Jahon | 15:21 / 29.01.2022
60028
16 daqiqa o‘qiladi

And tog‘larida mavhum 72 kun: halokatga uchragan samolyot yo‘lovchilari o‘liklarning go‘shtini yeb jon saqlagan

50 yil muqaddam Urugvay poytaxti Montevideodan Chili poytaxti Santyagoga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti noqulay ob-havo tufayli And tog‘lari cho‘qqisi uzra halokatga uchraydi. Samolyot bortidagi 45 kishidan 12 nafari o‘sha zahoti halok bo‘ladi. 72 kundan keyin qutqaruvchilar yetib borganda yo‘lovchilardan faqat 16 kishi tirik qolgandi.

1972 yil 13 oktyabr kuni salonida ekipaj a’zolari bilan birga 45 kishi bo‘lgan samolyot noqulay ob-havo tufayli And tog‘larining tepasida, dengiz sathidan 3600 metr balandlikda halokatga uchraydi. Odamlarning qariyb yarmi o‘sha zahoti halok bo‘ladi. Qolganlar esa ochlik va sovuq havoda chorasiz qolishadi va halok bo‘lganlarning go‘shtini yeb, jon saqlashadi. Voqeadan 72 kun o‘tib qutqaruvchilar yetib borganda faqat 16 kishi tirik qolgan edi.

Foto: www.alamy.com

Arzon samolyot

Urugvayning «Old Cristians» regbi jamoasi Chilining «Old Boys» jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish uchun Santyago shahriga parvoz qilishi kerak edi. Jamoaning mablag‘i kam bo‘lgani uchun ular arzonroq samolyot izlashadi va Urugvay harbiy havo kuchlariga qarashli Fairchild FH-227D samolyotini ijaraga olishadi. Yo‘lkira yanada arzon tushishi uchun jamoa vakillari o‘z oila a’zolari va do‘stlarini ham jamoani qo‘llash uchun Chiliga birga borishga taklif etishadi.

Foto: www.weixinydu.com

1972 yil 12 oktyabr kuni Urugvay poytaxti yaqinidagi Karrasko xalqaro aeroportidan bortida 40 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan samolyot havoga ko‘tariladi.

Samolyot And tog‘lariga yaqinlashganda yomon ob-havo tufayli Argentinaning Mendosa shahriga favqulodda qo‘nadi. Bir necha soatda ham ob-havo o‘zgarmaydi va yo‘lovchilar hamda ekipaj shu shaharda tunab qoladi. Jamoa belgilangan o‘yinga kechikmaslik uchun shoshilayotgandi, shu bois ertasi kuni ularga parvozga ruxsat berishadi. 13 oktyabr kuni tushda samolyot yana havoga ko‘tariladi.

Halokat

Ekipaj komandiri noqulay ob-havo tufayli Santyagoga belgilangan yo‘nalish bo‘yicha emas, biroz janubroqdan, Mendosa tog‘larini aylanib uchishga qaror qiladi. Bu orada u Argentinaning Malargue shahri aeroporti dispetcheriga Planchon dovoniga yaqinlashayotgani haqida xabar beradi.

Foto: Filmdan lavha

Dispetcher ularni baland tog‘lardan o‘tib olgan, deb o‘ylaydi va pastlashga ruxsat beradi. Uchuvchilar Chilining Kuriko shahri tepasidan o‘tdik deb o‘ylashadi va samolyot pastlab ucha boshlaydi. Keyinchalik, ushbu qaror jiddiy xato bo‘lgani va samolyot hali Kurriko shahriga yetmasdan, tog‘lar tepasida uchayotganda pastlagani ma’lum bo‘ladi.

Samolyot qor bo‘roni ichida uchib borar ekan ko‘rish darajasi nol darajaga yetadi. Uchuvchilar uni tavakkal bilan boshqaradi. Samolyot bo‘rondan chiqib olganda uchuvchilar o‘z qarshisida tog‘ qoyasini ko‘radi. Bu paytda samolyotni qutqarish imkonsiz edi.

Uchuvchilar samolyotni burishga urinishadi va uning old qismini to‘qnashuvdan olib qochishadi. Qoyaga uning avval qanoti, so‘ng dum qismi tegadi. Shundan so‘ng samolyot qulab tushadi.

Foto: Filmdan lavha

«Taxminan 90 daqiqalik parvozdan so‘ng biz havo bo‘shlig‘iga urildik. Keyin yana navbatdagisiga undan ham qattiqroq urildik va men uchuvchining «Menga kuch bering», deb baqirganini eshitdim. Samolyot tik qoya ro‘parasida turganini va biz to‘g‘ri tog‘ tomon ketayotganimizni his qildim. Keyin qattiq zarba bo‘ldi va samolyotning qanoti toshga urildi. Boshimni oyoqlarim orasiga qo‘yib, 24 yoshimda o‘lib ketishimga ishonib, ko‘zlarimni yumdim», deb eslagandi, tirik qolganlardan biri keyinchalik.

Samolyot tumshug‘i bilan qalin qor ustiga qulab tushadi va shu joyda qanotlari va dum qismi uzilib tushadi. So‘ng quyiga qarab sirpanib ketadi. Shu uni portlashdan saqlab qoladi. Samolyot tog‘ tepasidagi yalanglikda to‘xtaydi.

Samolyot qulab tushgan paytda 12 kishi undan otilib chiqib ketadi va halok bo‘ladi. Jarohat olgan 5 kishi ertasi kuni vafot etadi. Hodisadan bir hafta o‘tib yana bir kishi vafot etadi. Shu tariqa 45 kishidan 27 kishi tirik qoladi. Ularning 3 nafari turli darajada tan jarohatlari olgandi.

Foto: www.scshuokang.com

Regbi jamoasi shifokori halokatda vafot etadi, shuning uchun uning vazifasi tibbiyot kollejida birinchi kursda o‘qiyotgan ikki regbichi zimmasiga tushadi. Ular shoshilinch tez yordam burchagini tashkil qilishadi va yarador bo‘lganlarni o‘sha yerga yotqizishadi.

Dengiz sathidan 3600 metr balandlikda havo juda sovuq, buning ustiga oziq-ovqat yo‘q edi. Shu sababli tirik qolganlar darhol jon saqlash uchun tadorik ko‘ra boshlashadi va samolyotning ochilib qolgan dum qismini chemodanlar bilan to‘sishadi.

Ular samolyotdan radiopriyomnik topib olishadi va o‘zlarini qidirishayotganini eshitishadi. Bu tirik qolganlarga umid beradi va ular o‘zlarini tezda qidirib topishlariga ishonishadi. Ammo unday bo‘lmaydi. Oradan bir hafta o‘tgach, noqulay ob-havo tufayli bedarak ketgan samolyotni topishning imkoni bo‘lmagani, shu sababli qidiruv ishlari to‘xtatilganini e’lon qilishadi. Bu xabar sovuq va ochlik qarshisida tobora yengilayotgan insonlarni umidsizlikka tushiradi.

«Bu dahshatli zarba edi. Tirik qolish umidi puchga chiqdi. Darhaqiqat, najot kutish, umid qilish tentaklik edi. Men qutulib ketishning iloji yo‘qligini bilardim. Lekin ichki ovoz meni kurashga chorlardi. Faqat bitta variant bor edi — tog‘larga qarshi chiqish. Endi avvalgidan ham qattiqroq qat’iyat bilan men bu joyni tark etish uchun kurashni hech qachon to‘xtatmasligim haqida o‘ylay boshladim. Har qanday oshiqcha harakat ham meni halok qilishi mumkin edi. Ammo menda tog‘larni tark etish istagi kuchli edi», degan edi tirik qolganlardan biri, keyinchalik.

Natijasiz tugagan qutqaruv operatsiyalari

Samolyot radarlardan yo‘qolishi bilan uchta davlat — Argentina, Urugvay va Chili zudlik bilan qidiruv harakatlarini boshlaydi. Havoga har uch davlatdan qutqaruv samolyotlari va vertolyotlari ko‘tariladi.

Samolyotning belgilangan yo‘nalishdan chetga chiqib, boshqa yo‘nalishdan uchgani qidiruvchilarni chalg‘itadi. Ular samolyot qulab tushgan joyni emas, balki u uchishi lozim bo‘lgan yo‘nalish bo‘ylab boshqa joylarni qidirishadi. Oqibatda qidiruv harakatlari natijasiz tugaydi va qulab tushgan samolyotni topishning iloji bo‘lmaydi.

Buning ustiga, samolyotning rangi oq bo‘lib, hatto havo ochiq bo‘lganda ham qorlar orasida uni payqash qiyin edi.

Sakkiz kundan so‘ng qidiruv harakatlari to‘xtatiladi. Shu tariqa halokatdan tirik qolganlar oziq-ovqatsiz, issiq kiyimsiz, kislorod siyrak bo‘lgan tog‘ tepasida tashqi dunyodan uziladi.

Yashash uchun kurash yo‘lida qo‘rqinchli qaror

Halokatdan tirik qolganlarda bir necha bo‘lak shokolad va yana ozroq mayda-chuydalardan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ularni tejash uchun kichik qismlarga taqsimlab chiqishadi. Samolyot bo‘lagini quyosh tig‘iga qo‘yib unda qor eritishadi va shu tariqa suv muammosi hal bo‘ladi.

Foto: www.alamy.com

Qanchalik tejashmasin, oziq-ovqat bir necha kunda tugaydi. Shundan so‘ng ularning oldida ikkita yo‘l qoladi — o‘lib ketish yoki vafot etganlarning go‘shtini yeb jon saqlash.

Vafot etganlarning go‘shtini yeyish masalasi ancha muhokama qilinadi. Tirik qolganlarning aksariyati avvaliga bunga mutlaqo qarshi chiqadi. Ammo boshqa chora yo‘qligi uchun ular ham bu ishga ko‘nishadi. Inson go‘shtini yeyishda ikkita shart qo‘yiladi: tirik qolganlarning qarindoshlari yeyilmaydi va go‘shtni kesib kelgan odam uni kimning jasadidan olganini aytmaydi.

«O‘liklarni yeyish qarori bizning o‘zgarishlarimizdagi so‘nggi hal qiluvchi qadam bo‘ldi. Gunohsiz o‘tgan kunlar bilan so‘nggi vidolashuv. Biz qo‘rquvimiz chegaralarini chetlab o‘tdik. Protein (oqsil) omon qolishimizga yordam berishini, agar qarorimizni kechiktirsak, ochlikdan qutulish uchun juda zaif bo‘lib qolishimizni ham bilardik. Biz ortiq kuta olmasdik, aks holda tanadagi o‘zgarishlarni asl holiga qaytarib bo‘lmasdi», degandi tirik qolganlardan biri, keyinchalik.

Yana bir dahshatli sinov

Halokatdan 16 kun o‘tib, 29 oktyabr kuni tirik qolganlar samolyot ichida uxlab yotgan paytda ularning yaqinida joylashgan cho‘qqidan qor ko‘chadi. Kuchli zarba bilan kelib urilgan qor samolyotni ko‘mib qolishdan tashqari, chemodanlardan tiklangan devorni yiqitib, uning ichiga ham o‘tib ketadi. Oqibatda barcha qorga ko‘milib qoladi.

Shundan so‘ng tirik qolganlar 3 sutka davomida samolyot ichida qolib ketishadi. Hammayoq yopilib qolgani uchun samolyot ichida nafas olishning iloji bo‘lmaydi va yana 8 kishi vafot etadi. Shunda ulardan biri qor kamroq bo‘lgan uchuvchilar kabinasi tarafdan qorni tozalaydi va tashqariga yo‘l ochadi. Shu tariqa u boshqalarni bo‘g‘ilib qolishdan asrab qoladi.

Foto: fb.ru

Tirik qolganlarga qor ko‘chkisining nafi ham tegadi. Ko‘chkigacha ular o‘zlarini sovuqdan asrash uchun bir-birlarini quchoqlab yotishardi. Qor bilan ko‘milib qolgan samolyot bo‘ronlar va kuchli shamollardan pana joyga aylanadi va endi oldingidan ancha issiq bo‘ladi.

Omon qolish uchun harakat

Tirik qolganlar o‘zlari harakat qilishmasa ularni qutqarishga hech kim kelmasligini anglab turishardi. Shu uchun ular qor ko‘chkisidan avval nima qilib bo‘lsa ham tog‘ tepasidan tushib pastdagilarga halokat joyi haqida xabar berish va shu yo‘l bilan qutulib qolishni o‘ylashadi. Aks holda tirik qolishning boshqa yo‘li yo‘q edi.

Foto: www.las2orillas.co

Pastga tushishga to‘rt nafar nomzod tanlanadi. Ularga issiq kiyim kerak edi. Shu sababli uch kishi avval tepaga, samolyotning dumi uzilib tushgan joyga chiqib borishadi va u yerdan oziq-ovqat va kiyimlar topishadi.

Pastga tushish uchun tanlanganlar Kuriko shahridan biroz o‘tib halokatga uchraganmiz deb o‘ylashadi va g‘arbga yurishni rejalashtirishadi. Aslida esa ulr And tog‘larining Argentinaga tegishli qismida halokatga uchrashgandi.

Biroz yo‘l yurishgach ulardan biri qonga mikrob tushib zaharlanish oqibatida vafot etadi. Qolgan uch kishi ham ikki kun yo‘l bosgach kuchli sovuq va qor bo‘ronlariga duch kelib, ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Ularda uxlash uchun maxsus qoplarning yo‘qligi yo‘lda davom etishga imkon bermaydi.

Foto: www.infobae.com

Pastga tushmoqchi bo‘lganlar ortga qaytgach yana qaytadan safarga tadorik ko‘ra boshlashadi. Ammo 29 oktyabrda sodir bo‘lgan ko‘chki ularning rejasini bir necha o‘n kunga ortga surib yuboradi.

Ular noyabr oyining oxiriga kelib qaytadan safarga tayyorgarlik ko‘ra boshlashadi. Bu safar ular turli kiyimlardan uxlash uchun maxsus qoplar tikishadi.

Najotga yo‘l

1972 yil 12 dekabr kuni uch kishi samolyot halokatidan omon qolganlar haqida xabar berish va yordam so‘rash uchun Chili tomon yo‘l olishadi. Uchinchi kun ulardan biri ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Pastga ikki kishi tusha boshlaydi.

Ular to‘qqiz kun davomida og‘ir yo‘l bosishadi. Notanish joylarda, yo‘llardagi mashaqqat va qiyinchiliklarga qaramasdan kasal hollarida tog‘dan tushib vodiyga yetib borishadi.

Safarning to‘qqizinchi kuni ular yo‘lda cho‘ponni uchratishadi va unga halokatdan omon qolganlar tog‘ tepasida jon saqlayotganini aytishadi. Cho‘pon ularga turgan joylarida uni kutishlarini aytib qishloq tomon ketadi. So‘ng hukumatga halokatga uchragan samolyotning ikki nafar yo‘lovchisini uchratgani haqida xabar beradi.

Foto: www.blick.ch

1972 yil 22 dekabr kuni qutqaruv operatsiyasi boshlanadi. Yomon ob-havo tufayli bu ish qiyin kechadi. Tirik qolgan 16 kishi ikki kun davomida vertolyotlar bilan evakuatsiya qilinadi. Kislorod kam bo‘lgan balandlikda to‘yib ovqatlanmagan va sovuqdan aziyat chekkanlarga tezda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Halokatdan omon qolganlarni qutqarishgani haqida xabarlar tarqalgach, ularning tirik qolishlari sababi keng muhokama qilina boshlaydi. Mahalliy gazetalar tirik qolganlar aynan nima bilan ovqatlangani haqida yoza boshlaydi. Odamlar ularni inson go‘shtini yeyishgani uchun ayblay boshlaydi. Shunda katolik ruhoniy ular tirik qolish uchun bu ishga majbur bo‘lganini aytib, OAVda chiqish qiladi. Shundan so‘ng tanqidlar to‘xtaydi. Keyinchalik halokat joyiga yodgorlik o‘rnatiladi va halok bo‘lganlarning jasadlari dafn qilinib yodgorlik o‘rnatiladi.

Foto: thechive.com

Oradan biroz o‘tib, tirik qolganlar muolaja olib bo‘lganidan keyin matbuot anjumani tashkil etiladi va ular o‘shanda nimalar bo‘lganini batafsil aytib berishadi. Keyinroq bu hodisa haqida bir nechta kitoblar yoziladi. Filmlar ishlanadi. Tirik qolgan 16 nafar insonning taqdiri keyinchalik turlicha kechadi. Ulardan biri Roberto Kanessa 1994 yilda Urugvay prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘yadi va saylovlarda yutqazadi.

«Do‘stlarim va oilam boshimdan nimalar o‘tganini tushunishlari uchun ancha yil kerak bo‘ldi. Safimizda bo‘lmaganlarga hayotimizning bir bo‘lagi bo‘lgan o‘sha hodisa haqida gapirib berishdan naf yo‘q edi. Hatto jurnal va gazetalarga intervyu berganimda yoki halokat haqida olingan hujjatli filmlarda qatnashganimda ham, men begonalarga barcha tafsilotlarni gapirib berishdan tiyildim. Odamlar bilishi kerak bo‘lgan hamma narsa «Tiriklar» kitobida mohirlik bilan yoritilganiga ishondim. To‘g‘ri, kitobda biz duch kelgan sinovlar haqida to‘liq yozilmagan. O‘quvchilar ichki kurashlarim yoki meni tirik qoldirgan hayajonli his-tuyg‘ularim haqida tasavvurga ega emas. Lekin baribir men bunday narsalarga chuqur kirib borishni xohlamadim. Mayli o‘quvchilar o‘zi xohlagan sarguzashtlarga ega bo‘lsin. Men esa eng samimiy va og‘riqli xotiralarni o‘zim uchun saqlab qolaman», — degandi tirik qolganlardan biri keyinchalik bergan intervyusida.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid