O‘zbekiston | 09:47 / 02.03.2022
11610
3 daqiqa o‘qiladi

Xuddi kinolardagiday: Jizzaxda bosqinchilar haydovchini tunab ketishdi. U esa IIBga yolg‘on ma’lumot berdi

U arizasida bosqinchilar kiyimi va telefoniga qo‘shib 1200 dollar pulini ham olib ketganini aytgan. Surishtiruv davomida esa pul o‘zida qolgani aniqlangan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi tergov departamentining xabar berishicha, 2022 yil 22 fevral kuni Samarqand viloyati Urgut tumani Kamangaron qishlog‘ida yashovchi 31 yoshli B.R. G‘allaorol tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasiga ko‘ra, 22 fevral kuni soat 22:30larda Samarqand shahar “Ulug‘bek” avtoshohbekatidan o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt mashinasiga Toshkent shahriga olib borib qo‘yish uchun 2 nafar notanish yo‘lovchini o‘tkazgan.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Ko‘kgumbaz” MFY hududiga yetganda orqa o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchilardan biri o‘tkir tig‘li jismni uning bo‘yin sohasiga tiragan. Mashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchi esa uning yuz va qorin qismiga mushtlab urgan va mashinani to‘xtatishni buyurgan.

Haydovchi B.R. ularning talablarini bajarib mashinani yo‘lning qatnov qismida to‘xtatib, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan. Noma’lum shaxslar esa mashina salonida bo‘lgan kurtkasini hamda ichki cho‘ntagida bo‘lgan 1 200 dollar va “REDMI-10S” rusumli telefon apparatini olib ketishgan.

Mazkur holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyat Samarqand viloyatida yashovchi 22 yoshli O.Sh. hamda Qashqadaryo viloyatida yashovchi 24 yoshli P.L. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, ular protsessual tartibda ushlangan.

Tergov davomida qonunbuzarlardan telefon apparati hamda olib ketilgan pullar so‘ralganda, ular bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan “REDMI-10S” telefon apparatini Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “Farhod” bozorida o‘zlariga notanish bo‘lgan fuqaroga 1 million so‘mga sotib yuborishgani, jabrlanuvchi arizasida ko‘rsatgan 1 200 dollar miqdoridagi pullar esa o‘g‘irlanmagani, aksincha pullar jabrlanuvchining o‘zida ekani aniqlangan.

Tergov harakatlari davomida ayblanuvchilar doirasi aniqlanib, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Hozirda tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid