Jahon | 17:28 / 20.02.2022
11919
2 daqiqa o‘qiladi

Qirolicha Yelizaveta II koronavirusga chalindi

Britaniya qirolichasi Yelizaveta II koronavirusga chalingan. Bukingem saroyi ma’lumotiga ko‘ra, kasallik unda yengil kechmoqda.

Foto: AFP

Rasmiy xabarda qirolichada shamollashni eslatuvchi yengil alomatlar kuzatilayotgani, ammo u shu haftada Vindzordan turib ishlashda davom etishni mo‘ljallayotgani aytilgan.

«U tibbiy yordam olishda davom etadi va barcha ko‘rsatmalarga rioya etadi», deyiladi saroy bayonotida.

Yelizaveta II hozirda 95 yoshda. Ma’lum bo‘lishicha, u so‘nggi vaqtlarda katta o‘g‘li, taxt vorisi hisoblangan Uels shahzodasi Charlz bilan aloqada bo‘lgan. Shahzoda va uning rafiqasi Kamilada o‘tgan haftalarda koronavirus aniqlangandi.

2021 yil 9 yanvarida Yelizaveta II koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi bilan emlangani xabar qilingandi. Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Yelizaveta II koronavirusga qarshi vaksinaning uch dozasini qabul qilgan.

2022 yil 6 fevralida qirolicha taxtdagi platina yubileyini nishonlagandi. U mamlakatni 70 yil boshqargan ilk britan monarxidir.

Bu yubiley yil bo‘yi davom etadi, uning kulminatsiyasi yoz fasli boshiga rejalashtirilgan: Britaniyada 2-5 iyun kunlari umummilliy bayram bo‘ladi.

Mavzuga oid