O‘zbekiston | 16:29 / 10.02.2022
13364
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Samarqandning Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnelni borib ko‘rdi

Yo‘llarda qulaylik va xavfsizlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmasida qurilgan tunnelni borib ko‘rdi. 

Bu ikki ko‘cha shahardagi eng katta, serqatnov yo‘llardan. Tunnel qurilishi natijasida transportlar harakatiga qulaylik oshib, tirbandlik bartaraf bo‘ldi. Uning uzunligi 120, kengligi qariyb 27 metr. 

Ro‘dakiy ko‘chasida avtomobil va tramvay yo‘li, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurildi. Hudud obodonlashtirildi.

Shu yerda Samarqandda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.

«Oxirgi yillarda Samarqand har tomonlama rivojlanyapti. Lekin hali odamlarga qulaylik va xavfsizlik jihatidan ko‘p ish qilish kerak. Bu yerda ham yil sayin mashinalar ko‘payyapti. Yo‘llar, svetoforlar esa deyarli o‘sha-o‘sha. Shuning uchun bu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markaz tashkil qilish maqsadga muvofiq. Ular xorij tajribasini o‘rganib, joriy etishi, qaysi yo‘lni kengaytirish, qayerga yo‘lak qurish, qayerda svetoforni olib tashlash bo‘yicha taklif ishlab chiqishi kerak», - dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev mazkur tunnel yaqinida, Bo‘stonsaroy ko‘chasida qurilgan galereya uslubidagi ko‘prikni ham ko‘zdan kechirdi.

Shu paytgacha yo‘lning Siyob kanali ustidan o‘tgan qismi ancha past bo‘lib, yog‘ingarchilik paytida transport va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirardi. Shu bois yo‘l 23 metrgacha ko‘tarilib, eni 31 metrgacha kengaytirilgan. Yo‘lning ikki chetida himoya vositasi, shovqin kamaytiruvchi to‘siqlar o‘rnatildi. Piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan.

Mavzuga oid