3 yillik ta’lim, yigirma million turistlar – Londondagi o‘zbek yigiti hikoyasi
Uzbek.life portalining navbatdagi suhbatdoshi Buyuk Britaniyadagi London Janubiy Bank universiteti talabasi Aziz Bozorov. Suhbatdoshimiz Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 2019 yil sentabr oyida Londonga o‘qish uchun kelgan.
3 yil davom etishi qiziqtirgan
2019 yil Termiz Bank kollejining «Moliya» yo‘nalishini tamomlaganman. O‘sha yilning o‘zida Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan London Janubiy Bank universitetining «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishiga o‘qishga kirdim va sentabr oyida Londonga keldim.
Ochig‘i, Buyuk Britaniyada o‘qishni tanlashimga juda ko‘p faktorlar sabab bo‘lgan. Eng muhimlaridan biri sifatidan mamlakatning xalqaro darajada e’tirof etiladigan ta’lim tizimini aytishim mumkin. Qolaversa, bakalavrda o‘qish 3 yil davom etishi ham bu yerga kelishga undagan.
«Network» qurishga yordam beradi
London bu yerda o‘qiyotgan talabalar uchun juda ko‘p imkoniyat eshiklarini ochadi. Birinchi navbatda keng dunyoqarashga ega bo‘lish imkoni bor. Chunki mamlakatda ish va o‘qish uchun kelgan turli millat va davlat vakillari bilan muloqot qilasiz. Bu esa o‘z navbatida kuchli «network» qurishga yordam beradi. Masalan, o‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, shu vaqtga qadar Ispaniya, Italiya, Xitoy, Shvetsiya kabi davlatlardan ko‘plab do‘stlar orttirdim.
Qo‘shimcha qilib aytishim kerakki, Buyuk Britaniya universitetlarida ortiqcha fanlar o‘tilmaydi. Ya’ni bitta semestrda o‘rtacha 3 ta fan o‘tiladi va darslar haftasiga 3-4 kun bo‘ladi. Bu talabalar uchun o‘ziga xos qulaylik deb hisoblayman. Boisi, talaba o‘zining ustida ishlashiga vaqt yaratiladi hamda o‘qiyotgan fanlari ko‘p bo‘lmagani uchun darslarni chuqur o‘zlashtirishga ko‘proq e’tibor va kuch sarflaydi.
Har yili yigirma million atrofida turistlar keladi
O‘ylashimcha, Buyuk Britaniyaning juda ko‘p ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda joriy qilish mumkin. Misol uchun, mamlakatda bank tizimi juda yaxshi rivojlangan. Xususan, onlayn va mobil banklar hozir keng miqyosda faoliyat yuritmoqda. Ular orqali siz xohlagan odamingizga, istalgan vaqtda va miqdorda pulni hech qanday komissiyasiz jo‘nata olasiz. Ya’ni pul o‘tkazmalari bepul. Turizm sohasi ham kuchli taraqqiy etgan. Masalan, birgina Londonga dunyo bo‘ylab har yili yigirma million atrofida turistlar keladi. Aksariyat diqqatga sazovor joylar, jumladan, muzeylar va bir qancha turistlar gavjum joylarga kirish mutlaqo tekin.
Menimcha, shu orqali ular ko‘proq turistlarni jalb qilishadi. Turistlar ko‘pligi esa mehmonxona biznesini rivojlantirishga olib kelgan. Shu tufayli ham bu yerdagilarning ko‘pchiligi xizmat ko‘rsatish sohasida band.
13 900 funt sterlingdan boshlanadi
Men tahsil olayotgan London Janubiy Bank universiteti 1892 yil tashkil topgan. Hozirda 15 000 dan ortiq talabalar ta’lim olishadi. Universitetda siz xohlagan yo‘nalishingizni topishingiz mumkin, musiqadan to tibbiyot yo‘nalishigacha. Kontrakt narxi esa yiliga o‘rtacha 13 900 funt sterlingdan boshlanadi. Universitet talabalar uchun bir qancha qulayliklar yaratib bergan. Masalan, kontraktni 3 qismga bo‘lib to‘lash imkoni bor. Kutubxona esa 24 soat ishlaydi.
Bu yerga kelib moslashish menda ham oson kechmagan. Birinchi navbatda oila va ulg‘aygan joyingizni sog‘inasiz. Quyoshli o‘lkadan bulutli mintaqada yashashning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi.
Qolaversa, kunlik xarajatlar, uy-joy va oziq-ovqat narxlari ham qimmat. Shuning uchun, talabalar ham o‘qib, ham ishlashga tayyor bo‘lib kelishi kerak.
Biznes ta’limini egallash kerak
Kelajakdagi rejalarim juda katta va ko‘p. Londonda o‘qishni bitirganimdan keyin, magistraturani yana bir rivojlangan boshqa mamlakatda o‘qish niyatim bor. Aksariyat odamlar menga biznesmen bo‘lish uchun aynan shu yo‘nalishda o‘qish zarur emasligini aytishadi. Chunki universitetda o‘qimasdan turib ham tadbirkorlik qilayotganlar ko‘p. Lekin kuzatishlarim bo‘yicha ayta olamanki, bugungi kunda hamma soha qatori, biznes sohasi ham o‘zgarib bormoqda. Muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lish uchun, albatta, biznes ta’limini egallash kerak.
Kelajakda orttirgan bilimlarimni O‘zbekistonga qaytib amalga oshirmoqchiman. Xudo xohlasa, 5 yildan keyin men o‘zimni O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, eng muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlardan biri sifatida ko‘raman.
Ufora Habibullayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024
Britaniya Ukraina askarlarini tayyorlash uchun Ukrainaga o‘z instruktorlarini yuboradi
23:25 / 13.12.2024
Londonda 300 metrli ofis binosini qurishga ruxsat berildi
21:56 / 11.12.2024