Yevroittifoq sammitida Ukraina bilan birdamlik trast fondi tashkil etilishi qo‘llab-quvvatlandi
Yevropa kengashi Ukraina bilan birdamlik fondini tashkil etishni ma’qulladi va xalqaro hamkorlarni uning ishida ishtirok etishga taklif qiladi.
Yevropa ittifoqi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari Ukraina bilan birdamlik trast fondini tashkil etishga kelishib oldi. Bu haqda 25 mart, jumaga o‘tar kechasi Yevropa kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan kommyunikeda aytiladi.
«Rossiyaning harbiy agressiyasi tufayli Ukrainaga yetkazilgan vayronagarchilik va katta yo‘qotishlarni yodda tutib, Yevropa ittifoqi Ukraina hukumatiga uning shoshilinch ehtiyojlari bo‘yicha, Rossiya hujumlari tugaganda esa demokratik Ukrainani tiklashda yordam berishga tayyor, - deyiladi sammit kommyunikesida. - Shu maqsadda Yevropa kengashi Ukraina bilan birdamlik trast fondini tuzishga rozi bo‘ldi va xalqaro hamkorlarni unda ishtirok etishga taklif qiladi».
Hujjat matnida fondni «kechiktirmasdan» tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash to‘g‘risida chaqiriq mavjud.
Yevropa kengashi, shuningdek, Ukraina bilan birdamlik trast fondini to‘ldirish uchun xalqaro donorlik konferensiyasini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Ular buni «kerakli vaqtda» o‘tkazmoqchi.
«Yevropa ittifoqi Ukrainani elektr energiyasi va gaz bilan uzluksiz ta’minlash niyatida», deb va’da berildi sammitda. Bayonotda Ukraina va Moldova energiya tizimlarining Yevropa bilan sinxronlashtirilgani «ajoyib yutuq» deb ataldi.
«Bu bizning kelajagimiz endi bir-biriga bog‘langanligini ko‘rsatadi», deyiladi Yevropa ittifoqiga a’zo 27 davlatning davlat va hukumat rahbarlari bayonotida.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024