Jamiyat | 17:03 / 15.03.2022
45380
5 daqiqa o‘qiladi

Sambochi Kamoliddin Rasulovni o‘ldirgan shaxs 15 yilga qamaldi

Sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionini o‘ldirgan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.

Sambo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi Kamoliddin Rasulovning o‘limi yuzasidan 2022 yilning 8 fevral kuni boshlangan sud majlisi 14 mart kuni yakuniga yetdi. Sudlanuvchi Shuhrat To‘raboyev Kamoliddin Rasulovni o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shuhrat To‘raboyev / Foto: «Daryo»

2012 yilda o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan, keyinchalik faoliyatini dzyudo sportida davom ettirib, 2019 yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro Gran-pri turnirida 81 kg vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritgan Kamoliddin Rasulov 2021 yilning 13 sentabr kuni tanishi tomonidan bir necha joyidan pichoqlangan, olgan jarohatlari natijasida vafot etgandi.

Kamoliddin Rasulov

Ma’lum bo‘lishicha, uning joniga qasd qilgan shaxs ham sportchi bo‘lgan, ikkovlon avvaldan tanish bo‘lishgan.

«Qanaqa vitamin olyapsan, deb so‘raganimda bitta vitaminning nomini aytdi. O‘shani sotib olib, qabul qilganimdan keyin sog‘lig‘im yomonlashdi. Unga telefon qilib «Shu vitaminni ichganingdan keyin hammasi zo‘r bo‘ladi, deganding, umuman «nol»ga tushib ketyapman-ku. Organizmim, bilaklarim qurib ketayotganga o‘xshayapti», deganimda, u biz yarim milligrammdan bir milligrammgacha qabul qilamiz, deb aytdi. «Menga to‘rt milligrammdan ichkizding-ku, umuman qurib ketdim», deb aytdim unga. Qo‘rqitish uchun o‘zim bilan pichoq olib olgandim. Jonimdan to‘yib ketganligim sababli. U sog‘lig‘imdagi o‘zgarish vitamindanmas deyavergandan keyin, jahlim chiqib, nima qilganimni bilmay qoldim. Ota-onasidan kechirim so‘rayman. Yaxshi ish qilmadim baribir. Uyam yaxshi ish qilmadi, men ham yaxshi ish qilmadim», degan sudda ayblanuvchi.

Hodisa sodir bo‘lgan kuni ayblanuvchi Kamoliddin Rasulovga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib, u bilan uchrashmoqchi ekanini aytgan. Marhum 13 sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi tanishining uyi yaqiniga boradi. Suhbat janjalga aylanib ketadi, ayblanuvchi oshxona pichog‘i bilan 29 yoshli Kamoliddin Rasulovni bir necha marta pichoqlab, qasddan o‘ldiradi.

«Yo‘lda telefon qilavergan. Ukam kelinimga «Men buni ko‘rmaganimga bir yil bo‘lgandi, nimagadir ko‘rishib olaylik, deb uch kundan beri telefon qilyapti, shundoq ko‘rishaman-u, qaytaman», deb aytgan. Voqea kelinimning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Ukam mashinani qulflamasdan tushgan. Tanishi bilan quchoqlashib ko‘rishgan. U o‘lishini bilsa, avvaldan dushman bo‘lsa, quchoqlashib ko‘rishmagan bo‘lardi. Ular-to‘rt daqiqa gaplashishgan. Ularning o‘rtasida hech qanday janjal-to‘polon bo‘lmagan. Tanishi to‘g‘ri yurakka pichoq urgan. Uning na ota-onasi, na o‘zi biror marta kechirim so‘ramadi, uyimizga borib ta’ziya bildirmadi. Umuman pushaymonlik hissi yo‘q. Bu jinoyatchiga umrbod qamoq jazosi berilishini xohlaymiz», deydi marhumning opasi.

«Videotasvirlarda uning faqat pichoqlangani ko‘ringan. Qo‘llari ham joyidan kesib tashlangan. U rosa qarshilik ko‘rsatgan. Lekin videotasvirlarda bu narsa yo‘q. Videoda uning faqat qochayotgani aks etgan kadrlargina bor, pichoqlangan joylari yo‘q», deydi marhumning otasi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topildi va unga nisbatan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud qaroriga ko‘ra jazo umumiy tartibli jazo koloniyalarida o‘talishi belgilangan.

Avvalroq «Malika» savdo majmuasida 44 yoshli erkakni pichoqlab o‘ldirgan 34 yoshli yigit 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Mavzuga oid