxirurgiya, gematologiya, bolalar uchun gemodializ, bolalar neyroxirurgiyasi, chaqaloqlar xirurgiyasi, chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘yicha xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya markazining filiali ochilib, ilk bor 10 nafar bemorda buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusida bu borada turkiyalik mutaxassislar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. 4 nafar mutaxassis malaka va tajriba oshirish uchun Turkiyaga yuboriladi.

Buyrak yetishmovchiligi bilan aziyat chekayotgan bemorlar uchun gemodializ muassasalari soni 2 tadan 5 taga ko‘paytirildi. Shundan 2 tasi hududlarda (Kattaqo‘rg‘on va Urgut shaharlarida) tashkil etilgan.

Viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni o‘tgan yilgiga nisbatan 60 taga oshdi, ya’ni 550 tadan 612 taga ko‘paydi.

Viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash uchun 2021 yilda 334,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Dori-darmonga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 107,5 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Anjuman so‘ngida D.Jumaniyozov muxbirlarning savollariga javob berdi.

Jumladan, Kun.uz muxbirining elektron poliklinika tizimi joriy etilishi nega paysalga solinayotgani haqidagi savoliga boshqarma boshlig‘i ayni paytda kadrlar va moddiy-texnika bazasi yetishmasligi, bu tizimni samarali yo‘lga qo‘yish uchun 8000 ta kompyuter, shunga yarasha IT mutaxassisli hamshiralar, ishonchli tarmoq va ma’lumotlar bazasi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Internet tarmoqlarida tarqalgan, boshqarma boshlig‘i D.Jumaniyozov bosh vrachlikka ishga qo‘yish uchun shifokordan 80 ming AQSh dollari miqdoridagi pora bilan qo‘lga tushganligi haqidagi xabarlar yuzasidan ham tushuntirish berdi.

«Albatta, bu tuhmat. Bosh vrachlarni men tayinlamayman. Viloyatdagi respublika ilmiy markazlar filiallari boshliqlari vazirlik tomonidan tayinlanadi. TTB boshliqlari esa Agros tizimi orqali tanlov qilib olinadi va men ishga olinish haqidagi buyruqqa imzo chekaman xolos.

Meni og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblab, yolg‘on axborot tarqatgan blogerlarning barchasi ustidan tegishli organlarga arz qilganmiz. Ularga nisbatan surishtiruv ishlari olib borilmoqda», — dedi D.Jumaniyozov.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid