Iqtisodiyot | 17:04 / 27.02.2022
73232
10 daqiqa o‘qiladi

Bosqin uchun eng qimmat jazo: SWIFT tizimidan uzilishi Rossiya uchun qanchalik halokatli?

G‘arb davlatlari Rossiyaning qator banklarini (ro‘yxat yana kengayishi ham nazarda tutilgan) SWIFT’dan uzishga qaror qildi. Bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Foto: Getty Images

Iqtisodiy choralarning eng og‘iri Rossiya bank tizimini xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uzib qo‘yish tahdidi hisoblangan va bu har doim eng oxirgi chora sifatida ko‘rib kelingan. Ukrainaga bosqin ortidan xalqaro sanksiyalarga tushgan Rossiya banklari SWIFT'dan uziladi, zaruratga qarab boshqa banklar ham tizimdan uzilishi mumkin. Xo‘sh, bu Rossiya iqtisodiyotiga qanchalik ayanchli ta’sir o‘tkazadi? 

SWIFT nima?

SWIFT (Society for Worldwide Interbank Financial Telecommunication) – banklararo ma’lumot almashish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimi bo‘lib, unga dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi 11 mingdan ortiq yirik tashkilotlar ulangan.

Ushbu tizim butun dunyo bo‘ylab moliya institutlariga operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xavfsiz, standartlashtirilgan va ishonchli tarzda yuborish va qabul qilish imkonini beradi. SWIFT orqali kuniga o‘rtacha 42 mln ma’lumot almashiladi va global miqyosdagi to‘lovlarning yarmiga yaqini ushu platforma orqali amalga oshirilgan.

SWIFT tizimiga o‘xshash quyidagi muqobillar mavjud:

  • CIPS – Xitoyning kliring banklari bilan Xitoy valutasida savdoga oid bitimlar uchun mo‘ljallangan;
  • SFMS – Hindiston homiyligida tashkil etilgan;
  • SPFS – Rossiya tomonidan tashkil etilgan, asosan rus banklari ichki o‘tkazmalarda foydalanishadi;
  • INSTEX – Eron SWIFT tizimidan uzib qo‘yilganidan keyin Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil etilgan va AQSh dollaridan tashqari operatsiyalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, biroq deyarli foydalanilmagan va o‘z samarasini bermagan.

SWIFT’ni sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, qaysi mamlakat tizimdan chiqarilsa, bu davlatda xalqaro pul oqimining kirishi va chiqib ketishida jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Xususan, Rossiyadan O‘zbekistonga qilinadigan tranzaksiyalar ham  SWIFT orqali amalga oshirilgan.

SWIFT’dan uzilish Rossiya uchun qanchalik halokatli?

Rossiya Milliy SWIFT assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 300 ga yaqin yetakchi bank va tashkilotlari ma’lumot almashishda aynan ushbu tizimni ishlatishadi va platformadan foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turishadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, SWIFT’da yuboriluvchi xabarlar soni bo‘yicha Rossiya dunyoda 6-o‘rinda turadi. Rossiyaning yillik o‘tkazma hajmi 800 mlrd dollarga yetishi mumkin. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan biroz ko‘p. Endi nima bo‘ladi?

Birinchidan, Rossiya banklarini SWIFT tizimidan chiqarib tashlash mamlakatning butun dunyo bo‘ylab moliyaviy bozorlarga kirishini cheklab qo‘yadi. Buni biror davlatni internetdan uzib qo‘yishga o‘xshatish mumkin. Moliya sektori va eksport, xomashyo yetkazib berish uchun to‘lovlarni amalga oshirishda jiddiy muammolar paydo bo‘ladi.

Ikkinchidan, Rossiyaning SWIFT’dan uzilishi natijasida xalqaro investorlarning mamlakatdan chiqib ketishi yuz bera boshlaydi va bu qimmatli qog‘ozlar bozorini qulatishi mumkin. Buning oqibatida korporativ va davlat qimmatli qog‘ozlarining asosiy egalari bo‘lgan banklar katta yo‘qotishlarga uchraydi.

Uchinchidan, Rossiya AQSh dollarida amalga oshiriladigan uglevodorodlar eksporti tufayli SWIFT tizimiga qattiq tayanadi. Mamlakat budjeti ham neft va gaz kabi xomashyo eksportidan olinadigan soliqlarga bog‘langan. Savdoning qiyinlashishi esa budjet uchun zarur bo‘lgan pul to‘plashni og‘irlashtiradi.

To‘rtinchidan, rus banklarining boshqa xalqaro banklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi qiyinlashadi. Ular sanksiyaga tushib qolmaslik uchun alohida o‘zaro hamkorlik aloqalaridan qochishlari mumkin. Buni hatto Xitoyning ikki yirik davlat banki Rossiyadan xomashyo tovarlarini xarid qilish bo‘yicha bitimlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgani haqidagi xabarlar chiqa boshlagani ham isbotlaydi. Reputatsiya yo‘qotilishi oqibatida G‘arbning ko‘plab banklari va kompaniyalari mamlakatda ishlashdan, Rossiya va rus biznesi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishi mumkin. Globallashuv davrida xarajatlar oshishi va moliyaviy oqimlar keskin sekinlashishi biznesga jiddiy zarba beradi.

Ma’lumot uchun, 2012–2016 yillar davomida Eron banklari tizimdan uzib qo‘yilganidan so‘ng, mamlakat neft eksportidan keladigan daromadlarining deyarli yarmini va tashqi savdosining 30 foizini yo‘qotadi. Shuningdek, 2017 yilda Shimoliy Koreya ham SWIFT’dan uzib qo‘yilgan.

Rossiya uchun boshqa muqobil tanlovlar bormi?

Rossiyani SWIFT tizimidan uzib qo‘yish haqidagi chaqiriqlar oldin ham bo‘lgan. 2014 yil avgust oyida Buyuk Britaniya Yevropa yetakchilariga shunday variantni ko‘rib chiqish taklifi bilan chiqqan. O‘shanda Rossiyaning sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin bunday harakat Rossiya yalpi ichki mahsulotining 5 foizga qisqarishiga olib kelishi mumkinligi haqida fikr bildirgandi. O‘sha paytdagi mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medvedev esa bu harakatni «urush e’lon qilish bilan barobar», deya ta’riflagan.

Keyingi davrda Rossiya hukumati bu borada muqobil yechimlar yaratishga harakat qilib ko‘rgan. Ulardan biri – SPFS tizimi. Unga 331ta kredit tashkilotlari birlashtirilgan va mamlakat ichidagi moliyaviy o‘tkazmalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash mumkin. Ammo SPFS’da tranzaksiya xarajatlari qimmatligi va tizim sekinligi bois shu paytgacha rus banklari SWIFT’dan foydalanib kelishgan.

Yana bir variant: unutilgan eski usulga qaytish mumkin. 2005 yilgacha Rossiyaning chet eldagi to‘lovlarining aksariyati Telex orqali amalga oshirilgan. Bu tizimda banklararo komissiyalar yuqori, tezligi esa past, biroq foydalanish imkoniyati bor.

Shuningdek, banklar ikki tomonlama to‘lov tizimiga o‘tadi. Kredit tashkilotlari vakillik hisobvaraqalari bo‘yicha tranzaksiyalarni onlayn amalga oshirishi mumkin.

Nega shu paytgacha Rossiyani  SWIFT tizimidan uzishmagandi?

SWIFT - Belgiya yurisdiksiyasi ostidagi korporativ hamjamiyat. Ushbu tizim G‘arb davlatlaridagi o‘ndan ortiq Markaziy banklar tomonidan  hamkorlikda boshqariladi. Ya’ni AQShning yolg‘iz o‘zi Rossiyani tizimdan uzib qo‘ya olmaydi. Biror mamlakatni tizimdan chetlatish uchun Yevroparlament qarori kerak, shuningdek, bu qaror Belgiya tomonidan tasdiqlanishi ham zarur.

Bundan tashqari, Yevropa mamlakatlari (ayniqsa, Germaniya, Italiya va Fransiya) Rossiya nefti va gaziga qattiq bog‘langan. Ikki o‘rtadagi to‘lovlar SWIFT orqali amalga oshirilgani bois tizimdan Rossiyani uzib qo‘yish savdo qilishni qiyinlashtirib yuborardi.

AQSh va Germaniya banklari Rossiya banklari bilan eng ko‘p muloqot qiladigan SWIFT foydalanuvchilari hisoblanadi.

Shuningdek, barcha (umumiy 3ta) SWIFT ma’lumotlar markazlari Rossiyadan tashqarida (AQSh, Niderlandiya va Shveytsariyada) joylashgan. Ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, bu AQSh razvedkasiga Rossiya banklari tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy operatsiyalardan xabardor bo‘lib turish imkonini bergan. Rossiyaning soyadagi iqtisodiyotga o‘tishi AQShning strategik manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmagan.

Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, Rossiyaning G‘arb davlatlari bilan yuqori darajadagi o‘zaro bog‘liqligi tizimdan chiqib ketishining oldini olishda «qalqon» vazifasini o‘tab kelgan. Rossiyaning chetlashtirilishi natijasida Yevropa mamlakatlarida ham energetik ta’minot yomonlashadi va ularga ham sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Bu o‘zbek banklariga ham ta’sir qiladimi?

Rossiyadan O‘zbekistonga qilinadigan tranzaksiyalar ham SWIFT orqali amalga oshirib kelingan. Agar Rossiya tizimdan chiqarib yuboriladigan bo‘lsa, o‘zbek banklari pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun Rossiya banklari bilan alohida shartnoma qilishiga to‘g‘ri keladi. Endi shu bo‘yicha ishlar olib borilishi kutilmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, kelayotgan hafta o‘zbek banklari uchun ham sinovli bo‘ladi.

«Yiliga, masalan, Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida 10-12 milliard dollarlik tranzaksiyalar o‘tadi. Tranzaksiyalarning 99 foizi dollarda amalga oshiriladi. SWIFT yaratadigan afzallik, masalan, xalqaro pul o‘tkazmalari, depozit operatsiyalari narxini hozirgi darajadagi minimumda ushlab turishga imkon beradi. Afsuski, teletayp orqali moliyaviy axborot almashinishda bunday emas. Qolaversa, axborot almashinishda, identifikatsiyalash va moliyaviy muttahamlik bilan bog‘liq risklar karrasiga ortadi.

Shunday ekan, kelasi hafta o‘zbek banklari uchun ham sinovli bo‘ladi. Shu o‘rinda, migrantlarimizdan ham, biznes vakillaridan ham SWIFT uzilishi yuz berishi sharoitida bitim va o‘tkazmalardan, toki vaziyat barqarorlashguncha tiyilib turishni yana bir bor so‘rayman», deya ta’kidlagan iqtisodchi.

                                                                           Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid