Jamiyat | 17:08 / 17.04.2022
52034
6 daqiqa o‘qiladi

Disk churrasi kasalligi xuruj qilganda nima qilish lozim? Mutaxassis tavsiyalari

Keyingi paytlarda oyoq va bel og‘rig‘idan aziyat chekayotgan insonlar haqida ko‘p eshitmoqdamiz. Tekshiruv natijasida esa ularning aksariyatida umurtqalararo disk churrasi aniqlanmoqda. Xo‘sh, bu qanday kasallik? Uning kelib chiqishiga qaysi omillar sabab bo‘ladi? Ushbu xastalikni butunlay davolash mumkinmi? 

SSV matbuot xizmati shu va boshqa savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetovga murojaat qildi.

Murod Irismetov

— Umurtqalararo disk churrasi bugungi kunda dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan kasalliklardan biri sanaladi, — deydi M.Irismetov. — Ushbu xastalik umurtqalar orasidagi disk butunligining travmalar yoki osteoxondroz natijasida buzilishi, undagi pulpoz yadroning fibroz halqani yorib tashqariga chiqishi orqali paydo bo‘ladi. U asosan beldagi kuchli og‘riqlar va ularning oyoqlarga uzatilishi bilan xarakterlanadi.

Avvallari mazkur kasallik asosan yoshi katta insonlarda uchragan bo‘lsa, bugunga kelib, umurtqalararo disk churrasi hatto 20 yoshli yigit-qizlarda ham kuzatilyapti.

— Kasallikka qanday omillar sabab bo‘ladi? 

— Umurtqalararo disk churrasining kelib chiqishiga olib keladigan alohida sababni ajratib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Boisi, ko‘p hollarda bu xastalik umurtqa pog‘onasining degenerativ-distrofik kasalliklari fonida shakllanib, osteoxondroz rivojlanishining ma’lum bosqichi hisoblanadi.

Bundan tashqari, kasallik umurtqa shikastlanishidan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, uning rivojlanishiga turtki bo‘ladigan yana bir qancha xavf omillari mavjud.

Ular:

  • mushak-skelet tizimining birgalikdagi kasalliklari;
  • yoshga doir o‘zgarishlar;
  • umurtqa pog‘onasining egriligi;
  • metobolik kasalliklar;
  • turli travmalar;
  • og‘ir jismoniy mehnat;
  • qabziyat;
  • ortiqcha vazn;
  • ayollarda tug‘uruq vaqtidagi zo‘riqishlar; 
  • nosog‘lom turmush tarzi va boshqalar.

— Umurtqalararo disk churrasining belgilari qaysi?

— Kasallikning birinchi va eng asosiy belgisi bel og‘rig‘i bo‘lib, u harakat yoki biror og‘ir yukni ko‘tarish bilan kuchayadi. Hatto og‘riq yotganda ham pasaymaydi. Shuningdek, tanada kislorod va ozuqalar yetishmasligi bois qo‘l-oyoqlar muzlaydi, uyushadi, bemor holsizlanadi. Biror jismoniy mehnat qilganda yoki yurganda, bezovtalik kuzatiladi.

Qolaversa, bosh aylanishi, ichak va bovul qilishda buzilishlar, qo‘llarda sezgilarning pasayishi, qon bosimi o‘zgarishi, qorin bo‘shlig‘idagi noqulaylik kabi yana bir qancha belgilar ham ushbu kasallik alomati bo‘lishi mumkin.

— Kasallik xuruj qilganda qanday yo‘l tutish kerak?

—  Churra xuruj qilgan paytda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, churra joylashgan soha atrofi qo‘l bilan paypaslanganida, qorinda to‘lg‘oqsimon og‘riq kuzatilishi mumkin. Bunday paytda bemor og‘riq qoldiruvchi dorilar qabul qilishi mutlaqo mumkin emas. Sababi o‘zboshimchalik bilan davolanish keyinchalik salbiy oqibatlarga olib keladi.

Eng to‘g‘ri yo‘l esa shifokor ko‘rigidan o‘tish va tavsiya etilgan davo muolajalarini bajarishdir. 

Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik bemorlar yaqinlarining gap-so‘zlari, tavsiyalariga ishonib, umurtqa pog‘onasini bosish, uqalash va shunga o‘xshash amaliyotlar orqali davolanishga harakat qiladi. Bu esa shikastlangan umurtqani yanada qiynashi, kasallikning zo‘rayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

— Disk churrasi qanday davolanadi?

— Bugungi kunda kasallikni davolashda lazerli va endoskopik usullardan keng foydalanilmoqda. Biroq churra inson tanasidagi o‘simta hisoblangani, shuningdek, vaqtida chora ko‘rilmasa, salbiy oqibatlarga olib kelgani bois uni rejali jarrohlik yo‘li bilan tuzatish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. 

Bunda bemor to‘liq tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Tanadagi barcha a’zolar faoliyati chuqur o‘rganilib, bemor shundan so‘nggina operatsiya qilinadi.

To‘g‘ri, umurtqa churrasini dori-darmonlarsiz ham davolasa bo‘ladi. Jumladan, hozir suv muolajalari tibbiyotda keng qo‘llanilmoqda. Biroq bu muolajani shifokor tavsiyasi bilan olish lozim.

Churraning paydo bo‘lgan muddati juda katta ahamiyat kasb etadi. Uch oygacha bo‘lgani yengil, uch oydan olti oygacha bo‘lgan churra esa surunkali sanaladi. Bundan tashqari, hajmiga ham e’tibor qaratiladi. Agar u 9 millimetrdan kichik bo‘lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.

— Disk churrasining oldini olish uchun nima qilish lozim?

— Eng avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish kerak. Ayniqsa, yurganda bosh va belni tik tutish, piyoda ko‘p yurish, sport bilan shug‘ullanish zarur.

Qolaversa, bilamizki, bugungi kunda aksariyat odamlar kompyuter qarshisida o‘tirib ishlagani sababli ularda ayni shu kasallik ko‘p uchraydi. Shunday ekan ularga tavsiyamiz, kompyuter oldida stul suyanchig‘iga suyanib o‘tiring. Oyog‘ingiz esa yerga tegib tursin.

Bundan tashqari, suzish, uqalash muolajalari, ortopedik matrasda uxlash va chekishni tashlash ham kasallikning oldini olishda muhim sanaladi.

Mavzuga oid