Andijon: Milliardlab so‘mlik xaridlarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlar hamon lavozimda
Andijon viloyatidagi qurilishlarda regulyator bo‘lgan asosiy davlat tashkilotlari rahbarlari qarindosh-urug‘chilik asosida milliardlab davlat buyurtmalariga ega chiqqani ma’lum edi. Kun.uz'ning aniqlashicha, ularning faqat bir nafari jazoga tortilgan, ayrimlari hamon o‘z lavozimida ishlamoqda.
2020 yilning dekabr oyida Andijon viloyati hokimligi mansabdorlari va ularning yaqinlariga tegishli korxonalar tomonidan milliardlab davlat buyurtmalari taqsimlab olingani ma’lum bo‘lgan edi. 2021 yil fevral oyida jamoatchilik tomonidan keskin qoralangan ushbu holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Kun.uz so‘roviga muvofiq Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mansabdorlarning faqat 1 nafariga nisbatan 2021 yil 24 noyabr sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan hukm o‘qilgan.
Xususan, Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari hamda “Milano Biznes Servis” MChJning 100 foiz ulushi egasi Muhiddin Qodirov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a” bandi, 209-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. M.Qodirovga uzil-kesil 2 yil moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2,5 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Muhiddin Qodirov – Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari bo‘lgan. M.Qodirov to‘liq egalik qiladigan “Milano Biznes Servis” MChJ qariyb 20 mlrd so‘mlik uchta obektni rekonstruksiya qilishda pudratchi sifatida tanlangan. Ya’ni uchta holatda – Jalaquduq tumanidagi “Oyim” poliklinikasi (6 milliard so‘m), Izboskan (6,9 milliard so‘m) va Qo‘rg‘ontepa (6,7 milliard so‘m) tumanlaridagi 2 maktabni rekonstruksiya qilishda buyurtmachi ham, pudratchi ham – Muhiddin Qodirovning shaxsan o‘zi bo‘lgan.
Bundan tashqari sudda Qodirovdan tashqari yana 8 nafar fuqaro aybli deb topilib, turli jazolarga hukm tayinlangan.
Lekin sud hukmida 2020 yil oxirida jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan davlat xaridlariga doir ishda ismlari kelgan yana 3 nafar mansabdor haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q.
Qolgan mansabdorlar kim va ular nimalar qilgan edi?
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, ikki amaldor o‘z joyida qolgan, biri lavozimidan ozod qilingan. Vaholanki, 2021 yil yanvar oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi e’lon qilgan hisobotda ular tomonidan tender (tanlov)larda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lgani, tender jarayonini o‘tkazish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda qator qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani tasdiqlangan edi.
Xususan, 2020 yil dekabr oyida ustav fondining 100 foiz ulushi Andijon viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Rustambek Hojiboyevga qarashli bo‘lgan “Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish” MChJ Shahrixon tumanidagi 2 ta tug‘uruq majmualarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 12,8 va 5,6 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgandi.
Rustambek Hojiboyev hamon Andijon viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayapti. Ayni vaqtda “Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish” MChJning ta’sischiligi boshqa shaxs (J.Matfozilov)ga o‘tgan.
2020 yilda yana bir mansabdor – “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon filiali rahbari – Ravshanbek Jabborqulov tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi sodir etilgani ma’lum bo‘lgandi.
Ravshanbek Jabborqulov va uning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi Xayrullo Jabborqulovlar egalik qilgan “Xonobod Savdo Ravnaqi” MChJ “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon viloyat filialidan 3,2 mlrd so‘mlik, Andijon viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” IKdan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi bog‘chani rekonstruksiya qilish bo‘yicha 4,7 mlrd so‘mlik buyurtmalarni qo‘lga kiritgan.
Ravshanbek Jabborqulov ayni vaqtda ham “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon filiali rahbari lavozimida qolmoqda. Shuningdek, u “Xonobod Savdo Ravnaqi” MChJning ta’sischilari qatorida ham qolgan.
2020 yil dekabr oyida Kun.uz bilan suhbatlashgan Ravshanbek Jabborqulov va Rustambek Hojiboyevlarning ikkalasi ham davlat xaridlari va buyurtmalariga doir ishlarning barchasi qonun doirasida amalga oshirilganini bildirgan edi.
Yana bir mansabdor, Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari o‘rinbosari Baxtiyor Qodirovning to‘g‘ridan to‘g‘ri qarindoshi, Mansurbek Qodirovning 100 foiz ta’sischiligidagi – “Andijon ihlos qurilish” MChJga ham yirik davlat buyurtmalari olib berilgan edi.
Ushbu korxona Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan taxminan 10,8 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalariga mas’ul bo‘lgan, sog‘liqni saqlash tizimidagi qurilishlar bo‘yicha budjetdan 3,2 mlrd so‘mlik, Paxtaobod tumanidagi ikkita ko‘p qavatli uyni ta’mirlash bo‘yicha esa 26,5 mlrd so‘mlik tenderlarda “g‘olib bo‘lgan”.
Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbarining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov haqida ochiq manbalardan ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.
Ma’lumot uchun, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil 13 fevral kuni Andijon viloyatida davlat xaridlariga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda, mansabdorlar va ularning yaqinlariga tegishli qurilish korxonalari tomonidan davlat buyurtmalari qonun talablariga zid ravishda qo‘lga kiritilgani tasdiqlangan edi.
Xususan, agentlik hisobotida quyidagi qonunbuzarliklar sodir etilgani bildirilgan:
- mansabdorlar va ularning qarindoshlariga qarashli firmalarning tenderlarda g‘olib bo‘lgani;
- tanlov va tenderlarda affillanganlik holatlari;
- “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti normativ hujjatlar talablari buzilishi;
- qurilish materiallari narxlari noto‘g‘ri qabul qilinishi natijasida qurilish obektlari loyihasi qiymati 9,4 mlrd so‘mga ortib ketgani;
- jami 4ta qurilish obektlarida 57,9 mln so‘m miqdorda sifatsiz ishlar amalga oshirilgani;
- jami 4ta qurilish obektlarida 1 mlrd 486 mln so‘mlik ishlar kam bajarilgani aniqlangan.
Shuningdek, 2021 yilning fevral oyida o‘rganish natijalari yuzasidan aybdor shaxslarga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov harakatlari boshlangan. Shundan so‘ng, jamoatchilikka ishning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagandi.
Qarindosh-urug‘chilik rishtalari va korrupsiyaviy sxemalar orqali amalga oshirilgan davlat xaridlarining jamoatchilikdan sir tutilayotgan natijalari faqat shular emas. Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Saliyevaga tegishli firma 4 milliard so‘mga yaqin davlat buyurtmasiga ega chiqqani holatini prokuratura o‘rganishni boshlagandi. Oradan qariyb 1 yil vaqt o‘tyapti hamki natijalaridan jamoatchilik bexabar.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
16:13 / 20.12.2024
Yigirmaga yaqin bolani 1,5 ming km masofaga tashiyotgan uchta Damas ushlandi
16:54 / 19.12.2024
Andijonda Suriyadagi terrorchi guruhlarga pul yuborgan fuqaro 10 yildan ortiq muddatga qamaldi
15:16 / 18.12.2024