O‘zbekiston | 15:49 / 18.04.2022
7293
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro davlat universiteti o‘quvchilarga kasb tanlash imkoniyatini taqdim qildi

Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni”da viloyatning turli hududlaridan 44 ta umumta’lim maktabi, akademik litsey hamda texnikumlardan 2000 nafardan ortiq bitiruvchi va ota-onalar qatnashdi.

Foto: BuxDU matbuot xizmati

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatini takomillashtirish, o‘quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, universitet va maktablar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da Buxoro davlat universiteti faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Foto: BuxDU matbuot xizmati

Talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar, o‘quv zali, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, sport seksiyalari, fan va badiiy havaskorlik to‘garaklari, maishiy xizmat xonalari, “Zakovat” o‘yinlari o‘tkazish uchun ajratilgan xonalar, “Besh muhim tashabbus” yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati, kutubxona hamda talabalarga psixologik yordam berish xizmati faoliyati bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng Buxoro davlat universitetidagi har bir fakultet dekani o‘z fakulteti faoliyati, salohiyati yuzasidan taqdimot qildi. San’atshunoslik fakulteti talabalari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

“Jurnalist bo‘lishni orzu qilaman. Bugungi uchrashuvda jurnalistika yo‘nalishi haqida juda ko‘p foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bildimki, bu soha BuxDUda yangi ochilgan ekan, mas’uliyatli, shuning barobarida faxrli kasblardan biri bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati Buxoroda borligi quvontirdi. Uchrashuvdan olgan taassurotlarim kelgusi rejalarimni tuzishimda muhim ahamiyatga ega”, deydi Buxoro shahridagi 39-IDUM o‘quvchisi Shahnoza.

Foto: BuxDU matbuot xizmati
Foto: BuxDU matbuot xizmati

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Buxoro davlat universitetida 30 ta bo‘lim va markaz, 12 ta fakultet, 37 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda. Universitetda 24336 nafar magistr-talaba tahsil oladi. Xorijiy hamkorlar bilan 13 ta qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda ularda 300 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Universitet huzurida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi 14 ta ixtisoslik bo‘yicha jami 8 ta kengash faoliyat ko‘rsatadi. 2021 yilda universitetda faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlardan 13 nafari fan doktori, 43 nafari falsafa doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2022 yilda jami 60 nafar ilmiy pedagog-xodimning doktorlik dissertatsiyalari himoyaci rejalashtirilgan.

Foto: BuxDU matbuot xizmati

BuxDU universiteti rektori Obidjon Hamidov boshchiligidagi mutasaddilar o‘quvchilarga universitetda yangi o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuliga oid yangiliklar haqida tushuncha berishdi. Aytish mumkinki, respublika miqyosida eng ko‘p talaba tahsil olayotgan Buxoro davlat universitetiga “Ochiq eshiklar kuni” munosabati bilan qilingan ekskursiya o‘quvchilarning kelajak rejalarini belgilashida muhim omil bo‘ladi.

BuxDU matbuot xizmati

Mavzuga oid