O‘zbekiston | 20:04 / 06.02.2022
31010
8 daqiqa o‘qiladi

“Hammasini oxiriga yetkazamiz” – Vazirlik Hidoyatovning 781 ga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildirmoqchi

Davron Hidoyatov 2021 yil oktyabrida Nurafshon shahridagi 781 gektar yerni tadbirkorlik sub’yektiga prezident farmoniga zid ravishda auksionsiz ajratib bergan. Viloyat hokimligi qaror qonuniyligini ta’kidlamoqda. Adliya vazirligi qarorni bekor qildirmoqchi.

Foto: Kun.uz

Adliya vaziri: “Hammasini oxiriga yetkazamiz”

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Senat 23-yalpi majlisidagi hisobotida Toshkent viloyati hokimining qarori bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga 781 gektar yer auksion o‘tkazmasdan, noqonuniy tarzda ajratib berilganini ma’lum qildi.

Hammasi auksionga o‘tdi. Oddiy uy qurish uchun, qishloq xo‘jaligi uchun yer berish ham elektron auksionga o‘tdi.

Baribir to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratishga harakatlar bo‘lyapti. Mana, Toshkent viloyati hokimligining qarori. Juda katta tushuntirildi, mumkinmas deyildi. Hammasi olib qo‘yildi qo‘lidan, registratsiya kitoblari ham olib qo‘yildi

 Mana, 7 oktyabrda 781 gektar yer maydoni bitta MChJga shundoq berib yuborilyapti. Har xil bahonalar, bittasida biriktirib qo‘yish deydi, vaqtincha foydalanish, berib turish deydi

Lekin biz birorta qonunchilik hujjatida (hokimliklar tomonidan) yer berishga asos qoldirmaganmiz. Hech qanday asos bo‘yicha berish mumkin emas. Taqdimnoma kiritdik, (qarorni) bekor qilmadi. Biz hozir shu qaror bo‘yicha sudlashyapmiz. Baribir hammasini oxiriga yetkazamiz”, – dedi adliya vaziri.

Vazirning so‘zlaridan anglash mumkinki, adliya vazirligi tashabbusi bilan ma’muriy sudga viloyat hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ariza kiritilgan.

Viloyat hokimligi izohi

Shundan so‘ng, Toshkent viloyat hokimligi mazkur qaror bo‘yicha ma’lumot berib, qaror qabul qilinishida davlat va jamiyat manfaatlari ko‘zlanganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, gap Toshkent viloyat xokimligi tomonidan 2021 yil 7 oktyabrdagi 164-10-0-Q/21-sonli qarori haqida ketmoqda hamda qarorga ko‘ra, MChJga Nurafshon shahri hududidagi jami 781 gektar yer maydoni shaharning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan qurilish ishlari boshlangunga qadar boshoqli don ekinlarini ekish uchun vaqtincha biriktirib berilgan.

Ushbu yer maydonlari vaqtincha biriktirilishidan maqsad Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 iyundagi «2035 yil davrigacha Nurafshon shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 473-son qarori bilan Nurafshon shahrining 2035 yil davrigacha bo‘lgan bosh rejasi asosiy qoidalari tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra 3248,2 gektar yer maydoni istiqbolda shahar infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilganligi ko‘rsatilgan.

Yuqoridagilarga asosan ushbu yer maydonlaridan qurilish ishlari amalga oshirilguniga qadar bo‘sh turmasligi va aholini oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalda bo‘lgan Yer kodeksiga asosan qarori qabul qilingan”, – deyiladi hokimlik munosabatida.

Hokimlikka ko‘ra, yer maydoni MChJga Yer kodeksining 49-moddasiga asosan, qonuniy asosda biriktirilgan.

Shuningdek, hokimlik bunda yer “umri”ni bekor o‘tkazmaslik maqsad qilinganini qo‘shimcha qildi.

Qaror sanasiga e’tibor qilinsa, (oktyabr oyi) u ayni qishloq xo‘jaligi ekinlari, xususan, kuzgi g‘alla ekish mavsumiga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. Ya’ni ekish mavsumi o‘tib ketsa, yil yakuniga kelib, yer maydonlari ekin ekish uchun yaroqsiz holatga kelib qolishi, bu esa, o‘z navbatida, yuqorida ta’kidlanganidek, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muammolar tug‘ilishi hisobga olingan va yer mavsumiy foydalanish uchun biriktirib berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha vaqtda yerdan samarali foydalanish, dehqonlar ta’biriga ko‘ra, yerning “umri”ni bekor o‘tkazmaslik, qolaversa, Toshkent viloyatida Hukumat tomonidan berilgan topshiriqlarni to‘laqonli bajarish, viloyat ko‘rsatkichlarini Respublika ko‘rsatkichlari darajasiga yetkazish uchun mana shunday yo‘l tutilgan va yuqoridagi qaror qabul qilingan”, – deydi hokimlik.

Yer kodeksining 49-moddasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar tuman yoki viloyat hokimining qarori bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlariga (shirkat xo‘jaliklariga) ijaraga, boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga esa doimiy egalik qilish uchun yoki ijaraga berilishi belgilangan.

Qonunchilik nima deydi?

Yer kodeksining 23-moddasiga asosan yer uchastkalarini berish 3 xil ko‘rinishda (mulk qilib berish, doimiy foydalanishga berish, ijaraga berish) amalga oshirilishi mumkinligi qayd etilgan bo‘lib, ushbu moddada yer uchastkalarini tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirib berish usuli bilan ajratish nazarda tutilmagan. Toshkent viloyat hokimining qarorida yerni MChJga ijara berish yoki ijara shartnomasi tuzish haqida so‘z yuritilmagan.

Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash haqidagi 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-sonli prezident farmonining 4-bandiga binoan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish bo‘yicha hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan.

Farmonga binoan 2021 yil 1 avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi belgilangan.

Yer kimga biriktirib berilgan?

O‘sha vaqtda Toshkent viloyati hokimi bo‘lgan Davron Hidoyatovning 2021 yil 7 oktyabrdagi qarorida Nurafshon shahri hududidagi jami 781 gektar yer maydonini “Zernoff” MChJga shaharning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan qurilish ishlari boshlangunga qadar boshoqli don ekinlarini ekish uchun vaqtincha biriktirib berish nazarda tutilgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Zernoff” MChJ 2021 yil 23 fevralda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, 100 foizlik ta’sischisi “DISCUS FLOUR” MChJ hisoblanadi.

“DISCUS FLOUR” MChJning 100 foizlik ta’sischisi sifatida Abror Mahamatqobil o‘g‘li Ahmedov ko‘rsatilgan.

2019 yil dekabrida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod bo‘lgan Abror Ahmedov saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirish uchun ularga arzon narxda yog‘ sotish orqali saylovoldi tashviqotini olib borib Saylov kodeksini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandi.

Kun.uz tahririyatida “DISCUS FLOUR” MChJ ta’sischisi va 2019 yilda deputatlikka nomzod bo‘lgan Abror Ahmedov ayni bir shaxs ekani bo‘yicha ma’lumot mavjud emas.

Ma’lumot uchun, o‘sha vaqtda Toshkent viloyat hokimi sifatida bahsli qarorni qabul qilgan Davron Hidoyatov viloyat hokimligiga 2020 yil yanvar oyida tayinlangan. U 2021 yil noyabrida viloyat hokimi lavozimidan olinib, Chirchiq shahar hokimi lavozimiga o‘tkazilgandi. Toshkent viloyati hokimi lavozimiga esa Zoir Mirzayev tayinlangandi.

2021 yil dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hokimlarining tez-tez almashishiga izoh bergandi.

Andijon viloyatida 30 yilda hokimlar soni ko‘p bo‘lmagan. Lekin Toshkent viloyatiga majoziy ma’noda aytganda 30 ta hokim kelib-ketdi. Nega? Chunki ishni eplaydigan yaxshi kadrlar yo‘q. Biri korrupsiyaga yo‘l ochadi, boshqasi darrov g‘o‘ddayib, oyog‘i yerdan uziladi. Men amalni beraman, lekin arqonni uzun tashlab qo‘yaman”, – degandi davlat rahbari.

Mavzuga oid