Jahon | 16:30 / 29.04.2022
33320
7 daqiqa o‘qiladi

Nyurnberg sudlari: Fashizm liderlarining tribunalga tortilishi

II jahon urushi tugaganidan keyin fashistlar Germaniyasining siyosiy va harbiy rahbarlari ustidan xalqaro sud boshlanadi. Bu tarixga «Nyurnberg sudlari» nomi bilan kirgan. Tribunalda jinoyatchilar boshi, asosiy natsist Adolf Hitler ishtirok etmaydi: u Berlin to‘liq egallanishidan ikki kun oldin, 1945 yil 30 aprelda o‘z joniga qasd qilgandi.

Foto: wikipedia.org

Germaniya 1939–1945 yillarda Yevropa bo‘ylab urush olib borib, Polsha, Chexoslovakiya, Fransiya, Daniya, Norvegiya, Yugoslaviya, Gretsiya va Sovet ittifoqiga bostirib kiradi. O‘sha yillari nemislar yevropalik yahudiy va yahudiy bo‘lmagan 6 million odamni o‘ldirib yuboradi. Bundan tashqari, Sovet ittifoqining o‘zidan 27 million odam halok bo‘ladi.

Fashistlarni jinoiy javobgarlikka tortish kelishuvi

O‘z hududida bosqinchilik harakatlari olib borilayotgan davlatlar fashist Germaniyasi rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilib chiqa boshlaydi.

1942 yil dekabrda Buyuk Britaniya, AQSh va Sovet ittifoqi rahbarlari Germaniyani jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi birinchi qo‘shma deklaratsiyani e’lon qilishdi. Ammo sudni qachon va qanday tashkillashtirish masalasida aniq to‘xtamga kelinmadi. Chunki bungacha urush jinoyatlariga qarshi xalqaro sud qilish tajribasi va uning aniq yo‘nalishi deyarli yo‘q edi.

Foto: wikipedia.org

Bundan oldin urush jinoyati uchun qo‘l bilan sanoqli sud jarayonlari bo‘lib o‘tgandi. Masalan, Amerikada fuqarolar urushi davrida konfederavi armiya ofitseri Henri Virz harbiy asirlarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lgani uchun qatl etilgan. Yana bir misol, 1919–1920 yillarda Turkiya 1915–1916 yillardagi arman genotsidi aybdorlarini javobgarlikka tortish uchun harbiy sud o‘tkazgandi. Biroq ularning ikkisida ham sud bir davlat qonunchiligi asosida amalga oshirilgan.

Nyurnberg sudi esa qonunlari bir-biridan farq qilgan Fransiya, Britaniya, AQSh va Sovet ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgandi.

Berlindagi sessiyada turli millatlar vakillari Nyurnberg sudlari uchun Germaniya hukumatiga qarshi o‘z ayblov xulosalarini o‘qib eshittirmoqda.

Jinoyatlar toifalari

Nihoyat 4 davlat ittifoqi 1945 yil 8 avgustda Londonda Nyurnberg xartiyasini imzolaydi. Unda jinoyatlar 3 toifaga ajratildi:

  • tinchlikka qarshi jinoyatlar (bosqinchilik urushlari yoki xalqaro shartnomalarni buzgan holda zo‘ravonlik urushlarini rejalashtirish, ularga tayyorlanish, boshlash yoki olib borish);
  • urush jinoyatlari (harbiy jinoyatlar ham deyiladi – urush qonun-qoidalarini buzish, harbiy asirlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish);
  • insoniyatga qarshi jinoyatlar (ommaviy qotillik, qullik yoki tinch aholini deportatsiya qilish, yoki siyosiy, diniy yo irqiy sabablarga ko‘ra quvg‘in qilish).

Nizomda Germaniya davlat amaldorlari bilan bir qatorda harbiy zobitlar ham urush jinoyatlarida ayblanishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Sovet fuqarolarining ommaviy qatl etilishi

Sudlarni o‘tkazish uchun Germaniyaning Bavariya shtatidagi Nyurnberg shahri tanlandi. Chunki u yerdagi Adliya saroyi urushdan nisbatan kam zarar ko‘rgan va katta qamoqxona hududini o‘z ichiga olgandi. Bundan tashqari, Nyurnberg har yili natsistlar targ‘ibot mitinglari o‘tkaziladigan joy bo‘lgan.

Urushdan keyingi sud jarayonlarini u yerda o‘tkazish Hitler hukumati – uchinchi reyxning ramziy yakunini anglatgan.

Nyurnbergdagi Adliya saroyi

Hukm

Katta jinoyatlar uchun Nyurnberg sudi 1945 yil 20 noyabrdan 1946 yil 1 oktyabrgacha davom etgan. Sud qilish tartib-qoidalarini tuzishda ittifoqchi 4ta davlat qonunchiligi bilan hisoblashilgan. Sudda prokuror va himoyachilar bo‘lgan, qarorlar va hukmlarni sudyalar kengashi chiqargan. Ayblanuvchilarga advokat tanlash huquqi berilgan.

Sudda 6ta fashist tashkilot jinoyatchi deb topiladi va 22 kishiga ayblov e’lon qilinadi. Eng mashhur natsistlar Adolf Hitler va uning 2 asosiy yordamchisi Heynrix Himmler va Jozef Gebbels sudda ishtirok etmaydi. Chunki ular urush yakunida o‘z joniga qasd qilishgandi.

Sovet delegatsiyasi a’zosining tribunalda so‘zga chiqishi

Ayblanuvchilar va sudyalar ingliz, fransuz, nemis va rus tillarida gaplashishardi. Shu sabab sud jarayonida tarjima tizimi joriy qilinib, xalqaro telefon stansiyalarida ishlaydigan ayol va erkak tarjimonlar yollanadi.

Ayblov tomoni jami 110 mingta nemis hujjatlarini o‘rganib chiqadi va 4600ta dalilni, 30 kilometrli kinolentalar va 25 ming dona fotosuratni sudga taqdim qilgan. Hammasi bo‘lib, sud majlislarida 1300 nafar guvoh tinglangan. 30 mingdan ortiq hujjat taqdim qilingan.

Sud stenogrammasi 132 855 varaqni tashkil qilgan. Hukmlarning umumiy hajmi 3 828 betga yetgan.

AQSh vakillari dalillarni o‘rganmoqda

Xalqaro tribunal ayblanuvchilarning 2 nafaridan tashqari barchasini aybdor deb topdi. Ularning 12 nafari o‘lim, qolganlari esa 10, 15, 20 yillik va umrbod qamoq jazolariga hukm qilinadi.

Navbatdagi 12ta sud

1945–1946 yillardagi katta suddan keyin Nyurnbergda 12ta qo‘shimcha sud bo‘lib o‘tadi va 1946 yil dekabridan 1949 yil apreligacha davom etadi. Endi aybdorlarni fashistlar taqdirini hal qilgan Xalqaro tribunal emas, AQSh harbiy tribunallari sud qiladi. Ittifoqchilar o‘rtasida paydo bo‘layotgan kelishmovchiliklar keyingi sudlarni birgalikda o‘tkazishga yo‘l bermagan.

Navbatdagi sud jarayonlarining biri shifokorlar sudi bo‘lib, 1946 yil 9 dekabrdan 1947 yil 20 avgustgacha davom etgan. Bunda 23 nafar ayblanuvchi insoniyatga qarshi jinoyatlarda, asirlar ustidan tibbiy tajribalar o‘tkazib kelishda ayblangan.

1947 yil 4 dekabrdan 5 martgacha sudyalar sudi o‘tkazilgan. Unda 16 advokat va sudya irqiy tozalash uchun Hitler rejasini dastaklashda ayblangan.

Keyingi sudlar esa qullar mehnatidan foydalangan va bosib olingan mamlakatlarni talon-taroj qilishda ayblangan nemis sanoatchilariga nisbatan ko‘rib chiqiladi. AQSh rahbarligidagi Nyurnberg sudlarida 12 nafar ayblanuvchi o‘limga, yana 8 nafari umrbod qamoq jazosiga va 77 kishi turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan.

Xalqaro harbiy tribunalni kuzatib borayotgan OAV vakillari

Nyurnberg sudi insoniyatga nima berdi?

Bu sud jarayonlari jinoyatchilar jazolanishini istaganlar orasida ham ziddiyatli masala edi. Masalan, o‘sha paytdagi AQSh Oliy sudining raisi Xarlan Stoun sud jarayonini «firibgarlik» deb ta’riflagan. Biroq ko‘pchilik kuzatuvchilar sud jarayonlarini xalqaro huquq o‘rnatilishi uchun oldinga tashlangan qadam deb hisobladi.

Nyurnberg sudidan to‘plangan tajriba keyinchalik Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Genotsid to‘g‘risida»gi konvensiyasi va Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi, «Urush tartib-qoidalari to‘g‘risida»gi Jyeneva konvensiyasi qabul qilinishiga olib keldi.

Bundan tashqari, Xalqaro harbiy tribunal 1946–48 yillarda Tokiodagi yapon harbiy jinoyatchilari, 1961 yil fashistlar yetakchisi Adolf Eytmen ustidan va 90-yillarda sobiq Yugoslaviya va Ruandada sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun tribunallar tashkil etishda foydali tajriba bo‘lgan.

Mavzuga oid