O‘zbekiston | 23:46 / 30.12.2021
17051
4 daqiqa o‘qiladi

Akrom Rahmonqulov ustidan sud ishini ko‘rishda ochiqlikka oid farmon talabi bajarilmadi

Qonunchilikka binoan, davlat xizmatchisi kasbiy faoliyati sabab sudning qora kursisida o‘tirgan bo‘lsa, bu sud majlisi internetda jonli efirga uzatilishi kerak. Milliardlab budjet pullarini talon-toroj qilgan Akrom Rahmonqulov ishida bunday bo‘lgani yo‘q. Oliy sud va MTRK bir-birini ayblamoqda.

Foto: Jizzax viloyati hokimligi

29 dekabr kuni Toshkent viloyat sudida Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov va boshqalar ustidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha so‘nggi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillardagi eng yirik korrupsiyaviy ishlardan birida sobiq amaldor 7,5 yilga qamalgan bo‘lsa, qolgan 26 nafar sudlanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar qo‘llandi.

Mazkur sud jarayoni ochiqlikka oid prezident farmoniga zid ravishda internet va televideniye orqali jonli efirga uzatilmadi.

Farmonning 14-bandiga asosan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrdan boshlab davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislarini telekanallar va internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishini ta’minlashi kerak edi.

Lekin deyarli barcha OAV vakillari sud jarayoni bo‘lib o‘tganidan faqatgina Oliy sud bayonotidan keyin xabar topdi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov sobiq mansabdor Akrom Rahmonqulovning ishi ochiq sud majlisida ko‘rilganini aytdi.

“Sud ochiq o‘tdi, biz uni jonli efirga uzatilishiga qarshi emasmiz. Lekin bizda bunday imkoniyat yo‘q. Farmonda asosiy ijrochi sifatida MTRK keltirilgan. Ular kelib qilishi kerak edi…

Sud qachon bo‘lishini qaysidir OAV vakili so‘ragan edi, lekin o‘zi kelmadi. Boshqalar bizdan qachon bo‘lishini so‘ramadi ham”, – dedi Oliy sud rasmiysi.

Obidov bu kabi sudlarda protsess uzoq davom etishini hisobga olib, televideniyening imkoniyatlaridan kelib chiqib sudning faqatgina hukm e’lon qilinadigan kundagi majlislari jonli efirda uzatilishi mumkinligini ham istisno qilmadi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan MTRK direktori o‘rinbosari Madaminbek Safarov Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosariga doir sud ishi bo‘lib o‘tganini boshqa OAVlar qatori Oliy sudning xabaridan so‘ng bilganini ta’kidladi.

“Biz ham sud bo‘lganini hukm e’lon qilinib, uning xabari tarqalganidan keyin bildik. Bizga Oliy sud kamida bir kun oldin xabar berishi kerak edi. Chunki biz texnikalar bilan birga operatorlar, muxbir, muharrir ajratishimiz, sud zaliga borib yorug‘likni va ovozni sozlab olishimiz kerak. Bularga jamoani olib boradigan haydovchi bilan qo‘shganda kamida 10 kishini ajratishimiz kerak. Bunday sud jarayonlarini yoritish o‘zimiz uchun ham yaxshi aslida”, – dedi MTRK vakili.

Shuningdek, MTRK direktori o‘rinbosari Madaminbek Safarov bu holat ham Qonunchilik palatasi majlislarining yoritilishiga doir masala kabi hal qilib olinishi bildirdi.

Farmon ijrosiga mas’ul qilib belgilangan yana bir tashkilot – Antikorrupsiya agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu holatda taraflarning roziligi bilan, shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksining 19-moddasi asosida ish ko‘riladi.

“Bu yerda qonunni buzganlikda hech kim javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Chunki majbur deyilmagan”, – deyiladi agentlik javobida.

Mavzuga oid