«Bosimlar ostida va himoya huquqisiz» – Allamjonovning ishchilari nega 15 sutkaga qamalgandi?
Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng, 7 nafar ishchilari Qibray tuman IIBga chaqirilib «mayda bezorilik» qilgani haqidagi bayonnomaga qo‘l qo‘yish so‘ralgan. Fuqarolar qilmagan ishlarini bo‘yniga olmagan bo‘lsa ham, JIB Qibray tuman sudi sudyasi ularning o‘zlarini eshitmasdan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlab yuborgan.
13 yanvar kuni O‘zbekiston Oliy sudida Komil Allamjonovga suiqasddan so‘ng jamoat tartibini buzganlikda ayblanib, 15 sutkaga qamoq jazosiga tortilgan yetti nafar fuqaroning shikoyatini taftish tartibida ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda sudda qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Advokat Davron Saidovning ma’lum qilishicha, 2024 yil 25 oktabr kuni Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasddan keyin ishchilari tezkor xodimlar tomonidan tergovga jalb qilingan. Ular 1 kun davomida uyushtirilgan suiqasdga aloqador yoki aloqador emasligi borasida tushuntirishlar bergan.
«26 oktabr kuni xodimlar qo‘yib yuborilgan, lekin ular shu kuni kechki paytda noma’lum sabablarga ko‘ra Qibray tuman IIBga chaqirilgan. IIBda ularga «mayda bezorilik» sodir qilgani haqidagi bayonnomaga qo‘l qo‘yish taklif qilingan. Rad javobi berilgach, 7 kishi JIB Qibray tuman sudiga olib borilgan. Sudda ularning o‘zlarini eshitmasdan sudya 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan hamda norozi bo‘lsa, yuqori sudga murojaat qilishi mumkinligini aytgan.
Shundan so‘ng ham fuqarolarga advokatlar bilan ko‘rishish, sud qarori ustidan shikoyat qilish imkoni berilmagan. Shunda Komil Allamjonov mendan ushbu ish yuzasidan huquqiy yordam ko‘rsatishni so‘radi. Men ishni o‘rganib chiqqanimda ularga go‘yoki «Qibraydagi kafe oldida bo‘lgani hamda spirtli ichimliklar ichib, mayda huquqbuzarliklar sodir qilgani" aybi qo‘yilgandi. Ammo bu faktlar tasdiqlanmagan bo‘lsa ham uchastka noziri ma’muriy bayonnoma tuzavergan» – deydi advokat Saidov.
Himoyachining ma’lum qilishicha, apellatsiya sudida ham 7 nafar fuqaro sud zaliga olib kelinmagan va ular 15 sutkani to‘liq o‘tagan. Ular ozodlikka chiqqach ishni Oliy sudda taftish tarzida ko‘rib chiqish boshlangan. Ayni vaqtda 7 fuqarodan 6 nafari kelgan, yana bir fuqaro yo‘q bo‘lgani sababli ish 23 yanvarga qoldirildi. Shuningdek, ishga 7 nafar fuqaroni ma’muriy javobgarlikka tortilishi bo‘yicha bayonnoma tuzgan profilaktika inspektorini ham jalb qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Fuqarolarning xalqaro huquq hamda Konstitutsiyada belgilangan huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan.
Advokat jarayon so‘nggida jurnalistlarning qisqa savollariga ham javob berdi.
– Sudga tashqaridan ta’sir bo‘lgan, deb o‘ylaysizmi? Nima uchun ularga himoya huquqi berilmagan?
– Himoyachi bilan ta’minlanmaganiga, albatta tashqaridan ta’sir bo‘lgani sabab bo‘lishi mumkin. Chunki, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzgan mansabdor shaxs bu narsani o‘z-o‘zidan qilgani yo‘q. Lekin, bunga kim ta’sir qilganini faqatgina tergov yo‘li bilan aniqlash mumkin. Biz 23 yanvar kuni sudga iltimosnoma kiritamiz. Bu ishdagi huquqbuzarliklarga huquqiy baho berishi yuzasidan xususiy ajrim chiqarishini so‘raymiz.
– Ma’muriy qamoq davrida ushbu fuqarolarga kuch ishlatish, ruhiy yoki boshqa turdagi bosimlar bo‘lganmi?
– Bunday bosimlar bo‘lgan. Bosh prokuraturaga bu borada yozma ravishda murojaat yo‘llaganmiz. Murojaat ko‘rib chiqilgach, batafsil tushuntirish va bayonot berish mumkin. Xalqaro huquq normalardan kelib chiqsak, bularni saqlash sharoiti va ularga munosabatni qiynoq, deb atash mumkin. Lekin, negadir bizda oddiy hol, deya baholanadi. Ularga BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti va jinoyat kodeksi normalarida taqiqlangan munosabatlar qilingan.
Oliy sudning taftish hay’ati ishni ko‘rishni joriy yil 23 yanvarida davom ettiradi. Sud majlisiga fuqarolarga ma’muriy bayonnomani rasmiylashtirgan profilaktika inspektori chaqirtiriladigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
21:10
“Jazolashdan maqsad nima?” – ma’muriy qamoq, sudyalar va adolat haqida katta suhbat
18:19
Pop tumani hokimining o‘g‘irlik qilgan o‘g‘lini qamoqdan ozod qilgan sudya “Ibratli sudya” deb topildi
08:51
Komil Allamjonovga yaqin shaxslarning shikoyati Oliy sudda ko‘rib chiqiladi
20:33 / 12.01.2025