Jamiyat | 10:45 / 05.04.2023
9012
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: O‘zbekistonda ilk bor bir yarim yoshli bolaning umurtqa pog‘onasida murakkab operatsiya o‘tkazildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bajarilgan noyob operatsiyalar soni yana bittaga ko‘paydi. SSV matbuot xizmati xabar berishicha, bu yerda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti shifokorlari bilan hamkorlikda mamlakatda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

«Jajji bemor Muhammadusmon Ibragimov 2021 yilda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. Dunyoga kelganida umurtqa pog‘onasida tug‘ma anomaliya borligi aniqlangan. Ya’ni umurtqa pog‘onasi ko‘krak-bel qismi sohasida qiyshiqlik, chap tomonda ko‘krak qafasining bo‘rtib chiqib qolishi kuzatilgan.

Vaqtinchalik muolajalardan so‘ng ota-onasi Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qildi.

Kerakli laborator va instrumental tekshiruvlardan so‘ng Muhammadusmonga «Umurtqa pog‘onasi tug‘ma rivojlanish anomaliyasi, umurtqa pog‘onasi ko‘krak-bel qismi tug‘ma skoliozi, ko‘krak va bel qismi shakllanishi buzilishi. Chap tomonlama VThX yarim umurtqasi» tashxisi qo‘yildi. 

Muassasada VTh 12 yarim umurtqani olish, skoliotik deformatsiyasini korreksiyalash va endokorrektor bilan stabilizatsiya qilish operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir bemorning ahvoli qoniqarli», deyiladi vazirlik xabarida.

Markaz rahbari Murod Irismetovning ta’kidlashicha, avvallari bunday jarrohlik muolajalarini bajarish uchun bemorning balog‘at yoshiga yetishi kutilgan. Oqibatda o‘tgan davrda butun umurtqa pog‘onasida og‘ir skoliotik deformatsiya yuzaga kelib, yakunda juda katta jarrohlik amaliyoti o‘kazilishiga to‘g‘ri kelgan.  Bundan tashqari, bemorning ko‘krak qafasi organlarida ikkilamchi o‘zgarishlar paydo bo‘lgan. Bu esa ko‘pincha bemorning umrbod nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan.

«Endi mazkur murakkab amaliyotning erta yoshda o‘tkazilishi yuqoridagi kabi asoratlar va tug‘ma nogironlikning oldi olinishiga xizmat qiladi», deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid