Imtihonlar inson omilidan xoli bo‘lgach, imtihondan yiqiluvchilar ko‘p bo‘lishi tabiiy - Bekmurod Abdullayev
“Bu kabi imtihon markazlari ish boshlagach, ijtimoiy tarmoqlarda imtihondan yiqilganlarning noroziligi, e’tirozlari, yangi tizimning kerak emasligi haqida gap-so‘zlar ko‘p bo‘lishi mumkin va shaxsan biz bunga ruhan tayyormiz”, – dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.
O‘zbekistondagi ilk avtomatlashtirilgan imtihon kompleksi – haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha Toshkent imtihon markazi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev yangi tizimdan kuzatilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy noroziliklar va ularning yechimlari haqida gapirdi.
“Biz imtihon jarayonini qat’iy nazorat ostida, inson omilidan xoli qilib olishni boshlaganimizdan keyin, imtihondan yiqiluvchilar soni ham ko‘p bo‘lishi tabiiy. Nimaga? Chunki hozir avtomaktablarda o‘qitish sifati juda past; bundan tashqari, ming afsuslar bo‘lsinki, o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olish xalqimizning ongiga shu darajada singib ketganki, birdaniga insonlar dunyoqarashini o‘zgartirish qiyin. Ko‘pchilik o‘qishning o‘rniga, tanish qidirishga tushib ketishi ham hech gap emas.
Bu kabi imtihon markazlari ish boshlagach, ijtimoiy tarmoqlarda imtihondan yiqilganlarning noroziligi, e’tirozlari, yangi tizimning kerak emasligi haqida gap-so‘zlar ko‘p bo‘lishi mumkin va shaxsan biz bunga ruhan tayyormiz. Agar prezidentimiz bu borada siyosiy iroda ko‘rsatmaganlarida edi, bunaqa revolyutsion qadam qo‘ya olmagan bo‘lardik. Bunaqa keskin islohotlar esa doim ham barchaga yoqavermasligi mumkin, ayniqsa avvalgi tizimdan manfaatdor insonlarga.
Shuning uchun yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, yangi imtihon markazlari bo‘yicha har qanaqa asosli e’tiroz va tanqidlar bo‘lsa, biz buni to‘g‘ri qabul qilamiz hamda xalqimizga, jurnalist va blogerlarga doim ochiqmiz. Ammo sizlardan iltimos, asossiz, shunchaki eski korrupsion tizimni xohlab ko‘r-ko‘rona qilinadigan tanqidlarga og‘ir-bosiqlik va xolislik bilan munosabat bildirsalaringiz, xursand bo‘lar edik.
Aytmoqchimanki, bir narsani unutmaylik, bu islohotlarning barchasi faqat va faqat xalqimiz uchun, inson qadri uchun, fuqarolarimiz hayoti va salomatligi uchun”, dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olishning yangi tizimini yaratish, uni korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024