O‘zbekiston | 18:19 / 13.01.2025
17464
3 daqiqa o‘qiladi

Pop tumani hokimining o‘g‘irlik qilgan o‘g‘lini qamoqdan ozod qilgan sudya “Ibratli sudya” deb topildi

200 mln so‘mdan oshiq elektr tokini o‘g‘irlagani uchun 2,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Pop tumani hokimi o‘g‘li G‘ulom Sultonovni apellyatsiya instansiyasida sud zalidan ozod qilgan sudya Avazbek Inomov “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi. Namangan viloyat sudi taftish instansiyasi apellyatsiya sudi ajrimini bekor qilib, G‘ulom Sultonovni qamoqqa qaytargandi.

Foto: Namangan viloyati sudi

Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 18 nafar sudya “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda kengash axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, mukofotlangan sudyalar 2024 yil yakunlari bo‘yicha faoliyatida alohida o‘rnak va namuna ko‘rsatgan hamda yuqori reyting ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan. Mukofotlanganlar orasida Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Avazbek Inomov ham bor.

Avazbek Inomov avvalroq katta miqdordagi elektr energiyasini o‘g‘irlagani uchun 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan G‘ulom Sultonovni apellyatsiya instansiyasida sud zalidan ozod qilib “tilga tushgandi”.

Holat qanday bo‘lgandi?

Namangan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 7 avgustdagi ajrimi bilan juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik qilgan Sultonov G‘ulom A’zamovichga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirilib, u sud zalidan ozodlikka chiqarilgan. Apellyatsiya instansiyasi sudiga Avazbek Inomov raislik qilgan.

Sud ajrimiga ko‘ra, sudlanuvchi G‘ulom Sultonov o‘zi rahbar bo‘lgan Uychi tumanidagi “Jiydakapa baraka chorva” fermer xo‘jaligiga qarashli chorvachilik kompleksi va sutni qayta ishlash sexini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasini yashirin ravishda talon-toroj qilganlikda ayblangan. Zarar miqdori 200 mln 326 500 so‘mni tashkil qilgan.

Sudlanuvchi JIB Uychi tuman sudi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida hukm o‘zgartirilishi natijasida sudlanuvchiga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosiga o‘zgartirilgan. Mahkum sud zalidan darhol ozod etilgan. Hukmda yetkazilgan zarar qoplangani keltirilgan.

G‘ulom Sultonov Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonovning o‘g‘li hisoblanadi

Deyarli bir xil holatdagi ikki ishda hokimning o‘g‘li qamoqdan ozod etilib, oddiy fuqaro qamoqqa tiqilgani OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqardi. Shundan so‘ng G‘ulom Sultonov ishi Namangan viloyat sudida taftish instansiyasida ko‘rib chiqildi. Chiqarilgan ajrimga asosan, apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimi bekor qilinib, Sultonovga nisbatan birinchi instansiya sudi chiqargan hukm o‘z kuchida qoldirilgan. Ya’ni u 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mavzuga oid